Effect.uz 2026-yil 28-sentyabr kuni «Qidiruvdagi shaxsga 200 mlrdlik aktivlarga ega jamiyat ulushi qanday rasmiylashtirildi?» sarlavhali materialni eʼlon qilgan edi. Unda xorijlik investorga tegishli ekani aytilgan, qariyb 200 mlrd soʻmlik aktivlarga ega jamiyatdagi 50 foizlik ulush qanday rasmiylashtirilgani yuzasidan savollar koʻtarilgan.
Endi mazkur materialda nomi tilga olingan tadbirkor Orziqul Payziqulov tomonidan ushbu voqealarga munosabat bildirilmoqda. Uning advokati tahririyatga taqdim etgan maʼlumotnomada avvalgi maqolada tilga olingan holatlarga nisbatan boshqacha pozitsiya bildirilgan.
Advokatning asosiy tushuntirishi — O.Payziqulov kelishuv shartlarini bajargani, unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishining tegishli qismi tugatilgani va keyinchalik unga nisbatan yangi daʼvolar bilan murojaat qilingani haqida.
Nizoning boshlanishi: 1,67 gektar yer va 4 mln dollarlik kelishuv
Advokat taqdim etgan maʼlumotnomada J.Abdurahmonov, B.Bisultanov va S.Jordayevlar oʻzlarini «Tajriba-Texnik Korxonasi» MCHJ vakillari sifatida tanishtirib, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, M.Uygʻur koʻchasi, 103-uy manzilida joylashgan 1,67 gektar yer maydoni borligi va unda koʻp qavatli turar joy majmuasi qurish mumkinligini bildirgani bayon qilingan.
Advokatning yozishicha, mazkur yer maydoni dastlab 4 mln AQSH dollariga baholangan. Payziqulov mablagʻni birdaniga toʻlay olmasligini bildirib, dastlab 350 ming AQSH dollari bergan. Shundan keyin «Tajriba-Texnik Korxonasi» MCHJ ustav fondidagi 50 foiz ulush Orziqul Payziqulov nomiga rasmiylashtirilgan.
«ECOIMPEX LLP» va jamiyat ulushi
Advokat maʼlumotnomasida keltirilishicha, oʻsha vaqtda «Tajriba-Texnik Korxonasi» MCHJning 100 foiz ulushi «ECOIMPEX LLP» xorijiy kompaniyasiga tegishli boʻlgan. Hujjatda J.Abdurahmonovning rafiqasi F.Abdurahmonova mazkur kompaniyaning ishonchli vakili boʻlgani hamda hujjatlarni shaxsan imzolab, rasmiylashtirgani qayd etilgan.
Shundan soʻng Payziqulov mazkur yer maydonida koʻp qavatli turar joy qurilishini boshlagan. Maʼlumotnomada yer uchun kelishilgan 4 mln dollar miqdoridagi hisob-kitob pul va yangi qurilgan kvartiralar koʻrinishida amalga oshirilgani, shu tariqa dastlabki kelishuv shartlari bajarilgani taʼkidlangan.
Gulobod: bahsda tilga olingan hududda bugun nima bor?
Payziqulov tomoni taqdim etgan fotosuratlarda mazkur loyihaga oid koʻp qavatli turar joy binolari tasvirlangan.



Advokat maʼlumotnomasida esa aynan M.Uygʻur koʻchasi, 103-uy manzilidagi 1,67 gektar yer maydonida koʻp qavatli turar joy qurilishi boshlangani va hisob-kitobning bir qismi kvartiralar koʻrinishida amalga oshirilgani aytilgan.
Bu fotosuratlar qurilish obyektining mavjudligini koʻrsatadi. Biroq ularning oʻzi 4 mln dollarlik hisob-kitob toʻliq amalga oshirilganini yoki mulkiy huquqlarning qonuniyligini mustaqil ravishda isbotlamasligi mumkin.
O.Payziqulovga nisbatan JK 168-modda boʻyicha ishning qismi nega tugatilgan?
O.Payziqulovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan bogʻliq jinoyat ishining unga tegishli qismi dastlabki tergov natijasiga koʻra, 2026-yil 6-mart kuni JPK 83-moddasi 2-bandi asosida tugatilgan.

J.Abdurahmonovga nisbatan ham alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishlari mavjud
Advokatning qoʻshimcha qilishicha, J.Abdurahmonov JK 168-moddasi 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgani, ish mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgani va sud hukmi chiqqanini hamda J.Abdurahmonov O.Payziqulov va boshqalarni ogʻir jinoyat sodir etganlikda tuhmat qilib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon guvohlik berganligi yuzasidan unga nisbatan 2026-yil 6-mart kuni JKning 139-moddasi 3-qismi “a, b ,g” bandlari va 238-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan alohida ish yurituviga ajratilganini bildirgan.

Yangi daʼvo: Negruning ishonchnomasi soxta boʻlganmi?
Payzikulov advokatining aytishicha, J.Abdurahmonov keyinchalik avvalgi obyektning oʻzi boʻyicha yangi vaj bilan murojaat qilgan. Unda Negru Sergey Ivanovichning ishonchnomasi soxta boʻlgani, shu ishonchnoma asosida «Tajriba-Texnik Korxonasi» MCHJning 100 foizlik ulushi Orziqul Payzikulovga oʻtkazilgani qonuniy emasligi haqida daʼvolar bildirilgan.
Advokat esa bu daʼvolarni rad etmoqda. Uning aytishicha, Negruning oʻzi Oʻzbekistonga kelgan, uning ishtirokida videotasvirlar mavjud, shuningdek Angliyadagi kompaniya nomidan elektron pochta orqali yuborilgan xatlar ham bor. Advokatning taʼkidlashicha, Negruning oʻzi ham tergovga chaqirilsa, koʻrsatma berishga va ishonchnoma asosida harakat qilganini tasdiqlashga tayyor.
Bu murojaat boʻyicha tergov nima qaror qilgan?
Advokat maʼlumotnomasida keltirilishicha, J. Abdurahmonovning ushbu murojaati yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Uning natijasiga koʻra, JPK 83-moddasi 2-bandi asosida jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
200 mlrd soʻmlik aktivlar haqidagi avvalgi materialga munosabat
Effect.uzʼ maʼlumotnomasida 2026-yil 28-sentyabrda ijtimoiy tarmoq orqali Payziqulovga nisbatan ogʻir jinoyatlar, jumladan yirik miqdordagi firibgarlik sodir etganlik, qariyb 200 mlrd soʻmlik aktivlarga ega jamiyatdagi 50 foizlik ulushni qalbaki shartnoma asosida oʻz nomiga oʻtkazib olganlik kabi daʼvolar tarqatilgani qayd etilgan.
Effect.uz avval nima yozgan edi?
Effect.uz 2026-yil 28-sentyabr kuni eʼlon qilingan materialda qariyb 200 mlrd soʻmlik aktivlarga ega jamiyatdagi 50 foizlik ulush masalasini koʻtargan edi. Endi mazkur materialda nomi tilga olingan tadbirkor Payziqulov Orziqul Xolmirzayevich tomonining munosabati ham taqdim etilmoqda.
Shu tariqa, yangi material avvalgi maqoladagi daʼvolarni bir tomonlama tasdiqlash yoki rad etish emas, balki O.Payziqulov tomonining advokati taqdim etgan pozitsiya, hujjatlar va protsessual qarorlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida tayyorlandi.




