"Royal Gaz Servis" MCHJga qarashli suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi (AGQSH) 2005 yilda rasman ish boshlagan bo‘lib, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan 1996 yilgi Shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNK) talablariga to‘liq javob bergan.
Biroq 2008 yilda sohaga oid normalar yangilanib, xavfsizlik masofalari uzaytirildi. Eng qizig‘i, yangi tahrirdagi SHNKning 1-bandida ushbu qoidalar yangi tahrir kuchga kirgunga qadar qurilgan binolarga tatbiq etilmasligi va ular avvalgi normalar asosida faoliyatini davom ettirishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramay, Buxoro viloyatidagi sud jarayonlarida sudyalar negadir ushbu muhim huquqiy bandga va "qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas" degan fundamental tamoyilga e’tibor qaratmayapti.
Mahalliy hokimiyat va kadastr idoralari shoxobchaning xavfsizlik hududi ichida ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat berib, amaldagi normalarni buzgan bo‘lsa-da, bugun "O‘zneftgazinspeksiya" aynan tadbirkorning litsenziyasini to‘xtatish bo‘yicha da’vo kiritgan.
Vaziyatning paradoksal tomoni shundaki, Respublika ishchi guruhi shoxobchaning texnik holatida hech qanday kamchilik topmagan. Biroq sud tadbirkorga 21 kun ichida "masofa bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish" majburiyatini yuklagan. Tadbirkorning atrofdagi, davlat idoralari ruxsati bilan noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylarni buzish vakolatiga ega emasligi esa mazkur talabning mantiqsizligini ko‘rsatadi.
Agar davlat idoralarining yer ajratishdagi xatosi va 2008 yilgi SHNK talablarining noto‘g‘ri talqin qilinishi ortidan 30 kishini ish bilan ta’minlayotgan tadbirkor jabr ko‘rishi kerak bo‘lsa, konstitutsiyaviy himoya qayerda qoladi? Ushbu voqea O‘zbekistonda tadbirkorlik huquqlarining amaldagi ijrosi qay darajada ekanini sinovdan o‘tkazadigan muhim huquqiy pretsedentga aylanmoqda.
Tahririyat voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.



