Rejissyor Pol Tomas Andersonning “Jang ortidan jang” filmi 14 ta nominatsiyada taqdim etildi va ulardan 6 tasida gʻolib boʻldi.
Jumladan, ushbu kartina “Eng yaxshi film” deb topildi. Anderson, shuningdek, eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy va eng yaxshi rejissyor yoʻnalishlarida ham mukofotga sazovor boʻldi.
Rejissyor Rayan Kuglerning xorror-trilleri “Gunohkorlar” 16 nominatsiyadan 4 tasi “Oskar” ni qoʻlga kiritdi.
Ular orasida eng yaxshi erkak roli uchun mukofotni filmda egizak aka-ukalar rolini ijro etgan Maykl B. Jordan qoʻlga kiritdi. Shuningdek, film original ssenariy, original musiqa va operatorlik ishi yoʻnalishlarida ham gʻolib boʻldi.
“Gamnet” filmidagi roli uchun irlandiyalik aktrisa va xonanda Jessi Bakli eng yaxshi ayol roli mukofotini qoʻlga kiritdi.
Ikkinchi plandagi eng yaxshi ayol roli yoʻnalishida Emi Medigan (“Qurollar”) gʻolib boʻldi. Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli uchun mukofot esa Shon Pennga “Jang ortidan jang”) nasib etdi.
Rejissyor Gilyermo del Toroning “Frankenshteyn” filmi eng yaxshi grim, kostyumlar va badiiy bezak uchun uchta mukofotga loyiq topildi.
“Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasida “K-pop jin ovchilari” gʻolib boʻlib, “Hayvonlar shahri-2” filmini ortda qoldirdi.
“Eng yaxshi hujjatli film” yoʻnalishida esa Devid Borenstayn va Pavel Talankinning “Janob Hechkim Putinga qarshi” kartinasi gʻolib deb topildi.

