⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Toshkentda yirik xalqaro anjuman: Temuriylar merosi dunyo eʼtiborida

Administrator4 h ago5 views
Toshkentda yirik xalqaro anjuman: Temuriylar merosi dunyo eʼtiborida

Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirda davlat va jamoat arboblari, yetakchi olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Anjuman ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy merosni chuqur oʻrganish va uning global ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan tabrik murojaatini oʻqib eshittirish bilan boshlandi. Ushbu tabrikni Prezident maslahatchisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov oʻqib berdi. Tabrik soʻzida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, milliy tarix va madaniy merosni tiklash hamda uni jahon hamjamiyatiga tanitishga qaratilgan saʼy-harakatlar alohida taʼkidlandi.

–Yangi Oʻzbekistonda Amir Temur va temuriylar merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi oʻrni va ahamiyatini oʻrganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Amir Temurning 690-yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan har yilning aprel oyi mamlakatimizda Amir Temur oyligi deb eʼlon qilinishi, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilab qoʻyildi. Bugungi anjuman ham ana shu yoʻldagi yana bir amaliy qadam boʻlib, biz Oʻzbekistonning haqiqiy doʻstlari boʻlgan sizlar kabi zahmatkash olim va tadqiqotchilar bilan temuriylar Renessansini, umuman, boy merosimizni chuqur oʻrganish, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-maʼnaviy islohotlar bilan jahon jamoatchiligini yanada keng tanishtirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettiramiz, - deyildi tabrikda.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Amir Temur shaxsi va faoliyatiga keng toʻxtalib, uning davlatchilik anʼanalari, adolat tamoyillari va kuchli markazlashgan boshqaruv tizimini shakllantirishdagi beqiyos hissasini qayd etdilar. Taʼkidlanganidek, Temuriylar davri nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan.

Anjuman doirasida tashkil etilgan yalpi majlisga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov moderatorlik qildi. Majlis davomida Markaz faoliyatiga bagʻishlangan keng qamrovli taqdimot oʻtkazildi. Unda markazning ilmiy-tadqiqot, ekspozitsiya va madaniy-maʼrifiy yoʻnalishlardagi ishlari, shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

- Avvalo, siz azizlarni bugungi tarixiy sana – Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi bilan samimiy qutlayman va qimmatli vaqtingizni ayamay, ushbu nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etayotganingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Bugun xalqaro anjuman oʻz ishini boshlayotgan ayni daqiqalarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida poytaxtimizdagi Amir Temur haykali poyiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazilmoqda. Joriy yilda Sohibqironning 690-yilligiga puxta va har tomonlama tayyorgarlik koʻrildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida keng koʻlamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Muzey yangicha qiyofada xalqimizga tuhfa qilindi, - dedi markaz direktori.

Yalpi majlisda Temuriylar davrining ilmiy merosi, uning zamonaviy tadqiqotlardagi ahamiyati va istiqbollari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ikkinchi yalpi majlisda xalqaro darajadagi nufuzli olimlar va ekspertlar ishtirok etdilar. Jumladan, ISESCO mintaqaviy direktori Anar Karimov, OʻzFA akdemigi Akmal Saidov va IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich oʻz maʼruzalarida Temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni, uning madaniy, maʼnaviy va ilmiy merosini kompleks oʻrganish zarurati haqida soʻz yuritdilar.

Majlis davomida Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi oʻrinbosari Damir Muxitdinov, Rossiya Fanlar akademiyasi vakili Irina Popova ham maʼruzalar bilan ishtirok etib, Temur tuzuklari kabi noyob manbalarning ilmiy ahamiyati, Temuriylar davlat boshqaruv tizimi va uning tarixiy merosi haqida fikr bildirdilar.

Anjuman doirasida yana bir muhim voqea sifatida TURKSOY tomonidan Markaz tarkibida faoliyat yuritayotgan Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb eʼtirof etildi. Mazkur nufuzli sertifikat tashkilot bosh kotibi tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu eʼtirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganini koʻrsatadi.

Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozogʻiston kabi qator davlatlardan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etmoqda. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik anʼanalari, ilm-fan va madaniyat rivoji kabi yoʻnalishlarda oʻz ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etmoqdalar.

Xorijiy ishtirokchilar oʻz chiqishlarida Temuriylar merosining global ahamiyatini, uning Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi oʻrnini alohida taʼkidladilar. Shuningdek, bunday xalqaro anjumanlar ilmiy muloqotni rivojlantirish, tajriba almashish va yangi tadqiqot yoʻnalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Mazkur anjuman Temuriylar davrining boy ilmiy va madaniy merosini chuqur oʻrganish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi oʻrnini yanada keng yoritish hamda ushbu bebaho merosni kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Sulton Rayev, TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi:

— Tarixdan yaxshi maʼlumki, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston zamini azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat beshiklaridan biri boʻlib kelgan. Oʻtmishda bu yerda ikkita buyuk Renessansga asos solingani ham bu tuproqlar qanchalar tabarruk, oʻzbek xalqi qanchalar donishmand ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Turkiy xalqlarning buyuk farzandi Sohibqiron Amir Temurni anglash aslida bizni yagona tarix va madaniyat atrofida birlashtirgan ildizlarni qaytadan kashf etish demakdir. Anjuman ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.

