1258-yil. Tigr daryosi bo‘yida joylashgan ulkan shahar — Bag‘dod. Bu shahar asrlar davomida olimlar, tabiblar, matematiklar, shoirlar va savdogarlarni o‘ziga jalb qilgan. Bu yerda kitoblar ko‘chirilgan, qadimgi yunon asarlari arab tiliga tarjima qilingan, astronomiya, tibbiyot rivojlangan. Ammo endi shahar devorlari qarshisida boshqa bir kuch paydo bo‘la boshladi...
Ularning boshida Chingizxonning nabirasi — Hulagu xon turardi. Uning maqsadi oddiy talonchilikdan kengroq edi: Yaqin Sharqdagi qarshilik markazlarini bo‘ysundirish va mo‘g‘ullar hukmronligini mustahkamlash. Bag‘dod esa faqat bir shahar emasdi. U Abbosiylar xalifaligining poytaxti, musulmon dunyosidagi eng nufuzli siyosiy, ramziy markazlardan biri edi.
Shaharning qulashi bilan nafaqat bir sulolaning hukmronligi tugardi. Mintaqaning siyosiy hayoti, aholisi hamda madaniy merosi ham ulkan zarbaga uchrardi. Keyinchalik bu fojia haqida dahshatli hikoyalar tarqaldi. Aytishlaricha, kitoblar Tigr daryosiga tashlangan, suv siyohdan qoraygan, olimlarning qoni esa daryoni qizartirgan.

Lekin bu hikoyalarning qaysi qismi tarixiy manbalar bilan tasdiqlanadi? Bag‘dodning qulashiga o‘zi nima sabab bo‘ldi? Va mo‘g‘ullar haqiqatan ham butun bir sivilizatsiyaning bilimlarini yo‘q qildimi? Bu savollarga javob berish uchun biz 1258 yilgagina emas, undan bir necha asr oldingi Bag‘dodga ham qaytishimiz lozim.
Bag‘dod — ilm-fan va savdo markazi qanday paydo bo‘ldi?
Bag‘dod tarixining muhim sahifasi 762-yilda ochiladi. Abbosiy xalifa al-Mansur yangi poytaxtni qurdirdi. Shahar Tigr daryosi bo‘yida, savdo yo‘llariga yaqin joyda joylashgan edi. Bu juda muhim qaror bo‘lgan. Bag‘dod Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo aloqalari, siyosat va madaniy almashinuv uchun qulay markazga aylandi. Shaharga turli o‘lkalardan savdogarlar, hunarmandlar, olimlar keldi. Fors, hind, yunon va boshqa ilmiy an’analar o‘rtasida aloqalar kuchaydi.
Abbosiylar davrida, ayniqsa, VIII–X asrlarda tarjima harakati katta ahamiyat kasb etdi. Yunon tilidagi falsafa, tibbiyot, matematika asarlari arab tiliga o‘girildi. Hind matematik an’analaridan ham foydalanildi. Olimlar faqat qadimgi bilimlarni saqlab qolish bilan cheklanmay, ularni muhokama qildilar, tekshirdilar, rivojlantirdilar.
Bu jarayonni faqat bitta kutubxona yoki bitta xalifa bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Unda hukmdorlar, tarjimonlar, xususiy homiylar, tabiblar hamda turli shaharlardagi ilmiy muhit ishtirok etgan.

Bag‘dodda “Bayt ul-Hikma”, ya’ni “Hikmat uyi” nomi bilan tanilgan muassasa ham mavjud bo‘lgan. U ayniqsa xalifa al-Ma’mun davri bilan bog‘lanadi. Biroq zamonaviy tarixchilar bir muhim jihatni ta’kidlaydilar: Bayt ul-Hikmani hozirgi universitetga o‘xshagan, butun dunyo bilimlarini o‘z ichiga olgan yagona ulkan kutubxona sifatida tasavvur qilish tarixiy voqelikni soddalashtirishi mumkin.
Bag‘dodda boshqa kutubxonalar, kitob to‘plamlari, madrasalar va olimlarni qo‘llab-quvvatlagan doiralar ham bor edi. Demak, Bag‘dodning ilmiy qudrati bitta bino ichida emas, balki keng madaniy va intellektual tarmoqda mujassam bo‘lgan.
Bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi: agar Bag‘dod shunchalik boy hamda nufuzli shahar bo‘lgan bo‘lsa, qanday qilib u mo‘g‘ullar hujumiga bardosh bera olmadi? Buning javobi faqat mo‘g‘ullar kuchida emas. Bag‘dodning o‘z siyosiy ahvolini ham tushunish kerak.
Siyosiy inqiroz
1258-yilda Bag‘dod hali ham katta ramziy ahamiyatga ega edi. Ammo uning siyosiy qudrati avvalgi asrlardagi darajada emasdi. Abbosiylar xalifaligi uzoq vaqt davomida ulkan hududlarni boshqargan. Biroq asrlar o‘tishi bilan ko‘plab viloyatlar markaziy hokimiyatdan mustaqillasha boshladi. Turli sulolalar o‘z hududlarida mustaqil siyosat yuritdi.

