Xatirçi tumanidagi Çinor qişloği atrofidan toş davriga oid qadimiy manzilgohlar, ğor makonlari va qoyatoş suratlari topildi. Tadqiqotçilar topilmalarni mezolit va neolit davrlariga xos deb baholamoqda.
Şarof Raşidov nomidagi Samarqand davlat universiteti hamda Ya. Ğulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamkorligida taşkil etilgan ilmiy ekspeditsiya Navoiy viloyati Xatirçi tumanida arxeologik qidiruv işlarini olib bordi.
Tadqiqotlar Nurota toğ tizmasi etaklaridagi Angidon mahallasiga qaraşli qişloqlarda ötkazildi. Dala işlarida ekspeditsiya aʼzolari Odil Ergaşev, Alişer Rabjabov va Abdulla Baxronov iştirok etdi. Ularga Navoiy davlat universiteti öqituvçisi Laziz Pardayev ham kömaklaşdi.

Qidiruvlar davomida hududdan toş davriga oid oçiq turdagi manzilgohlar va ğor makonlari aniqlandi. Toğ yonbağirlaridagi terrasalar yaqinida joylaşgan buloqlar atrofidan arxeologik buyumlar yiğib olindi. Şuningdek, Çinor qişloği atrofida qoyatoş suratlari topildi. Kelgusida örganiş uçun istiqbolli buloqlar va mozor-qörğonlar ham xaritaga tuşirildi.
Topilgan toş buyumlar asosan qumtoş va jigarrang kremniy xomaşyosidan tayyorlangan. Ular orasida toş piçoqlar, retuşlangan uçirindilar va plastinalar, mikroplastinkalar, tiğlar hamda qirgiçlar bor.
Artefaktlarning işlaniş texnikasi va saqlaniş xususiyatlariga köra, ular Golotsen davrining boşlanğiç bosqiçlariga oid bölişi taxmin qilinmoqda. Umuman, topilmalar mezolit va neolit davrlariga xos moddiy madaniyat namunalarini aks ettiradi.

Aniqlangan yodgorliklar maşhur Uçtut, Ijont va Vauş toşga işlov beriş ustaxonalaridan taxminan 25–30 kilometr masofada joylaşgan. Şu bois Çinor qişloği atrofidagi qadimiy manzilgohlarda işlatilgan xomaşyo mazkur ustaxonalardan keltirilgan bölişi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Tadqiqotlarning ahamiyatli jihati şundaki, Xatirçi tumani hududida toş davriga oid arxeologik yodgorliklar ilk bor qayd etildi. Bu topilmalar hududning qadimgi tarixini qariyb 10 ming yil va undan ham uzoq davrlarga olib borib taqaş imkonini bermoqda.
Mutaxassislar kelgusida qidiruv va ilmiy tadqiqotlarni davom ettirib, aniqlangan yodgorliklarning madaniy va davriy xususiyatlarini çuqur örganişni rejalaştirgan.