TURKSOY tashkiloti ham temuriylar davriga oid asarlarni ilmiy nashrlar orqali dunyoga tanitish, kitoblar chop etishni qoʻllab-quvvatlash va bu merosni raqamlashtirish borasidagi loyihalarga har tomonlama hissa qoʻshishga tayyor. Shu oʻrinda eʼtirof etishni istardimki, Oʻzbekiston xalqi oʻzining dono yetakchisi, zamonamizning buyuk davlat arbobi Shavkat Miromonovich boshchiligida faqat tarix bilan faxrlanib qolayotani yoʻq, aksincha ajdodlarga munosib boʻlishga intilmoqda. Mamlakat oʻz oldiga Uchinchi Renessansga asos solishdek buyuk maqsadni qoʻygan. Bu yoʻlda amaliy qadamlar bilan kelajakka dadil intilmoqda.

Farhan Nizamiy, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori:

— Menimcha, mazkur tashabbus Markaziy Osiyoning nafaqat mintaqaviy madaniyat va sivilizatsiyaga, balki jahon tarixiga qoʻshgan ulkan hissasini keng jamoatchilikka yana bir bor eslatishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Bu yerda insonlar ajdodlarimizning ilm-fan, adabiyot, meʼmorchilik va boshqa sohalardagi buyuk yutuqlari haqida chuqurroq tasavvurga ega boʻladilar. Eng muhimi, ushbu tashabbus bugungi avlod uchun ilhom va ragʻbat manbaiga aylanib, ularning oʻzligini anglashiga, tarixi va kelajak maqsadlarini aniq belgilashiga xizmat qiladi.

Mahmud Erol Qilich. Islom tarixi, madaniya va sanʼati tadqiotlari markazi – IRSIKA direktori:

— Bizning tashkilotimizga dunyoning 57 davlati aʼzo boʻlgan boʻlsa-da, Oʻzbekistonning oʻz oʻrni bor. Chunki, Oʻzbekiston Islom olamining eng buyuk allomalari tugʻilgan zamin, mislsiz kashfiyotlar, madaniy yodgorliklar, boy tarix va ulkan sivilizatsiyalar maskani. Bugungi anjuman ham Oʻzbekiston xalqining, rahbariyatining buyuk ajdodlar merosi, tarix va madaniyat tadqiqiga qaratayotgan ulkan eʼtiboridan darak beradi. Biz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz. Jumladan “Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan mutafakkirlar ensiklopediyasi” boʻyicha ishlarimiz davom etmoqda. Bugungi anjuman doirasida ham Markaz bilan birga xattotlik musobaqalarini oʻtkazish, temuriylar merosining islom olamidagi oʻrni masalalariga qaratilgan qator loyihalar muhokama qilindi.

Gu Gotsin, Xitoy Xalq Respublikasi Kinematografiya qoʻmitasi xalqaro aloqalar departamenti rahbari:

Xitoy va Oʻzbekiston xalqlarini uzoq asrlik madaniy aloqalar bogʻlab turadi. Ayniqsa, temuriylar davrida diplomatik aloqalar yanada mustahkamlandi. Mirzo Ulugʻbek va Shohrux elchilarining Xitoy impetori huzuriga borishi, ikki tomondama manfaatli aloqalarning yoʻlga qoʻyilgani qator tarixiy manbalarda oʻz aksini topgan.Oʻzbekistonning koʻplab tarixiy shaharlari Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan. Bu esa, ikki xalq oʻrtasidagi aloqalar tarixida katta oʻrin tutadi. Bugungi konferensiya davomida ikki xal oʻrtasidagi tarixiy aloqalar haqida maʼruza qildim. Ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga asosan, kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda bir qator kinoloyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Umid qilamizki bu hamkorlik kelgusida oʻz samarasini beradi.

Aktotы Raymqulova, Xalqaro turk madaniyati va merosi fondi rahbari:

Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasiga bagʻishlangan nufuzli ilmiy amaliy konferensiya ochilishining guvohi boʻlib turibmiz.

Ushbu anjumanda dunyoning turli burchaklaridan yetuk olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda dunyoning nufuzli va maʼnaviy jihatdan boy ilmiy maskanlaridan biriga aylangan. Biz markazni koʻzdan kechirar ekanmiz Amir Temurga bagʻishlangan zal bilan tanishdik. Ayniqsa, temuriylar sivilizatsiyasiga bagʻishlangan Ikkinchi Renessans zalining mazmunan boy va badiiy jihatdan yuksak darajada yaratilgani katta taassurot qoldirdi.

Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasi merosi xalqlarimiz taraqqiyotida, bugungi mustaqillik va ravnaq yoʻlida muhim oʻrin tutadi. Konferensiya ishtirokchilari, olimlar va tadqiqotchilarga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Share:

Related News

Toshkentda yirik xalqaro anjuman: Temuriylar merosi dunyo eʼtiborida | Effect.uz