Bag‘doddagi xalifa musulmon dunyosida katta diniy va ramziy nufuzga ega bo‘lsa-da, bu har doim ham ulkan harbiy kuch yoki barqaror siyosiy nazorat degani emasdi. 1258-yilda taxtda al-Musta’sim Billoh o‘tirardi. Uning hukmronligi davrida mo‘g‘ullar g‘arbga qarab kengayishda davom etayotgan edi. Hulagu xonning yurishi to‘satdan paydo bo‘lmagan. Mo‘g‘ullar bir necha yil davomida Eron, uning atrofdagi hududlarda o‘z hukmronligini mustahkamlagan edilar. 1256 yilda ular Nizoriy ismoiliylarning ko‘plab qal’alarini bo‘ysundirdilar, jumladan, mashhur Alamut qal’asi ham qo‘lga olindi.
Shundan keyin Bag‘dod navbatdagi yirik maqsadga aylandi. Xalifa va Hulagu o‘rtasida muzokaralar olib borildi. Biroq ikki tomonning talablari va kutilmalari bir-biriga mos kelmadi. Hulagu xalifadan mo‘g‘ullar hokimiyatiga bo‘ysunishni talab qildi. Xalifalik esa o‘zining qadimiy nufuzi, mustaqilligini saqlab qolishni istardi.
Bu yerda diplomatik xato haqida gapirish mumkin, biroq tarixni faqat bitta odamning noto‘g‘ri qarori bilan tushuntirish yetarli emas.
Bag‘dodning harbiy imkoniyatlari, hududiy ittifoqlari, boshqaruv tizimi va mo‘g‘ullar armiyasining katta resurslari ham hal qiluvchi omillar edi. Qisqasi, shahar kuchli ramzga ega edi, lekin ramzning o‘zi devorlarni himoya qila olmasligi kunldek ravshan.
Mo‘g‘ullar yurishi
Hulagu xon — Chingizxonning nabirasi, To‘luyning o‘g‘li va Mo‘g‘ul imperiyasining g‘arbdagi yurishlarini boshqargan sarkarda edi. Uning yurishlari faqat bir shaharni egallash uchun emas, balki butun mintaqadagi siyosiy tartibni o‘zgartirishga qaratilgandi. Mo‘g‘ul qo‘shinlari harakatchanligi, intizomi. turli harbiy usullardan foydalanishi bilan ajralib turgan. Ular zabt etilgan hududlarning resurslaridan ham foydalangan, mahalliy hukmdorlardan bo‘ysunish va yordam talab qilgan.

