Tasavvur qiling, siz doʻstlaringiz bilan togʻdasiz. Atrofni qalin qor qoplagan. Harorat noldan past. Tashqarida muzdek shamol esmoqda. Issiq kiyimda, chodir ichida uxlashga tayyorlanyapsiz. Biroq tunda nimadir sodir boʻladi. Siz va hamrohlaringiz shunchalik qattiq qoʻrqasizki, chodirdan chiqish uchun eshikni ochishga ham urinmaysiz. Matoni ichkaridan kesasiz va yarim yalangʻoch holda qorongʻi togʻ tomon yugurasiz-u qochasiz...
Oxirgi tun
Eng qoʻrqinchlisi — tashqarida sizlarni hech kim kutmayapti. Na boshpana, na yetarli kiyim va na xavfsiz yoʻl bor. 1959-yilda Ural togʻlarida xuddi shunday fojia yuz berdi. Toʻqqiz nafar tajribali sayyoh halok boʻldi. Qidiruvchilar ularning chodirini topishdi. Keyin esa qor ostida, daraxtlar orasida hamda togʻ yonbagʻrida jasadlar aniqlandi.
Ayrimlarining tanasida ogʻir jarohatlar bor edi. Boshqalar sovuqdan vafot etgan. Voqea joyidagi baʼzi tafsilotlar esa oʻnlab yillar davomida odamlarning tasavvurini band qildi. Xoʻsh, Ularni togʻda nima qoʻrqitdi? Nega ular issiq kiyimlarini ham olmasdan chodirdan chiqishdi?

Bu tabiiy ofatmidi, inson omilimi yoki biz hali ham tushunmagan boshqa bir tafsilotlar mavjudmi? Bugun biz Dyatlov dovoni sirini hujjatlar, sud-tibbiy maʼlumotlar va ilmiy tadqiqotlar asosida tekshiramiz. Va eng muhimi, haqiqiy dalillarni yillar davomida tarqalgan afsonalardan ajratishga harakat qilamiz.
TOGʻGA YOʻL OLGAN TOʻQQIZ KISHI
Hodisa 1959-yilning qishida, hozirgi Rossiya hududidagi shimoliy Ural togʻlarida sodir boʻlgan. Ekspeditsiyaga Igor Dyatlov boshchilik qilgan. U va uning hamrohlari togʻ sayohatlarida tajribaga ega yosh yigitlar edi. Ular qiyin qishki marshrutdan oʻtishni rejalashtirishgandi.
Guruhning maqsadi gʻayritabiiy hodisalarni izlash yoki maxfiy harbiy hududga kirish emas, balki qishki sayyohlik ekspeditsiyasini amalga oshirish boʻlgan. Sayohatchilar changʻida harakatlanishgan, ogʻir yuk koʻtarishgan va oʻzlariga kerakli asbob-uskunalarni olib yurishgan. Sayohat davomida guruh aʼzolari kundaliklar yuritgan, fotosuratlar olgan. Keyinchalik bu materiallar voqealar ketma-ketligini tiklashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Biroq ob-havo yomonlashib borardi. Shamol kuchaydi, harorat pasaydi, koʻrinish yomonlashdi. Guruhning soʻnggi qarorlaridan biri chodirni togʻ yonbagʻriga oʻrnatish boʻldi. Ilmiy tahlillarga koʻra, chodir oʻrnatish uchun qorli qiyalikning bir qismi kesilgan. Bu oddiy texnik qaror edi. Ammo bir necha oʻn yil oʻtgach, olimlar aynan shu harakat ehtimoliy fojia mexanizmini tushunishda muhim boʻlishi mumkinligini koʻrsatishdi.
1959-yil 1-fevraldan 2-fevralga oʻtar kechasi guruhning taqdiri hal boʻldi. Aniq daqiqalarda nima sodir boʻlgani toʻliq maʼlum emas. Shuning uchun biz voqeaning tasdiqlangan qismlarini taxminlardan ajratishimiz lozim. Chunki sirli hodisalar haqida gap ketganda, odamlar koʻpincha boʻshliqlarni oʻz tasavvuri bilan toʻldiradi. Ammo tarixni tiklash uchun tasavvurning oʻzi yetarli emas. Bizga aniq-tiniq dalillar kerak.
QIDIRUV VA QOʻRQINCHLI TOPILMA
Guruh belgilangan vaqtda qaytib kelmaganidan keyin xavotir kuchaydi. Qidiruv ishlari boshlandi. Qidiruvchilar oxir-oqibat togʻ yonbagʻrida qolib ketgan chodirni topishdi. U qor bilan qoplangan, ichida esa kiyimlar va sayohat buyumlari bor edi. Eng muhim tafsilotlardan biri — chodir matosida ichkaridan kesilgan joylar borligi haqidagi qaydlar boʻldi.

