I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida so‘zga chiqqan Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O‘zbekiston asrlar davomida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ma’rifat va yuksak axloqiy qadriyatlarini shakllantirgan eng muhim markazlardan biri bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, forumning musulmon merosining porloq sahifalari mujassam bo‘lgan zaminda o‘tkazilayotgani alohida ramziy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston nafaqat boy tarixiy merosga, balki bugungi kunda ham ushbu merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari bilan xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozonmoqda.
Muhammad bin Abdulkarim al-Issa Samarqandni Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi va islom me’morchiligi taraqqiyotining muhim markazlaridan biri, Buxoroni esa asrlar davomida musulmon olamining eng yirik ilm maskanlaridan biri sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, u bu zamin buyuk muhaddis Imom Buxoriy, shuningdek, ko‘plab allomalar yetishib chiqqan muqaddas diyor ekanini alohida qayd etdi.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, islom sivilizatsiyasi ilm-ma’rifat va yuksak axloqiy qadriyatlar asosida barpo etilgan bo‘lib, u insoniyatga nafaqat muhtasham me’moriy obidalar, balki boy ilmiy, huquqiy va ma’naviy merosni ham taqdim etgan. Shu bois bu sivilizatsiyaning haqiqiy mohiyatini anglash va uning ilmiy merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish bugungi kunda ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Nutq davomida u O‘zbekiston haqidagi eng ta’sirli fikrlaridan birini bildirib: «Biz yaxshi bilamiz va bundan mamnunmizki, O‘zbekiston xaritadagi oddiy davlat emas. U islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biridir», deya ta’kidladi.
Muhammad bin Abdulkarim al-Issa mamlakatimizda islomiy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuksak baho berdi. Xususan, Toshkent shahridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi musulmon olamining eng yirik ilmiy-ma’rifiy maskanlari sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, Markazda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon olami uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Nutqi yakunida Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi forum ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik va o‘zaro hamjihatlik g‘oyalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga, unda qabul qilinadigan tashabbuslar esa islom sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini butun dunyoga keng targ‘ib etishiga ishonch bildirdi.



