O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi xalqaro jamoatchilik e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Xususan, Euronews nashri forumni islom sivilizatsiyasining intellektual merosini asrash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan muhim global tashabbus sifatida e’tirof etdi.
Besh kun davom etadigan forum Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilmoqda. Unda 50 dan ortiq davlatdan 450 nafardan ziyod olimlar, din arboblari, diplomatlar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Forum doirasida ilm-fan, ta’lim, madaniy almashinuv, qo‘lyozmalarni muhofaza qilish, raqamlashtirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan keng qamrovli muhokamalar tashkil etilgan.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatiga ham alohida o‘rin berilgan. Unda bugungi kunda ilm-fan, ta’lim va madaniyat tinchlik, o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotning asosiy poydevori ekani ta’kidlangan.
Euronews nashri forumning asosiy g‘oyasi islomni ekstremizm yoki zo‘ravonlik bilan bog‘lovchi noto‘g‘ri qarashlarga qarshi ilm va ma’rifat orqali javob berish ekanini qayd etadi. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborovning «Islomni zo‘ravonlik yoki ekstremizm bilan bog‘lash uning haqiqiy mohiyatiga mutlaqo ziddir», degan fikri keltirilgan.
Nashrda Markaziy Osiyo allomalarining jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga ham keng to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek va Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk olimlarning merosi bugungi zamonaviy ilm-fan, jumladan, sun’iy intellekt va astronomiya sohalarining taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlangan.
Forum ishtirokchilari qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, ilmiy merosni saqlash, universitetlar va tadqiqot markazlari o‘rtasida akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashmoqdalar. Forum doirasida 70 dan ortiq xalqaro tashabbusga start berilgani ham xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi qayd etilmoqda.
Euronews tahliliga ko‘ra, Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat islom sivilizatsiyasining boy intellektual merosini targ‘ib qilish, balki xalqlar o‘rtasida muloqot, o‘zaro anglashuv va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim xalqaro platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.




