⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Iqtisodiy sud qarori ortidan paydo boʻlgan jinoyat ishi: Yunusobod prokuraturasi “BELROSSAVDO” vakilini qamoqqa tashlash ilinjida edi…

Administrator3 h ago29 views
Iqtisodiy sud qarori ortidan paydo boʻlgan jinoyat ishi: Yunusobod prokuraturasi “BELROSSAVDO” vakilini qamoqqa tashlash ilinjida edi…

“BELROSSAVDO” MCHJ vakili Ayubxon Xoʻjayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi prokuratura iltimosnomasi 15-avgust kuni Yunusobod tuman sudida koʻrib chiqildi. Sud prokuraturaning iltimosnomasini qanoatlantirmadi va Xoʻjayevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qoʻllashni rad etdi. Sud hujjati sudya Bekzod Baxrinov tomonidan imzolangan.

Mazkur ish boʻyicha tahririyatimizga “BELROSSAVDO” MCHJ vakili murojaat qildi. Taqdim etilgan hujjatlar esa voqealar zanjiri oddiy bir jinoyat ishidan koʻra, avval iqtisodiy sudda koʻrilgan nizo keyinchalik jinoyat ishiga aylangani va oxir-oqibat kompaniya vakiliga nisbatan qamoq masalasigacha borib yetganini koʻrsatmoqda.

Avvaliga iqtisodiy sudda nima boʻlgan?

Nizoning ildizi “BELROSSAVDO” va “GLAVGIDROSPETS STROY” MCHJlar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarga borib taqaladi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2024-yil 27-fevraldagi hal qiluv qarori bilan “GLAVGIDROSPETS STROY” MCHJdan “BELROSSAVDO” MCHJ foydasiga 2 mlrd 52 mln 111 ming 205 soʻm asosiy qarz, 844,8 mln soʻm teleskopik stendlar qiymati, 150 mln soʻm penya va boshqa mablagʻlar undirish belgilangan.

Keyin kassatsiya instansiyasi teleskopik stendlar qiymatini 844,8 mln soʻmdan 422,4 mln soʻmga oʻzgartirgan, qarorning qolgan qismi esa oʻzgarishsiz qoldirilgan. 2024-yil 30-iyulda ijro varaqalari berilgan.

2024-yil 5-sentyabrdagi taftish instansiyasi qarori bilan kassatsiya qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundagi Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasi ajrimida qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2024-yil 2-dekabrdagi ajrimi bilan javobgarning taftish tartibidagi shikoyatini sudlov hayʼatida koʻrib chiqish uchun oʻtkazish rad etilgan. Yaʼni nizo bir emas, bir nechta sud bosqichidan oʻtgan.

Ijro hujjatlari asosida “BELROSSAVDO” foydasiga 2 mlrd 52 mln soʻmdan ortiq asosiy qarz, 422,4 mln soʻm teleskopik stendlar qiymati va 150 mln soʻm penyani undirish belgilangan.

Iqtisodiy nizo jinoyat ishiga aylandi

“BELROSSAVDO” advokatlari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatda keltirilishicha, jinoyat ishi “GLAVGIDROSPETS STROY” MCHJ direktori Murotkul Ashrapovning 2025-yil 17-noyabrda Yunusobod tumani IIO FMB boshligʻi nomiga yoʻllagan arizasi asosida qoʻzgʻatilgan.

Ashrapovning arizasida 2021-yil 5-martda “BELROSSAVDO” bilan qurilish inventarlarining ijara shartnomasi tuzilgani, 2963 dona temir tayanch yetkazib berilgani va keyinchalik ushbu tayanchlar “BELROSSAVDO”ga qaytarilgani, ammo kompaniya buni inkor qilib, iqtisodiy sudga soxta maʼlumotlar taqdim etgani natijasida oʻz foydasiga sud qarorini chiqartirgani haqida daʼvo qilingan.

Shu asosda “BELROSSAVDO” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 168-modda (firibgarlik) si 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ammo bu ishning qoʻzgʻatilishi qonuniyligiga keskin eʼtirozlar bor.

“Iqtisodiy sudda hujjatlar tekshirilgan”

Xoʻjayevning sudga taqdim etgan iltimosnomasida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2024-yil 27-fevraldagi qarori qabul qilinishidan oldin taraflar taqdim etgan hujjatlarning qonuniyligi, ishonchliligi va ishga aloqadorligi sud muhokamasida oʻrganilganini taʼkidlagan.

Xoʻjayev pozitsiyasiga koʻra, agar sud muhokamasi jarayonida “BELROSSAVDO” tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda qonunbuzilishi yoki soxta maʼlumotlar aniqlanganida, sud bu holat boʻyicha alohida ajrim chiqarishi mumkin edi.

Shunga qaramasdan, Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi “BELROSSAVDO” tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganmagan holda, JPKning 320², 329 va 330-moddalari talablariga zid ravishda, 2025-yil 17-dekabrda jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq fakt boʻyicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishida JPKning 331-moddasida belgilangan prokuror roziligi masalasi ham eʼtiborga molik.

Yaʼni, Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun asoslar yetarliligini oʻrganmagan va ish “Yunusobod tuman prokuraturasining aralashuvi bilan”, “GLAVGIDROSPETS STROY” MCHJ norasmiy rahbari sifatida koʻrsatilgan shaxs manfaatlari yoʻlida qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishi tugatilgan, keyin qayta tiklangan

Mazkur ishdagi yana bir muhim jihat — jinoyat ishining taqdiri. Yana bir hujjatga koʻra, “BELROSSAVDO” MCHJ vakili A.Xoʻjayev tomonidan Toshkent shahar IIBB va Toshkent shahar prokuraturasiga berilgan shikoyatlar asosida jinoyat ishi nazorat tartibida qayta oʻrganilgan. Uning natijasida JPKning 83-moddasi 2-bandi asosida jinoyat ishini tugatish haqida qaror qabul qilingan. Biroq bu qaror shahar prokuraturasi tomonidan bekor qilingan.