Bag‘dodga kelganda, Hulagu oldida bir nechta maqsad bor edi: xalifaning qarshiligini tugatish, g‘arbdagi hokimiyatini mustahkamlash, o‘z hukmronligini qabul qilmagan siyosiy markazni bo‘ysundirish. Mo‘g‘ullar rahbariyati uchun Bag‘dod faqat boy shahar emas, balki katta siyosiy ramz ham edi. Uni qo‘lga kiritish butun mintakaga kuchli signal yuborishi mumkin edi.
Ba’zi tarixiy manbalarda Hulaguning atrofidagi maslahatchilar va mahalliy siyosiy raqiblar haqida ham ma’lumotlar uchraydi. Masalan, olim Nasiriddin Tusiy Hulagu saroyida muhim o‘rin tutgan. Biroq har bir shaxsning Bag‘dodga qarshi qarorga qanchalik ta’sir ko‘rsatganini aniq belgilash uchun ehtiyotkorlik zarur. Keyingi davrlarda yozilgan tarixiy asarlar ba’zan ayrim shaxslarning rolini bo‘rttirib ko‘rsatgan.
Hulaguning asosiy ustunligi shunda ediki, uning ortida keng Mo‘g‘ul imperiyasining harbiy hamda siyosiy resurslari turgan edi. Bag‘dod esa bunday bosimga qarshi turish uchun yetarli kuchga ega bo‘lmagan. 1257-yil oxiriga kelib, mo‘g‘ul qo‘shinlariga Bag‘dod tomon harakatlanish vazifasi berildi. Endi muzokaralar vaqti tugab borardi. Shahar taqdiri hal bo‘ladigan kunlar yaqinlashgayotgandi.
Hal qiluvchi hujum
1258-yil yanvar oyida mo‘g‘ul qo‘shinlari Bag‘dodga yaqinlashdi. Shaharning mudofaasi sinovdan o‘ta boshladi. Tasavvur qiling: bir tomonda asrlar davomida xalifalar boshqargan poytaxt, ikkinchi tomonda esa ulkan harbiy yurish tajribasiga ega mo‘g‘ul qo‘shini. Shahar devorlari va himoya inshootlari aholini himoya qilish uchun qurilgan edi. Ammo devorlar dushmanni to‘xtatishi uchun ularni himoya qiladigan yetarli kuch, oziq-ovqat, muvofiqlashtirilgan qo‘mondonlik hamda tashqi yordam ham zarur edi.

Bag‘dodning ahvoli tobora og‘irlashdi. Mo‘g‘ullar shaharga turli tomonlardan bosim o‘tkazdi. Qamal davomida shaharning tashqi himoyasi zaiflashdi, mo‘g‘ul qo‘shinlari ustunlikka erishdi. Bu yerda bir jihatni tushunish muhim: o‘rta asrlardagi qamallar faqat qilich va nayzalar to‘qnashuvi emasdi. Ular oziq-ovqat ta’minoti, muhandislik, suv manbalari, aloqa, ruhiy bardosh sinovi ham edi.
Qamal ostidagi aholi uchun har bir kun yanada og‘irlashib borishi mumkin edi. Harbiylar uchun esa shaharni saqlab qolish va taslim bo‘lish o‘rtasidagi tanlov tobora keskinlashdi. Xalifa al-Musta’simning Hulagu bilan munosabatlari ham vaziyatni yengillashtira olmadi. Muzokaralar yakuniy kelishuvga olib kelmadi. Natijada Bag‘dod mo‘g‘ullar qo‘liga o‘tdi.
Shaharning egallanishi sanasi ayrim manbalarda turlicha berilgan. Ko‘p tarqalgan xronologiyada mo‘g‘ullar 1258-yil 10-fevral atrofida taslim bo‘lishni qabul qilgan, 13 fevral kuni esa shaharga kirgani ko‘rsatiladi. Bu sana farqlari voqeaning o‘ziga shubha tug‘dirmaydi. Ular o‘rta asr manbalarida qamalning turli bosqichlari va taqvim tizimlari qanday qayd etilganini hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi. Endi Bag‘dodning eng og‘ir sahifasi boshlanardi. Shaharning qulashi faqat hokimiyatning almashishi bilan cheklanmadi. Uning aholisi, binolari, bozorlari va madaniy hayoti katta fojiaga duch keldi.
Istilo oqibatlari
Mo‘g‘ullar Bag‘dodni egallagandan keyin shahar talon-taroj qilindi, aholi orasida katta qotilliklar sodir bo‘ldi. Bu fojia haqidagi o‘rta asr tarixchilari shaharning vayron bo‘lishi, odamlarning halokati va hokimiyatning tugashini juda og‘ir so‘zlar bilan tasvirlaganlar. Biroq qurbonlar soni haqida gapirganda ehtiyotkor bo‘lish kerak. O‘rta asr manbalarida keltirilgan raqamlar bir-biridan katta farq qiladi. Bunday raqamlarni zamonaviy aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari kabi aniq statistika sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.