Bu nima degani? Kamida, guruhning ayrim aʼzolari chodirdan odatiy yoʻl bilan chiqmaganini koʻrsatadi. Lekin bu holatning oʻzi ular nima sababdan chiqib ketganini isbotlamaydi. Chodirdan daraxtlar tomon tushgan izlar aniqlangan. Qidiruvchilar guruh aʼzolari pastlikdagi oʻrmon tomon harakatlanganini tiklashga muvaffaq boʻlishdi. Bu yerda yana bir savol paydo boʻladi. Nega ular chodirdan chiqqach, togʻdan pastga tushishgan?
Ehtimol, ular chodir yonida qolish xavfli deb oʻylashgan. Balki ular boshqa boshpana yoki daraxtlar orasida shamoldan himoya topishni istashgandir. Bu mantiqan mumkin boʻlgan tushuntirish ammo har bir sayyohning aynan nimani oʻylaganini biz bilmaymiz. Qidiruv davomida guruh aʼzolarining jasadlari turli joylardan topildi. Ayrimlari daraxtlar yaqinida, boshqalari chodirga qaytish yoʻnalishida yoki qor bosgan jarlik hududida.
Ayrimlarining kiyimi yetarli emasdi. Sovuqda insonning xulq-atvori, jismoniy imkoniyati hamda qaror qabul qilish qobiliyati keskin oʻzgarishi mumkin. Shuning uchun bu manzarani faqat qoʻrquv bilan izohlash ham, har bir harakatni gʻalati sirga aylantirish ham toʻgʻri emas. Muhim jihat shundaki, qidiruvchilar chodirdan chiqish va oʻlim oʻrtasidagi voqealarning barcha bosqichlarini bevosita kuzatishmagan. Ular asosan keyin topilgan izlar, ashyolarga tayanib xulosa chiqarishgan.
Demak, bizda voqeaning ayrim qismlarini tasdiqlaydigan dalillar bor, ammo butun tunning toʻliq yozib olingan tasviri yoʻq. Mana shu farqni tushunish Dyatlov dovoni sirini oʻrganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

