2015-yilda AQSH Davlat kotibi Jon Kerri Samarqandga tashrif buyurgan edi.
O‘shanda ham Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi C5+1 formati kun tartibining markazida bo‘lgan. Biroq bu tashrif O‘zbekiston uchun ancha noxush va xalqaro miqyosda aks-sado bergan voqea bilan ham tarixda qolgan.
Islom Karimov va Jon Kerri uchrashuvi boshlanishi arafasida The Washington Post jurnalisti Kerol Morello O‘zbekiston prezidentiga inson huquqlari haqida savol berishga uringan. Savol javobsiz qolgan, jurnalist esa zaldan chiqarib yuborilgan.
Bir qarashda uchrashuv oldidan yuz bergan kichik epizoddek ko‘ringan bu holat xalqaro rezonansga aylangan. The Washington Post va boshqa xalqaro nufuzli nashrlar voqeani yoritgan, masala Vashingtonda AQSH Davlat departamentining rasmiy brifingida ham ko‘tarilgan. Amerikalik jurnalistlar o‘z hamkasbiga qilingan munosabat yuzasidan Davlat departamentidan izoh talab qilgan.
Bu voqeaning bunchalik katta aks-sado berishi bejiz emasdi. Chunki o‘sha yillarda Vashingtonning O‘zbekiston bilan muloqotida inson huquqlari, siyosiy erkinliklar va majburiy mehnat eng og‘riqli mavzulardan edi. Samarqanddagi mana shu bir necha daqiqalik epizod amalda o‘sha davrdagi munosabatlarning umumiy fonini ham aniq ko‘rsatib qo‘ygandi.
Oradan 11 yil o‘tdi. AQSH Davlat kotibi yana Samarqandga kelmoqda, C5+1 yana kun tartibida. Ammo bu safar muloqotning mazmuni boshqacha. Bir paytlar Vashington bilan muloqotda O‘zbekistondagi muammoli masalalar ustunlik qilgan bo‘lsa, bugun asosiy e’tibor hamkorlik, investitsiyalar va yangi imkoniyatlarga qaratilmoqda.
Bu farqni Marko Rubio tashrifining ko‘lami ham ko‘rsatib turibdi. Davlat kotibi tashrifi doirasida 200 dan ortiq Amerika kompaniyalari vakillari O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Vashingtondan O‘zbekiston haqida yangrayotgan gaplarda endi investitsiya, texnologiya, savdo va yangi loyihalar tobora ko‘proq o‘rin olmoqda. Bunday o‘zgarishlar ortida esa so‘nggi yillarda bosib o‘tilgan katta yo‘l bor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan ochiqlik va islohotlar siyosati davrida yillar davomida mamlakatning xalqaro imijiga soya solib kelgan qator muammolar bartaraf etildi. Majburiy mehnatga barham berildi, iqtisodiyot ochildi, tashqi sheriklar bilan munosabatlar pragmatik manfaatlar asosida qayta qurildi. Natijada O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat ham, u bilan muloqotning mazmuni ham yangilandi.
Endi esa shakllangan siyosiy ishonchni aniq iqtisodiy natijalarga aylantirish bosqichi boshlangan. Bu jarayonda Saida Mirziyoyeva boshchiligida Prezident Administratsiyasining Amerika biznesi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti faollashib, yirik kompaniyalar va moliyaviy institutlar bilan muzokaralar amaliy loyihalarga aylanib bormoqda.
Shuning uchun 2015 va 2026-yilgi Samarqandni yonma-yon qo‘yganda farq yanada yaqqol ko‘rinadi: 11 yil avval Vashington O‘zbekiston haqida gapirganda, asosiy urg‘u muammolarga qaratilardi. Bugun esa O‘zbekiston bilan yangi imkoniyatlar, yirik investitsiyalar va katta loyihalar muhokama qilinmoqda.