Shuning uchun videoda “aniq falon million odam halok bo‘lgan” kabi da’volarni ishonchli dalilsiz aytmaslik kerak. Biz ishonch bilan ayta oladigan narsa shuki, shahar katta insoniy talafotga uchradi, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti og‘ir zarar ko‘rdi. Bag‘doddagi siyosiy tartib ham o‘zgardi. Abbosiylar xalifasining shahardagi hukmronligi tugadi. Xalifa al-Musta’sim ham o‘ldirildi. Uning o‘limi Abbosiylar sulolasining Bag‘doddagi siyosiy hokimiyatiga nuqta qo‘ydi.
Ammo bir muhim farq bor: bu voqea Abbosiylar nomi va sulolaviy an’anasi shu zahoti butunlay yo‘qoldi, degani emas. Keyinroq Qohirada Abbosiy xalifalari nomi bilan bog‘liq ramziy an’ana davom etdi, garchi ular avvalgi Bag‘dod xalifalaridek siyosiy kuchga ega bo‘lmagan bo‘lsalar ham. Shaharning iqtisodiy, madaniy hayoti ham og‘ir zarba oldi. Bino hamda infratuzilmalarga zarar yetdi, aholi tarqalib ketdi, turli kasb egalari halok bo‘ldi yoki boshqa joylarga ko‘chib o‘tdi.
Biroq Bag‘dod butunlay yo‘q bo‘lib ketmadi. Keyingi asrlarda shahar yana yashash va madaniy faoliyat markazi bo‘lib qoldi. Tarixiy fojiani to‘g‘ri tushunish uchun shu ikki haqiqatni birga ko‘rish lozim: 1258-yilda halokatli vayronagarchilik sodir bo‘ldi, ammo Bag‘dod tarixi shu yerda tugamadi.
Afsona va tarixiy dalillar
Endi bu voqea haqidagi eng mashhur hikoyaga yetib keldik. Aytishlaricha, mo‘g‘ullar Bag‘doddagi kitoblarni Tigr daryosiga tashlashgan. Kitoblarning siyohi suvni qoraytirgan. Boshqa rivoyatlarda esa daryoga tashlangan kitoblar va qonning tasviri yanada dahshatli tarzda beriladi. Xo‘sh, bu obraz nega shunchalik mashhur? Chunki u bir shaharning vayron bo‘lishidan ham kattaroq yo‘qotishni ifodalaydi: insonlar asrlar davomida to‘plagan bilimlar, qo‘lyozmalar va madaniy xotiraning yo‘qolishi.
Lekin tarixiy tadqiqotda ta’sirchan hikoya bilan tekshiriladigan faktni farqlash zarur. 1258-yilgi istilo paytida Bag‘dodning kutubxonalari va kitob to‘plamlari zarar ko‘rgani haqida tarixiy adabiyotda keng muhokama mavjud. Biroq barcha kitoblar daryoga tashlangani, Tigrning haqiqatan ham bir necha kun qop-qora bo‘lib oqqani yoki yo‘qotilgan kitoblar soni aniq qancha bo‘lgani haqida ishonchli miqdoriy dalillar yo‘q.

Shuning uchun “mo‘g‘ullar barcha kitoblarni daryoga tashladi” degan gapni shubhasiz fakt sifatida taqdim etish to‘g‘ri emas. Yana bir muhim masala — Bayt ul-Hikma ko‘pincha 1258-yilda mo‘g‘ullar tomonidan yoqib yuborilgan yagona ulkan kutubxona sifatida tasvirlanadi. Biroq zamonaviy tarixchilar uning XIII asr o‘rtasidagi aniq holati, muassasa sifatida qanchalik faol bo‘lgani va boshqa kutubxonalar bilan munosabati haqida ehtiyotkorlik bilan yozadilar.
Bag‘dodda bilimlar faqat shu bir muassasada saqlanmagan. Kutubxonalar, madrasalar, masjidlar, xususiy to‘plamlar, olimlarning shaxsiy kitoblari ham muhim o‘rin tutgan. Demak, 1258-yildagi yo‘qotishlarni bitta binoning yonishi bilan cheklash mumkin emas. Aksincha, shaharning butun ilmiy hamda madaniy tarmog‘i zarar ko‘rganini tushunish kerak. Shu bilan birga, bu fojia musulmon dunyosidagi barcha ilm-fan shu kuni tugadi, degani ham emas.
Boshqa shaharlarda olimlar ishlashda davom etdilar. Qo‘lyozmalar boshqa markazlarda saqlandi, yangi ilmiy ishlar yozildi, mo‘g‘ullar hukmronligi davrida ham ayrim mintaqalarda ilmiy faoliyat davom etdi. Tarixning haqiqiy manzarasi sodda afsonadan murakkabroq: juda katta yo‘qotish bo‘ldi, ammo bilimlar bir kechada butunlay yo‘qolib ketmadi.
Fojiadan keyingi dunyo
Bag‘dodning qulashi haqidagi eng keng tarqalgan fikrlardan biri shu: mo‘g‘ullar ilm-fanni yo‘q qildi va musulmon dunyosidagi ilmiy taraqqiyot shu yerda to‘xtadi.
Bu fikrda katta fojianing ta’siri bor, biroq tarixiy voqelikni to‘liq ifodalamaydi. 1258-yildan keyin ham olimlar ishlashda davom etdilar. Mo‘g‘ullar hukmronligi ostidagi ayrim hududlarda yangi ilmiy markazlar paydo bo‘ldi yoki rivojlandi.

