Madaniyat

O‘zbekistonning “Darg‘om” va “Shohrud” kanallari Jahon irrigatsiya merosi reyestriga kiritildi

Administrator3 soat oldin19 ko'rishlar
O‘zbekistonning “Darg‘om” va “Shohrud” kanallari Jahon irrigatsiya merosi reyestriga kiritildi

O‘zbekistonning Darg‘om va Shohrud kanallari 2026-yilda jahon irrigatsiya merosi obyektlari sifatida e’tirof etilib, Irrigatsiya va drenaj bo‘yicha xalqaro komissiya (MKID) reyestridan joy oldi.

Ushbu maqom muhandislik, xo‘jalik va madaniy jihatdan alohida ahamiyatga ega tarixiy irrigatsiya hamda drenaj inshootlariga beriladi. “Darg‘om” va “Shohrud” bugun ham suv xo‘jaligi tizimining amaldagi inshootlari hisoblanadi.

Fransiyaning Marsel shahrida 12–17-oktyabr kunlari MKIDning 26-xalqaro kongressi va Xalqaro ijroiya kengashining 77-yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Unda 50 ga yaqin mamlakatdan suv xo‘jaligi idoralari va milliy irrigatsiya qo‘mitalari vakillari, xalqaro tashkilotlar, olimlar, muhandislar hamda soha ekspertlar ishtirok etmoqda. Tadbirlarda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligining barqarorligini ta’minlash va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.

14-oktyabr kuni MKID prezidenti Marko Archiyeri va bosh kotibi Rakesh Gupta Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Erkin Fayzillayev hamda Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rajabovlarga kanallar uchun sertifikatlar va esdalik lavhalarini tantanali ravishda topshirdi.

“Darg‘om” kanali

“Darg‘om” Markaziy Osiyodagi eng qadimiy, hozirgacha ishlab turgan sug‘orish tizimlaridan biri hisoblanadi. Uning qurilishi miloddan avvalgi V–IV asrlarga mansub ekani qayd etilgan. Kanal ikki ming yildan ortiq vaqt davomida Samarqand vohasini suv bilan ta’minlab kelmoqda.

Uzunligi qariyb 102 kilometr bo‘lgan kanal Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi taxminan 178 ming gektar maydonga xizmat qiladi. Tizim tarkibida 146 ta gidrotexnika inshooti va 12 ta gidropost mavjud. Darg‘om tarixiy yo‘nalishi hamda suvni o‘z oqimi bilan yetkazib berish xususiyatini saqlab qolgan.

“Shohrud” kanali

“Shohrud” taxminan milodiy III–IV asrlarda qazilgan deb hisoblanadi. Kanal Buxoro vohasi va shaharning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan.

Asrlar davomida “Shohrud”dan ekinzorlar, bog‘lar, tokzorlar, hunarmandchilik va turar joy mahallalari, shuningdek, shahar hovuzlariga suv yetkazilgan. Kanal tarixi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazi bilan bog‘liq.

Bundan avval 2025-yilda O‘zbekistonning “Do‘stlik” va “Eski Tuyatortar” kanallari jahon irrigatsiya merosi sifatida e’tirof etilgan edi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

O‘zbekistonning “Darg‘om” va “Shohrud” kanallari Jahon irrigatsiya merosi reyestriga kiritildi | Effect.uz