JAROHATLAR, KOʻZLAR VA TIL HAQIDAGI HIKOYALAR
Shu oʻrinda savol tugʻulishi tabiiy. Dyatlov dovoni voqeasi nega shunchalik mashhur boʻlib ketdi? Sabablardan biri — guruh aʼzolarining baʼzilarida ogʻir jarohatlar aniqlangani. Tibbiy maʼlumotlarda koʻkrak qafasi va bosh suyagidagi jiddiy shikastlanishlar qayd etilgan. Baʼzi jasadlarda yumshoq toʻqimalarning yoʻqolishi ham odamlarning eʼtiborini tortgan.
Internetda esa bu tafsilotlar koʻpincha yanada dahshatli shaklda hikoya qilinadi. Masalan, «ularni kimdir qiynab oʻldirgan», «ular gʻayritabiiy mavjudotga duch kelgan» yoki «maxfiy qurol sinovi qurboni boʻlishgan», degan taxminlar tarqalgan. Biroq jiddiy jarohatlarning oʻzi qotillikni isbotlamaydi. Qor bosgan jarlikka tushish, qattiq yuzaga urilish yoki katta qor massasining bosimi ham ogʻir jarohatlarga sabab boʻlishi mumkin. Qaysi mexanizm aynan shu voqeada ishlaganini esa alohida tekshirish kerak.
Koʻz va tilga oid mashhur hikoyalarga ham shu qoida tatbiq etiladi. Jasadlar topilgunga qadar ancha vaqt oʻtgan. Ular qor, namlik va tabiiy muhit taʼsirida boʻlgan. Bunday sharoitda yumshoq toʻqimalarning yoʻqolishi oʻz-oʻzidan inson aralashuvini anglatmaydi. Bu tushuntirish har bir tafsilotning aniq sababi isbotlangan, degani emas. Faqat bir belgidan turib qotillik yo gʻayritabiiy hodisa haqida xulosa chiqarib boʻlmasligini anglatadi.

Yana bir mashhur mavzu — ayrim kiyimlarda radioaktivlik izlari topilgani haqidagi xabarlar. Bu ham koʻplab nazariyalarga turtki bergan. Lekin radioaktivlik izi aniqlangani bilan, butun guruh maxfiy yadroviy sinov qurboni boʻlgani haqidagi daʼvo bir xil narsa emas. Buning uchun nurlanish darajasi, namuna qayerdan olingani, kiyimning tarixi hamda boshqa dalillar tekshirilishi lozim. Shuningdek, oʻsha kecha osmonda gʻalati yorugʻ sharlar koʻrilgani haqidagi xabarlar ham mavjud. Ammo bu kuzatuvlarning oʻzi chodirdan chiqishga aynan nima sabab boʻlganini isbotlamaydi.
Biz hozircha bir nechta haqiqiy, ammo toʻliq tushuntirilmagan tafsilotlarni koʻrib chiqdik. Endi asosiy savolga oʻtamiz: guruhni chodirdan chiqishga majbur qilgan narsa nima boʻlishi mumkin?
ENG MASHHUR NAZARIYALAR
Dyatlov dovoni haqida turli nazariyalar taklif qilingan. Ularning barchasi bir xil darajada ishonchli emas. Birinchi nazariya — odamlar hujumga uchragan. Bu fikr tarafdorlari guruhning kiyimsiz holda qochgani va baʼzi jarohatlarni taʼkidlashadi. Ammo hujum boʻlganini koʻrsatadigan ishonchli dalillar kerak. Jiddiy jarohatlar yoki chodirning kesilgani yakka holda bunday xulosaga yetarli boʻlmaydi.

Ikkinchi nazariya — maxfiy harbiy sinov. 1959-yil Sovet Ittifoqi davri edi. Shu sababli baʼzi odamlar hodisani qurol sinovlari va maxfiy operatsiyalar bilan bogʻlashga urinishgan. Biroq biror davrda maxfiy harbiy loyihalar mavjud boʻlgani, muayyan togʻdagi har bir tushunarsiz oʻlim ular bilan bogʻliq boʻlganini anglatmaydi. Bu nazariyani tasdiqlash uchun hodisa joyi, vaqt va guruhga bevosita bogʻlangan hujjatli dalillar zarur.
Uchinchi nazariya — gʻalati atmosfera hodisalari yoki infratovush odamlarda vahima paydo qilgan. Tabiatda inson hissiyoti va xulq-atvoriga taʼsir qiluvchi sharoitlar boʻlishi mumkin. Lekin aynan shu kechada muayyan fizik hodisa sodir boʻlgani va guruhni chodirdan chiqargani haqida ishonchli isbot yoʻq. Toʻrtinchi nazariya — guruh aʼzolari oʻrtasidagi kelishmovchilik. Insonlar oʻrtasidagi mojaro har qanday ekspeditsiyada ehtimoldan xoli emas. Ammo ehtimolning oʻzi dalil emas. Bu voqeadagi barcha harakatlarni shaxsiy janjal bilan tushuntirish uchun ham ishonchli asos talab qilinadi.
Va nihoyat, eng koʻp ilmiy eʼtibor qozongan nazariya — qor koʻchkisi. Ushbu nazariya dastlabki savollarning barchasiga avtomatik ravishda javob bermaydi. Masalan, nega ayrimlar chodirga qaytishga uringani, nima uchun guruh aʼzolari turli joylarda topilgani kabi tafsilotlarning har biri alohida tushuntirishni talab qiladi. Shuning uchun eng toʻgʻri yondashuv — bitta hikoyani yoqtirganimiz uchun unga ishonib olish emas, balki har bir nazariyani mavjud dalillarga taqqoslash. Endi ilmiy tadqiqot nimani koʻrsatganini koʻrib chiqamiz.

