⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Deklaratsiyasi qabul qilindi: global hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi

Administrator1 soat oldin5 ko'rishlar
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Deklaratsiyasi qabul qilindi: global hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini muhim xalqaro ahamiyatga ega Deklaratsiyaning qabul qilinishi bilan yakunladi. Forum ishtirokchilari mazkur hujjat orqali islom sivilizatsiyasining boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrash hamda keng targ‘ib etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi.

Deklaratsiyada 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini tiklash, ilmiy o‘rganish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan tarixiy tashabbus alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi hamda I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergani qayd etildi.

Forum ishtirokchilari tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniyatlararo va dinlararo muloqot tamoyillariga sodiqligini bildirib, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, ta’lim, san’at, me’morchilik va ma’naviy tafakkur rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yana bir bor e’tirof etdi. Shu bilan birga, jaholat, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiya hamda islom merosi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshi ilmiy-ma’rifiy yondashuvni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Deklaratsiyaning asosiy qismi sifatida islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirishga qaratilgan o‘nta global tashabbus ilgari surildi. Ular orasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida Jahon Islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish, Islom sivilizatsiyasi merosining Jahon raqamli reyestrini yaratish, “Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat boyligi” xalqaro dasturini amalga oshirish, Xalqaro Islom sivilizatsiyasi mukofotini ta’sis etish, Islom sivilizatsiyasini tadqiq etish xalqaro jamg‘armasini tashkil qilish hamda Islom sivilizatsiyasining global raqamli kutubxonasini yaratish kabi tashabbuslar o‘rin oldi.

Shuningdek, Islom sivilizatsiyasining xalqaro ensiklopediyasini tayyorlash, meros obyektlarining holati bo‘yicha har yillik xalqaro ma’ruza tizimini yo‘lga qo‘yish, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro yoshlar forumini tashkil etish hamda Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqini tuzish takliflari ham Deklaratsiyada o‘z aksini topdi.

Hujjatga muvofiq, forum doirasida saylangan Forumning Xalqaro kengashi doimiy faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyatini davom ettiradi. Kengash zimmasiga forum davomida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni umumlashtirish, ular asosida 2030-yilgacha bo‘lgan Qo‘shma harakatlarning xalqaro yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish mexanizmlarini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Forum ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va jamoat tashkilotlarini mazkur tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdi. Ta’kidlanganidek, Deklaratsiya islom sivilizatsiyasining boy merosini insoniyatning umumiy madaniy va intellektual boyligi sifatida asrash, ilmiy o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladigan muhim xalqaro dasturiy hujjat hisoblanadi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Deklaratsiyasi qabul qilindi: global hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi | Effect.uz