Uchqo‘rg‘on tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi O‘zbekiston fuqarosi E. ni yollanma askarlikda aybdor deb topib, unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Sudlanuvchi sudda urushga borishga tahdid va zo‘ravonlik orqali majburlanganini aytgan. Hukmda qayd etilishicha, erkak 2020-yilda Barnaulda giyohvand moddalar bilan bog‘liq ish bo‘yicha 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va Oltoy o‘lkasidagi qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tagan.
Mahkumlarni harbiy xizmatga jalb qilish vaqtida unga ozodlikka chiqish, Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish va pul to‘lanishi evaziga Ukrainadagi urushda qatnashish taklif qilingan. U 2025-yil 25-avgustda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan, 21 kunlik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Donetsk viloyatidagi Rossiya nazoratidagi hududga yuborilgan.
Sudlanuvchining aytishicha, shartnoma imzolashdan oldin u boshqa mahbuslar tomonidan kaltaklangan, koloniya xodimlari esa yangi jinoyat ishi va qo‘shimcha qamoq muddati bilan tahdid qilgan. U hujjatlarni bosim ostida imzolaganini va Rossiya fuqaroligini olishdan voz kechganini bildirgan. Shuningdek, erkak yana besh kishi bilan poligondan qochishga uringani, biroq qo‘lga olinib, qiynoqqa solinganini aytgan. Hukmda bu ma’lumotlar sudlanuvchining ko‘rsatmalari sifatida keltirilgan.
2025-yil 26-sentyabr kuni u og‘ir jarohat olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylariga mototsiklda qurol va oziq-ovqat solingan sumkalarni olib ketayotganida dron hujumiga uchragan. Rossiyadagi shifoxonalarda davolangach, u Yekaterinburgga olib kelingan. Qayta frontga yuborilishidan qo‘rqib, 2026-yil 3-aprel kuni shifoxonadan qochgan va O‘zbekiston diplomatlariga murojaat qilgan. Qaytish guvohnomasini olgach, 5-aprel kuni O‘zbekistonga kelgan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, shundan so‘ng ichki ishlar organlariga ixtiyoriy ravishda murojaat qilgan. Sudda erkak aybini to‘liq tan olib, pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, unga va’da qilingan 2 mln rublni olmaganini aytgan.
Sud uning harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismini (yollanma askarlik) qo'llagan. Hukmda u qamoq jazosidan ozod bo‘lish manfaati tufayli Rossiya tomonida urushda qatnashgani ko‘rsatilgan. JKning 154¹-moddasi 1-qismi — O‘zbekiston fuqarosining xorijiy davlat harbiy xizmatiga kirishi bo‘yicha qo‘shimcha ayblov esa ortiqcha deb topilib, chiqarib tashlangan. Jazo tayinlashda sud aybni tan olish, pushaymonlik, jinoyatning og‘ir sharoitda sodir etilgani, og‘ir jarohatlar va sudlanuvchining keksa onasi kasal ekanini yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga olgan. Og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan.
Sudlanuvchiga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llanib, unga moddada nazarda tutilganidan yengilroq jazo — 4 yil muddatga ozodlikni cheklash tayinlangan.
Rossiya safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan o'zbekistonlik shaxsga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi
Administrator2 soat oldin27 ko'rishlar

Ulashish:
O'xshash yangiliklar

O'zbekiston
Qishloq xo‘jaligi texnikasiga subsidiya ajratish va undan maqsadli foydalanish nazorat tadbirlari davom etmoqda
2 soat oldin14

O'zbekiston
Endi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi
18 soat oldin23

O'zbekiston
Farg‘onada BMW haydovchisi yuqori tezlik sabab vafot etdi
21 soat oldin41

O'zbekiston
O‘zbekistonda ko‘rshapalakning noyob turi aniqlandi
22 soat oldin24