Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish doirasida tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi, Al-Furqon jamg‘armasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari va yetakchi fransuz olimlari ishtirok etdi.
Anjumanda Amir Temur davridagi davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik va san’at rivoji, shuningdek, Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI bilan tarixiy diplomatik yozishmalari XIV–XV asrlardayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida muhim muloqot mavjud bo‘lganidan dalolat berishi alohida qayd etildi. Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Amir Temur merosi faqat bir xalq yoki bir davlat tarixiga daxldor emas, balki uning davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik va madaniyat sohasida qoldirgan merosi jahon sivilizatsiyasining muhim qismi ekanini ta’kidladi.
Konferensiya davomida fransuz tadqiqotchilari Temuriylar davri madaniyati va adabiy merosiga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan chiqish qilishdi. Navoiyshunos professor Shara Risoli Alisher Navoiyning Temuriylar saroyidagi o‘rni, homiylik faoliyati va uning shaxsiyatini beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tahlil qilib berdi. Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan Temuriylar sulolasi tarixiy ahamiyatini Parijda keng targ‘ib qilish va do‘stona ilmiy muhitni mustahkamlash zarurligini aytib o‘tdi. Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert F. Blum esa O‘zbekistonning boy tarixini dunyoga tanitishning ahamiyatiga to‘xtalib, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda katta taassurot qoldirganini hamda bu kabi taqdimotlarni Jenevada ham o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Konferensiyada Fransiyada 30 yil davomida muntazam nashr etib kelingan «Temuriylar» jurnalining barcha sonlarini jamlab, Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan alohida to‘plam sifatida nashr etish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi. Shuningdek, tomonlar Temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlarini birgalikda tadqiq etish, yangi qo‘shma kitoblar, kataloglar va ko‘rgazmalar tayyorlash hamda fransiyalik sharqshunoslar, muarrixlar va muzey mutaxassislari bilan ilmiy almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
Anjuman yakunida O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va Sohibqiron merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni izchil davom ettirishga qaror qilindi.




