O'zbekiston

O‘zbekistonda ko‘rshapalakning noyob turi aniqlandi

Administrator1 soat oldin13 ko'rishlar
O‘zbekistonda ko‘rshapalakning noyob turi aniqlandi

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida O‘zbekiston hududida ilk bor turkman uzunqulog‘i — Markaziy Osiyoda uchraydigan noyob va kam o‘rganilgan ko‘rshapalak turi aniqlandi. Ushbu topilma 2026-yil sentabr oyida Ustyurt platosining janubiy qismida, Turkmaniston bilan chegaradosh hududda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspeditsiyasi davomida qayd etildi.

Tadqiqotlar Xalqaro IKI loyihasi — “Tabiatni muhofaza qilish borasida yagona salomatlik: Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimlarini mustahkamlash orqali landshaftlarning zoonoz kasalliklar paydo boʻlishiga nisbatan barqarorligini oshirish” doirasida olib borildi. Loyiha Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Turkman uzunqulog‘i tarqalishi va hayot tarzi haqidagi ma’lumotlar uzoq vaqt davomida juda cheklangan noyob qo‘lqanotlilar turidir. 1988-yilda zoolog Pyotr Petrovich Strelkov uni kulrang uzunquloqning (Plecotus austriacus) kenja turi sifatida tavsiflagan. 2006-yilda esa Friderik Shpitzenberger va uning hammualliflari morfologik hamda genetik tadqiqotlar asosida turkman uzunqulog‘ini mustaqil tur sifatida e’tirof etgan.

So‘nggi tadqiqotlargacha ushbu turning tabiatda qayd etilgani haqidagi eng so‘nggi ma’lumot 1970-yilga tegishli edi. Keyingi 55 yil davomida u bilan yangi "uchrashuvlar" qayd etilmagan va tur haqidagi ma’lumotlar, asosan, muzey namunalariga asoslangan.

2025-yil kuzida Berlin tabiatshunoslik muzeyi rahbarligidagi Germaniya, O‘zbekiston va Turkmaniston olimlaridan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida turkman uzunqulog‘ini aniqladi. O‘shanda ilk bor tirik vakillarining fotosuratlari va videoyozuvlarini olish, shuningdek, ularning tovush signallarini qayd etish imkoniyati yaratildi. Ko‘rshapalaklardan biri O‘zbekiston bilan chegaraga yaqin hududda topilgan edi.

Turkman uzunqulog‘ining Ustyurtda aniqlanishi ushbu turning O‘zbekiston faunasida mavjudligini tasdiqlovchi ilk dalil bo‘lib, mamlakat bioxilma-xilligini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur topilma Markaziy Osiyodagi noyob qo‘lqanotlilar tarqalishi haqidagi ma’lumotlarni kengaytirish bilan birga, respublikaning kam o‘rganilgan tabiiy hududlarida ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish muhimligini ham ko‘rsatadi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

O‘zbekistonda ko‘rshapalakning noyob turi aniqlandi | Effect.uz