Madaniyat

Jarqo'tonda bronza davriga oid bolaning qabri topildi

Administrator2 soat oldin21 ko'rishlar
Jarqo'tonda bronza davriga oid bolaning qabri topildi

"2026-yil sentyabr oyida boshlangan qazishmalar bronza davri aholisining turmush tarzi, qurilish va dafn an’analarini o‘rganishga qaratilgan.

Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi K. A. Rahimov rahbarlik qilayotgan ekspeditsiyada Termiz davlat universiteti talabalari va universitet doktoranti J. Turdiyev, shuningdek, Italiyaning Salento universiteti magistranti Francheska Kondjedo ishtirok etmoqda.

Dastlabki qazishmalar Jarqo‘ton yodgorligining 4-sonli tepaligida, ibodatxonaning shimoliy qismida hamda 3-sonli qabristonning g‘arbiy hududida olib borilmoqda.

4-sonli tepalikda qadimgi turar joy xonalarining devor qoldiqlari, xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan otashgoh aniqlandi. Ushbu topilmalar qadimgi qurilish an’analari va turar joylarning tuzilishini o‘rganish uchun muhim ma’lumotlar beradi. Xona ichida otashgohning topilishi Jarqo‘ton bosqichida ayrim oilalarning turar joylarida sig‘inish marosimlari uchun alohida xonalar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

3-sonli qabristonning g‘arbiy qismidagi qabrlardan biridan to‘rtta butun sopol idish topildi. Ularning shakli va tayyorlash xususiyatlarini o‘rganish qabrning davrini aniqlash hamda aholining dafn an’analariga oid ma’lumotlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan shurflash ishlari davomida yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etildi. Bu topilmalar tadqiq etilgan maydon ham yodgorlikning tarkibiy qismi bo‘lganligidan dalolat beradi.

Tadqiqotlarning dastlabki natijalari Jarqo‘tonning hududiy tuzilishi, qadimgi aholining turmush tarzi, e’tiqodiy qarashlari va dafn marosimlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini bermoqda. Aniqlangan topilmalarni qiyosiy tahlil qilish va qazishma ishlari davom ettirilmoqda", - deyiladi Samarqand arxeologiya intituti xabarida.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Jarqo'tonda bronza davriga oid bolaning qabri topildi | Effect.uz