⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Politics

Oʻzbekistonda qurollar ustidan nazorat kuchaytirildi: 200 dan ortiq holat aniqlandi

Administrator4 h ago2 views
Oʻzbekistonda qurollar ustidan nazorat kuchaytirildi: 200 dan ortiq holat aniqlandi

Bugungi kunda davlat rahbari tomonidan mamlakatda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va jamoat tartibini mustahkamlash yoʻnalishida beliglab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda huquq-tartibot organlari tomonidan oʻqotar qurollar va ularning oʻq-dorilari muomalasi ustidan amalga oshirilayotgan davlat nazoratini kuchaytirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi muvofiqlashtiruvida Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura hamda boshqa vakolatli davlat organlari orasida yoʻlga qoʻyilgan idoralararo mustahkam hamkorlik va aholi orasida olib borilayotgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari sohadagi qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlanganlarini tezlik bilan bartaraf etishda oʻz samarasini bermoqda.

Jumladan, Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlari natijasida joriy yil boshidan buyon oʻqotar qurollar muomalasi bilan bogʻliq jami 207 ta holat aniqlandi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 28 ta, Toshkent shahrida — 24 ta, shuningdek Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida — 21 tadan qayd etilgani kuzatildi. Eng kami Namangan - 5 ta, Andijon - 7 ta hamda Sirdaryo viloyatlariga - 9 ta toʻgʻri keladi.

Qurollarning 87 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan boʻlsa, yana 120 tasi oʻtkazilgan targʻibot ishlari natijasida fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan. Bu esa, oʻz navbatida, aholining huquqiy ongi va masʼuliyati oshib borayotganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, tadbirlar davomida 242 ta pnevmatik qurol hamda 5 271 dona oʻq-dorilar aniqlandi. Barcha aniqlangan ashyolar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tartibda rasmiylashtirildi.

Yoki joriy yilning oʻtgan davrida bojxona organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar, nazorat tekshiruvlari va profilaktik choralar natijasida jami 28 ta qonunbuzilish holati aniqlangan.

Mazkur holatlar boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida noqonuniy 18 ta pnevmatik va sovuq turdagi qurollar, 98 dona oʻq, 114 dona gilza va 1 kilogramm 270 gramm portlovchi moddalar ushlab qolingan.

Ushbu koʻrsatkichlar mamlakatimizda qurollar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda noqonuniy aylanmani bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlarning izchil va samarali ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Share:

Related News

Oʻzbekistonda qurollar ustidan nazorat kuchaytirildi: 200 dan ortiq holat aniqlandi | Effect.uz