O'zbekiston

Parijdagi xalqaro muloqot: Islom sivilizatsiyasi markazi Yuneskoda Movarounnahr merosini taqdim etdi

Administrator2 soat oldin14 ko'rishlar
Parijdagi xalqaro muloqot: Islom sivilizatsiyasi markazi Yuneskoda Movarounnahr merosini taqdim etdi

YUNЕSKOning Parijdagi Bosh qarorgohida «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusida bo‘lib o‘tgan anjuman Markaziy Osiyo allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkirlar merosini dunyoning yetakchi xalqaro maydonlarida taqdim etish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslarining amaliy ijrosidir. Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakatimizning YUNЕSKOdagi Doimiy vakolatxonasi, TIV, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), WOSCU va bir qator nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Hongker M. Talxa hamda YUNЕSKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nosir bin Hamad al-Hinzob O‘zbekistonning bag‘rikenglik va madaniy muloqotni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Hongker M. Talxa o‘z so‘zida o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhi YUNЕSKO faoliyatining asosini tashkil etishini hamda BMTda ilgari surilgan xalqaro tashabbusning davomi bo‘lgan ushbu muhim tadbir uchun O‘zbekiston Hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, ISESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farhan Nizomiy, IRCICA bosh direktori professor Mahmud Erol Qilich va boshqa xorijiy ekspertlar Markaz faoliyati jahon madaniy va ma’rifiy muloqotiga katta hissa qo‘shishini ta’kidladilar.

Anjumanning markaziy voqeasi sifatida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Markaz ekspozitsiyasi 3000 yildan ziyod tarixiy jarayonlarni — qadimgi madaniyatlardan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans orqali Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Tadbir davomida noyob qadimiy qo‘lyozmalarni asrash, tarixiy artefaktlarni saqlash, ekspozitsiyalarda sun’iy intellekt va raqamlashtirish yechimlaridan foydalanish hamda xorijiy tadqiqot markazlari va muzeylar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyaning ilmiy dasturi uchta tematik sessiyaga bo‘linib, unda Markaziy Osiyoning intellektual merosi va akademik almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir YUNЕSKO Bosh qarorgohidagi tantanali qabul marosimi bilan yakunlandi. Anjumanda YUNЕSKO Bosh direktori Xolid al-Ananiy shaxsan ishtirok etib, o‘tkazilgan tadbirning global miqyosdagi yuqori maqomi va ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Parijdagi xalqaro muloqot: Islom sivilizatsiyasi markazi Yuneskoda Movarounnahr merosini taqdim etdi | Effect.uz