2026-yil 14-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazida eng yaxshi mavjud texnologiyalar (EMT) va tabiatni muhofaza qilishning ilg‘or amaliyotlarini joriy etish masalalari bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Jahon banki guruhining texnik ko‘magida tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston sanoat korxonalarini ekologik modernizatsiya qilishga tizimli yondashuvni shakllantirishga qaratildi. Yig‘ilishda Davlat ekologik ekspertizasi markazi rahbariyati va mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar, sanoat korxonalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda tarmoq birlashmalari vakillari, shuningdek, Jahon banki guruhining xalqaro ekspertlari ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi sanoatning ustuvor tarmoqlarini EMTga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha Yo‘l xaritasi loyihasini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Unda zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish, ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirish, energiya va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyatining atrof-muhitga salbiy ta’sirini qisqartirish nazarda tutilgan.
Yig‘ilish davomida Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari Jahon banki guruhining xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda EMT milliy tizimini ishlab chiqishning konseptual va metodologik yondashuvlarini, taklif etilgan metodikaning dastlabki sinov natijalarini hamda 2028-yil oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi Yo‘l xaritasi loyihasini taqdim etdilar.
EMT bo‘yicha tarmoq ma’lumotnomalarini dastlabki bosqichda ishlab chiqish uchun sement sanoati, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, issiqlik energetikasi va yirik qozon qurilmalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ushbu tarmoqlarning tanlanishi, avvalo, sanoat ifloslanishini kamaytirish va energiya ko‘p sarflanadigan ishlab chiqarishlarning ekologik samaradorligini oshirish zarurati bilan bog‘liq.
Ishtirokchilar xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston korxonalarining faoliyat xususiyatlarini hisobga olgan holda EMT bo‘yicha milliy ma’lumotnomalarni shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu ma’lumotnomalar ekologik va resurs samaradorligining erishish mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlarini belgilash, maqbul texnologik yechimlarni tanlash hamda amaldagi ishlab chiqarish korxonalarini izchil modernizatsiya qilish uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
EMTni joriy etish nafaqat tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etish vositasi, balki mahalliy sanoatning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda. Bunda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, xomashyo, suv va energiyadan oqilona foydalanish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalar davomida ekologik me’yorlash, ishlab chiqarish monitoringi va korxonalar hisobotlari tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar korxonalardan atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning haqiqiy miqdori, ishlab chiqarish jarayonlarining texnologik ko‘rsatkichlari va resurslardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Bunday ma’lumotlar korxonalarning amaldagi ekologik holatini xolis baholash va ularni EMTga o‘tkazishning real muddatlarini belgilash uchun zarur.
Yo‘l xaritasi loyihasi doirasida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni institutsional jihatdan ta’minlash mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, tarmoq va tematik ekspert guruhlarini tashkil etish, milliy ekspertlar salohiyatini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash hamda tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, korxonalarni ekologik modernizatsiya qilish uchun iqtisodiy rag‘batlarni shakllantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda energiya samaradorligini oshirish va sanoat ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Guruhlardagi muhokamalar davomida manfaatdor tashkilotlar vakillari Yo‘l xaritasida taklif etilgan yo‘nalishlar, idoralararo hamkorlik, axborot bilan ta’minlash, moliyalashtirish va EMTni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Muhokamalar natijalari va ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar Yo‘l xaritasi loyihasini yanada takomillashtirish, uni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlashtirish hamda tarmoq ekspert guruhlari oldidagi ustuvor vazifalarni belgilashda foydalaniladi.
Eng yaxshi mavjud texnologiyalarni joriy etish O‘zbekistonning sanoatni ekologik barqaror rivojlantirish modeliga o‘tishidagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Ushbu yondashuvni izchil amalga oshirish korxonalarni texnologik modernizatsiya qilish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilash uchun sharoit yaratadi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi davlat organlari, sanoat korxonalari, ilmiy jamoatchilik va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda EMT milliy tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
O‘zbekistonda sanoatni eng yaxshi mavjud texnologiyalarga o‘tkazishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi
Administrator53 daq oldin6 ko'rishlar

Ulashish:
O'xshash yangiliklar

O'zbekiston
Baxtiyor Saidov Marko Rubio bilan O‘zbekiston va AQSH tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi
2 soat oldin21

O'zbekiston
O‘zbekiston va AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi
4 soat oldin18

O'zbekiston
Toshkentda ayol qo‘g‘irchoq ichiga gashish yashirib olib ketayotganlikda gumonlanib qo‘lga olindi
5 soat oldin33

O'zbekiston
O‘zbekiston — AQSH munosabatlari: 11 yil ichida nimalar o‘zgardi?
18-oktabr, 2026, 15:4143