⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

“O‘zbekistonda haqiqiy Uyg‘onish ruhi namoyon bo‘lmoqda” — Makka bosh imomi

Administrator56 daq oldin6 ko'rishlar
“O‘zbekistonda haqiqiy Uyg‘onish ruhi namoyon bo‘lmoqda” — Makka bosh imomi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” doirasida Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi Bosh imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd ma’ruza qildi.

Nutqi avvalida u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish, xalqaro forumni tashkil qilish, islomiy va madaniy merosni asrash hamda ilm-ma’rifatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

«Bu yerda ko‘rganlarim va eshitganlarim menda katta mamnuniyat uyg‘otdi. O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar bugungi kunda haqiqiy Uyg‘onish ruhini namoyon etmoqda», — dedi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi bo‘lib, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat rivojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Makka bosh imomi o‘z ma’ruzasida islom sivilizatsiyasi faqat tarixiy obidalar yoki qadimiy qo‘lyozmalar bilan emas, balki ilmni imon bilan, huquqni axloq bilan, erkinlikni mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirgan hayot tarzi sifatida namoyon bo‘lishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islom sivilizatsiyasi tavhid asosida shakllangan bo‘lib, inson qadri, adolat, tenglik va mas’uliyat kabi umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etadi. Bu sivilizatsiya irq, millat yoki madaniyat ustunligiga emas, balki barcha insonlarning tengligi va o‘zaro hurmatiga tayanadi.

Ma’ruza davomida islom sivilizatsiyasi rivojida mufassirlar, muhaddislar, faqihlar, muhandislar, falakshunoslar, tilshunoslar va tarixchilarning xizmatlari alohida e’tirof etildi. Ular ilmni rivojlantirish, adolatni qaror toptirish va inson manfaatiga xizmat qilishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi deb bilganlari qayd etildi.

Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd islom sivilizatsiyasining asosiy tamoyillari sifatida adolat, bag‘rikenglik va inson huquqlariga hurmatni tilga oldi. Uning ta’kidlashicha, Islom turli din va madaniyat vakillarining tinch-totuv yashashi uchun adolatli muhit yaratgan hamda insonparvarlik g‘oyalarini ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirgan.

Ma’ruzada Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari kechirimlilik, rahm-shafqat, adolat va omonatdorlikning eng yuksak namunasi ekani alohida qayd etildi.

Makka bosh imomi bugungi kunda ilm-fan va texnologiya jadal rivojlanayotgan sharoitda musulmon jamiyatlari mo‘tadillik, hikmat va dalilga asoslangan yondashuvga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, islom sivilizatsiyasi foydali taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlaydi, inson manfaatiga xizmat qiladigan ilm va innovatsiyalarni qabul qiladi.

Nutq so‘ngida Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd yosh avlodni mustahkam e’tiqodli, yuksak axloqli va zamonaviy bilimlarga ega insonlar etib tarbiyalash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u sivilizatsiyaning haqiqiy taraqqiyoti ilmli inson, adolatli rahbar, omonatdor tadbirkor, fidoyi muallim va halol mehnat bilan ta’minlanishini qayd etib, forum ishtirokchilari va O‘zbekiston xalqiga tinchlik, baraka va ezgu ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

“O‘zbekistonda haqiqiy Uyg‘onish ruhi namoyon bo‘lmoqda” — Makka bosh imomi | Effect.uz