Masalan, Hulaguning o‘zi qo‘llab-quvvatlagan Marog‘adagi rasadxona XIII asrning ikkinchi yarmida astronomik tadqiqotlarning muhim markaziga aylandi. U yerda Nasiriddin Tusiy va boshqa olimlar ish olib borgan. Bu tarixning qiziq ziddiyatlaridan biridir: Bag‘dodni zabt etgan hukmdorning o‘zi keyinchalik ilmiy muassasani qo‘llab-quvvatlagan.
Bu, albatta, Bag‘dodda sodir bo‘lgan fojiani oqlamaydi. Ammo mo‘g‘ullar hukmronligi davrini faqat bilimlarni yo‘q qilish bilan izohlash ham to‘g‘ri emas. Tarixchilar Bag‘doddagi kutubxonalarning taqdiri, olimlarning ko‘chishi, keyingi ilmiy hayotni o‘rganib, murakkabroq manzarani tiklashmoqda. Ba’zi bilimlar hamda qo‘lyozmalar yo‘qolgan. Boshqalari boshqa shaharlarda saqlanib qolgan. Olimlar esa turli siyosiy sharoitlarga moslashib, ishlashda davom etganlar.
Shu sababli Bag‘dod fojiasini butun bir sivilizatsiyaning bir kunda yo‘q qilinishi sifatida emas, balki ulkan insoniy, siyosiy, madaniy zarba sifatida tushunish aniqroq bo‘ladi.
Tarixdan qolgan saboq
1258-yilda Bag‘dod quladi. Asrlar davomida hukmronlik qilgan xalifalikning siyosiy markazi zabt etildi. Ko‘plab odamlar hayotidan ayrildi. Shaharning madaniy, iqtisodiy hayoti og‘ir zarar ko‘rdi. Keyinchalik bu fojia haqida turli hikoyalar tarqaldi. Kitoblar daryoga tashlangani, suv siyohdan qoraygani haqidagi rivoyatlar esa Bag‘dodning yo‘qotishlari ramziga aylandi.
Lekin tarixni o‘rganish bizdan yana bir narsani talab qiladi: ta’sirchan hikoyalarni dalillar bilan tekshirishni. Biz mo‘g‘ullar hujumi oqibatida Bag‘dod katta vayronagarchilikka uchraganini bilamiz. Biroq barcha kitoblar yo‘q qilingani yoki butun ilmiy taraqqiyot bir kunda tugagani haqidagi da’volar tarixiy manzarani soddalashtiradi.

Bag‘dodning qulashi faqat mo‘g‘ullarning harbiy g‘alabasi emasdi. U markaziy hokimiyatning zaifligi, diplomatik muammolar va ulkan harbiy bosim bir nuqtada to‘qnashgan voqea edi. Bu voqeaning eng muhim saboqlaridan biri shu: shaharning devorlari qulashi mumkin, davlatlar yo‘qolishi mumkin, ammo bilimning taqdiri faqat bitta shahar yoki bitta kutubxonaga bog‘liq emas.
Bilimni saqlash uchun uni yozish, ko‘chirish, o‘rgatish va keyingi avlodga yetkazish kerak. Bag‘dod fojiasi bizga madaniy meros qanchalik qimmatli hamda ayni paytda qanchalik zaif bo‘lishi mumkinligini eslatadi. Siz nima deb o‘ylaysiz: Bag‘dodning qulashiga asosan harbiy kuch sabab bo‘ldimi yoki xalifalikning ichki siyosiy zaifligi ham hal qiluvchi ahamiyatga egami?
Muallif: Habib Jo'raboyev