QOR KOʻCHKISI QANDAY SODIR BOʻLISHI MUMKIN?
2021-yilda Сommunications earth & environment ilmiy jurnalida Joan Gom va Aleksandr Puzrinning tadqiqoti chop etildi. Ular Dyatlov dovoni voqeasini tushuntirish uchun qor qatlamining kechikib sirpanib tushishi mumkinligini matematik modellar orqali tekshirishdi. Bu yerda oddiy, ammo muhim farq bor. Odamlar koʻpincha qor koʻchkisini faqat ulkan qor devori togʻdan pastga otilib tushishi sifatida tasavvur qiladi. Ammo kichikroq, zich qor qatlami ham maʼlum sharoitlarda sirpanishi mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, guruh chodir oʻrnatish uchun qiyalikda qorning bir qismini kesgan. Qor qatlamining ostida zaifroq qatlam boʻlgan boʻlishi mumkin. Keyin kuchli shamol togʻ yonbagʻridan qorni koʻchirib, chodir yuqorisidagi hududga toʻplagan. Vaqt oʻtishi bilan qorning ogʻirligi oshgan. Oxirida zaif qatlam muvozanatini yoʻqotib, qor boʻlagi pastga siljigan boʻlishi mumkin. Mualliflar modelda bunday kechikish taxminan 7,5–13,5 soat oraligʻida yuz berishi mumkinligini koʻrsatishgan. Bu — model hisob-kitobi, voqea vaqtining bevosita oʻlchangan qiymati emas.
Nega bu nazariya muhim? Chunki u avvalgi eʼtirozlardan biriga javob taklif qiladi: agar chodir togʻ qiyaligida turgan boʻlsa, nega qor darhol emas, bir necha soatdan keyin siljigan boʻlishi mumkin? Tadqiqotga koʻra, shamol orqali qorning asta-sekin toʻplanishi kechikib sodir boʻladigan sirpanishni tushuntirishi mumkin. Ikkinchi savol — nega qidiruvchilar katta qor koʻchkisining aniq izlarini topishmagan?

