⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Madaniyat

Ben Kingsli ishtirok etgan film New York Festivals 2026 finaliga chiqdi

Administrator3 soat oldin12 ko'rishlar
Ben Kingsli ishtirok etgan film New York Festivals 2026 finaliga chiqdi

Oʻzbekistonda yaratilgan “Maʼrifat aks-sadosi” filmi xalqaro maydonda katta eʼtirofga erishdi — loyiha nufuzli New York Festivals tanlovining finaliga yoʻl oldi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilgan “Maʼrifat aks-sadosi” hujjatli filmlar seriyasi jahon kino sanoatidagi nufuzli mukofotlardan biri — New York Festivals TV & Film Awards 2026 tanlovining final bosqichiga chiqdi.

Loyihada jahon miqyosida tan olingan, “Oskar” mukofoti sohibi aktyor Ben Kingsli ishtirok etgan. Maʼlum qilinishicha, film xalqaro ekspertlardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholangan. Finalda u bronza, kumush yoki oltin mukofotlardan biriga daʼvogarlik qiladi.

Gʻoliblar 2026-yil 21-may kuni boʻlib oʻtadigan Storytellers Gala taqdirlash marosimida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.

Hujjatli filmda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar — Xorazmiy, Fargʻoniy, Ibn Sino kabi allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi yoritilgan. Shuningdek, Temuriylar va Boburiylar davri hamda mintaqaning boy tarixiy merosi ilmiy-ommabop yondashuvda taqdim etilgan.

Loyiha avvalroq xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan boʻlib, CNN, BBC va Euronews telekanallarida efirga uzatilgan.

Qayd etilishicha, New York Festivals TV & Film Awards mukofoti qatʼiy saralash tizimi va yuqori raqobat darajasi bilan ajralib turadi. Unda ilgari BBC, National Geographic va Netflix kabi yetakchi media kompaniyalar loyihalari ham yuqori baholangan.

Mutaxassislar fikricha, mazkur natija Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy-madaniy maydondagi nufuzi ortib borayotganini koʻrsatadi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Ben Kingsli ishtirok etgan film New York Festivals 2026 finaliga chiqdi | Effect.uz