Toshkent shahrida o‘tkazilgan Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash, ilmiy jihatdan o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan o‘nta yirik global tashabbus taqdim etildi. Mazkur tashabbuslar Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviy taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini yanada chuqurroq yoritish, shuningdek, bebaho merosni kelajak avlodlarga yetkazishni ko‘zda tutadi.

Birinchi tashabbus sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida Butunjahon Islom sivilizatsiyasi forumini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu platforma xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, qo‘lyozmalar markazlari va tadqiqot institutlarini birlashtirib, uzoq muddatli ilmiy, madaniy va ta’limiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus Islom sivilizatsiyasi merosining Butunjahon raqamli reyestrini yaratishni nazarda tutadi. Yagona xalqaro elektron tizimda qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, me’moriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros namunalari hamda ilmiy tadqiqotlar natijalari jamlanadi.
Uchinchi tashabbus – "Islom sivilizatsiyasi merosi – butun insoniyat merosi" xalqaro dasturini amalga oshirishdir. Dastur doirasida xalqaro ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar, ta’lim loyihalari, nashriyot tashabbuslari va madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.
Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish, shuningdek, fan, ta’lim, madaniyatlararo muloqot va gumanitar hamkorlik rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs hamda tashkilotlarni e’tirof etish maqsadida Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro mukofotni ta’sis etishni ham taklif qildilar.
Beshinchi tashabbus Islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tashkil etishga qaratilgan. Mazkur jamg‘arma fundamental ilmiy izlanishlarni, tarixiy obidalarni restavratsiya qilishni, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashni, nashriyot faoliyatini va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishni moliyalashtirishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, forumda Islom sivilizatsiyasining Global raqamli kutubxonasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Ko‘p tilli ushbu platforma qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, ta’lim resurslari va virtual ko‘rgazmalarni yagona elektron makonda birlashtiradi.
Yana bir muhim tashabbus sifatida ko‘p jildli Xalqaro Islom sivilizatsiyasi ensiklopediyasini tayyorlash taklif etildi. Unda Islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalar faoliyati, ilmiy maktablar, madaniy yodgorliklar va islom olamining eng muhim yutuqlari keng yoritilishi rejalashtirilmoqda.
Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi merosining bugungi holatini baholovchi yillik xalqaro tahliliy hisobotni tayyorlash tashabbusini ham ilgari surdilar. Mazkur hisobotda madaniy meros obyektlarining holati, ilmiy tadqiqotlar natijalari, mavjud muammolar va xalqaro hamkorlik istiqbollari tahlil qilinadi.
To‘qqizinchi tashabbus – Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Xalqaro yoshlar forumini tashkil etishdir. Ushbu maydon yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalar va madaniy meros sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi ilmiy muloqotni rivojlantirib, yangi avlod ekspertlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘ninchi tashabbus sifatida Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylari xalqaro ittifoqini tuzish taklif etildi.
Ittifoq dunyoning yetakchi muzeylari va ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasida qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, restavratsiya, ta’lim va raqamli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, kolleksiyalar va mutaxassislar almashinuvini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Forum yakunida doimiy faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi organ – Xalqaro forum kengashi tashkil etildi. Kengash ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflarni umumlashtirib, 2030-yilgacha mo‘ljallangan xalqaro hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasini o‘z zimmasiga oldi.
Mazkur yo‘l xaritasi forum deklaratsiyasida belgilangan tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etishning asosiy mexanizmi bo‘lib xizmat qilishi, xalqaro tashkilotlar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Forum ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, oliy ta’lim muassasalari, muzeylar, kutubxonalar va jamoat tashkilotlarini ushbu tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdilar. Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbuslar tinchlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, ta’lim va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasining boy merosini jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida asrash va keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.