Mualliflar taklif qilgan ssenariyda qor qatlami nisbatan kichik boʻlishi va keyingi shamollar uning izlarini oʻzgartirishi mumkin edi. 2022-yildagi qoʻshimcha tadqiqotlar ham hududda kichik qor koʻchkilari sodir boʻlishi mumkinligini koʻrsatgan. Uchinchi savol — nega jarohatlar ogʻir boʻlgan? Olimlar modellashtirish orqali zich qor qatlami chodir ichidagi odamlarni bosib, ularni chodir tagidagi qattiqlashgan qor va changʻilar orasida qisib qoʻyishi mumkinligini koʻrsatishgan. Bu ayrim koʻkrak qafasi jarohatlarini tushuntirishga yordam berishi mumkin.
Ammo tadqiqot mualliflari ham barcha bahsli tafsilotlar yechilganini daʼvo qilishmaydi. Masalan, radioaktivlik izlari, ayrim odamlarning harakatlari va jasadlarning joylashuvi kabi masalalar ushbu model bilan toʻliq hal qilinmagan. Demak, ilmiy tadqiqotning natijasi "sir mutlaqo yechildi" degani emas. U qor koʻchkisi mexanizmi avval oʻylanganidan koʻra ishonarliroq boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Bu — tarixiy detektiv uchun juda muhim farq: bir nazariyani ilmiy jihatdan mumkin deb koʻrsatish bilan uning har bir tafsilotini isbotlash, albatta, bir xil emas.
HALI HAM OCHIQ QOLGAN SAVOLLAR
Shunday qilib, agar qor koʻchkisi nazariyasi koʻp narsani tushuntira olsa, nega Dyatlov dovoni hali ham sirli deb hisoblanadi? Birinchidan, voqea sodir boʻlgan paytda guruh aʼzolarining harakatlarini bevosita kuzatgan guvoh boʻlmagan. Biz asosan keyin topilgan izlar, kundaliklar, fotosuratlar va tibbiy maʼlumotlarga tayanamiz.

Ikkinchidan, tabiiy ofatlar ham har bir tafsilotni aniq tiklashga imkon bermaydi. Qor, shamol va vaqt dalillarni oʻzgartirishi mumkin. Uchinchidan, bir necha nazariya ayrim savollarga javob bersa-da, boshqa savollarni ochiq qoldiradi. Masalan, guruhning chodirdan chiqish paytidagi aniq qarorlari, har bir ishtirokchining harakat yoʻli hamda ayrim jarohatlarning bevosita mexanizmi haqidagi bahslar davom etadi.
Toʻrtinchidan, sirli voqealar haqidagi mashhur hikoyalar koʻpincha tekshirilgan dalillar bilan birga tasdiqlanmagan taxminlarni ham aralashtirib yuboradi. Shuning uchun bu hodisaga ikki xil koʻz bilan qarash kerak. Bir tomondan, togʻda toʻqqiz insonning hayotiga zomin boʻlgan fojia yuz bergan. Buning oʻziyoq jiddiy oʻrganishga arziydi. Ikkinchi tomondan, bizga har qanday narsani gʻayritabiiy kuchlar bilan tushuntirish shart emas. Baʼzan tabiatning oʻzi, ogʻir sharoit va inson imkoniyatlarining cheklanganligi ham fojiaga olib kelishi mumkin.
YAKUNIY XULOSA
Dyatlov dovoni voqeasiga 60 yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Toʻqqiz kishi togʻga safarga chiqdi. Ular qaytib kelmadi. Qidiruvchilar esa tarixdagi eng koʻp muhokama qilingan qishki ekspeditsiya fojialaridan biriga duch kelishdi. Ularning oʻlimiga nima sabab boʻlgan? Mavjud dalillar va keyingi ilmiy tadqiqotlar qor qatlamining sirpanib tushishi, ogʻir ob-havo va sovuq sharoit birgalikda halokatli natijaga olib kelgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.

Biroq ayrim tafsilotlar toʻliq aniqlanmagan. Shu sababli "hamma narsa uzil-kesil isbotlangan" deyish ham, "bu albatta gʻayritabiiy hodisa boʻlgan" deb xulosa qilish ham notoʻgʻri. Ehtimol, Dyatlov dovonining eng muhim sabogʻi aynan shundadir. Biz baʼzan javob topilmagan savolni sirli kuchlar bilan toʻldirishga shoshilamiz. Ammo haqiqiy tadqiqotning vazifasi — hikoyani yanada qoʻrqinchli qilish emas, balki mavjud dalillarga eng mos tushuntirishni izlash. Siz nima deb oʻylaysiz? Dyatlov guruhining fojiasiga eng ishonarli tushuntirish qaysi: qor koʻchkisimi, ogʻir ob-havomi yoki hali yechilmagan boshqa omilmi?
Muallif: Habib Jo'raboyev




