O'zbekiston

O‘zbekiston va AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi

Administrator12 soat oldin27 ko'rishlar
O‘zbekiston va AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi

Samarqandda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, energetika, muhim minerallar va texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi 19-oktyabr, dushanba kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH davlat kotibi Marko Rubio o‘tkazdi.

"Ushbu mexanizm ishga tushirilishi O‘zbekiston — Amerika munosabatlarini izchil rivojlantirish yo‘lida muhim qadamdir”, — deb yozdi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida.

Uning ma’lum qilishicha, tomonlar "mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish” masalalarini muhokama qilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

"Ishonamizki, mazkur muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va strategik sherikligimiz doirasida yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga mustahkam asos yaratadi”, — dedi vazir. AQSH davlat kotibi ham kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha birinchi muloqot o‘tkazilganini ma’lum qildi.

"O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashib, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, jumladan, infratuzilma, kosmos, muhim minerallar sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, C5+1 diplomatik platformasi doirasidagi hamkorlikni muhokama qildim. Biz mamlakatlarimiz va butun mintaka farovonligini oshirish yo‘lida birgalikda ishlayapmiz”, — dedi u.

Marko Rubio Samarqandda mintaqa davlatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvida ishtirok etish uchun bo‘lib turibdi. Bu yerda, shuningdek, Amerika — O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashining ikkinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tadi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

O‘zbekiston va AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi | Effect.uz