Maʼlum qilinishicha, ish boshqa tergov organiga emas, yana Yunusobod tuman prokuraturasi orqali Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimiga yuborilgan.

Shu yerda yana bir savol paydo boʻladi: agar jinoyat ishi nazorat tartibida oʻrganilib, tugatish haqida qaror qabul qilingan boʻlsa, ushbu qaror nega bekor qilindi va ishni qayta davom ettirishga aynan qanday asoslar sabab boʻldi?

Qonuniy undirilgan pulni noqonuniy qaytarish taklifi kimdan chiqdi?

Yana boshqa hujjatda jiddiy daʼvo keltirilgan. Unga koʻra, A.Xoʻjayevga Yunusobod tuman prokuraturasi nomidan vakil kelib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1001-2304/81603-sonli hal qiluv qarori asosida “BELROSSAVDO” MCHJ hisob raqamiga oʻtkazilgan 2 mlrd 624 mln soʻmdan 1 mlrd 300 mln soʻmni qaytarish taklifini bildirgan. Xoʻjayev ushbu taklifni rad etgan, shundan soʻng unga nisbatan ruhiy bosim oʻtkazilgani va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqida iltimosnoma kiritilgan. Bu maʼlumotni prokuratura yoki tergov organlarining tasdiqlashi ya'nikim ushbu daʼvolarga munosabati ish boʻyicha muhim hisoblanadi. Agar, munosabat berish mumkin bo'lsa.

Ijro harakatlari ham jinoyat ishi sabab toʻxtatilganmi?

Effect.uz oʻrgangan hujjatlardan koʻrinadiki, iqtisodiy sud qarori boʻyicha ijro jarayoni ham davom etgan. Majburiy ijro byurosining Boʻstonliq tuman boʻlimi iqtisodiy sudning 2024-yil 30-iyuldagi ijro varaqasi asosida ish yurituvida ijro harakatlari olib borilayotganini maʼlum qilgan.

Biroq ijro jarayonida Yunusobod tuman ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida 2026-yil 30-aprelda ijroni toʻxtatish haqida qaror taqdim etilgan.

Bu holat ham mazkur ishdagi eng muhim savollardan birini yuzaga keltiradi: qonuniy kuchga kirgan iqtisodiy sud qarorining ijrosi qaysi huquqiy asosda va qay tartibda toʻxtatilgan? Xoʻjayev vakillari prokuraturaning sud qarori ijrosini toʻgʻridan-toʻgʻri toʻxtatish vakolati yoʻqligini aytadi. Bu masalaga ham yakuniy huquqiy baho berish tegishli idoralarning pozitsiyasiga kiradi.

Xoʻjayevni qamoqqa olish soʻraldi

2026-yil avgust oyiga kelib ish yangi bosqichga kirgan. Tergov organi A.Xoʻjayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqida sudga iltimosnoma kiritgan. Tuman prokurori Yahyo Abdurahmonov ham bu iltimosnomaga rozi bo'lgan.

15-avgust kuni Yunusobod tuman sudi ushbu masalani koʻrib chiqdi. Sud ajrimidan koʻrinadiki, Xoʻjayev Ayubxon Sobitovichga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilgan.

Hujjatda sudya Bekzod Baxrinovning imzosi mavjud. Sud ajrimining oʻzida Xoʻjayevning ushlab turish muddati tugagani ham qayd etilgan.

Shu tariqa, prokuratura tomonidan soʻralgan eng ogʻir protsessual choralardan biri — qamoqqa olish — sud tomonidan qoʻllanmadi.

Sud rad etgan qamoq masalasi ortida qanday savollar bor?

Endi voqealar zanjiriga bir butun holda qaralsa, bir nechta muhim savol paydo boʻladi.

Birinchidan, “BELROSSAVDO” va “GLAVGIDROSPETS STROY” oʻrtasidagi nizo iqtisodiy sudda koʻrilib, bir nechta instansiyadan oʻtganidan keyin nima uchun jinoyat ishiga aylandi?

Ikkinchidan, iqtisodiy sud muhokamasida tekshirilgan hujjatlar boʻyicha keyinchalik soxtalik yoki boshqa jinoiy harakat alomatlari aniqlangan boʻlsa, ular aynan qaysi hujjat va dalillar bilan tasdiqlangan?

Uchinchidan, JPKning 83-moddasi 2-bandi asosida tugatilgani aytilgan jinoyat ishi qanday yangi yoki qoʻshimcha asoslar bilan qayta tiklandi?

Toʻrtinchidan, ijroga qaratilgan iqtisodiy sud qarorining ijrosini toʻxtatishga qaysi huquqiy mexanizm asos boʻlgan?

Va, nihoyat, nima sababdan masala “BELROSSAVDO” vakiliga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qoʻllashgacha borib yetdi? Bularga prokuratura va tergov organlarining rasmiy javobi juda muhim. Bu ishlar ortida aniq nepotizm yoki tanish-bilish holati yoʻqligini tekshirish esa ayniqsa eng muhim bosqichdir.

Prezident farmoni qabul qilinganidan bir kun oʻtib...

Bu voqealar orasida yana bir eʼtiborli vaqt uygʻunligi bor. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov — 2030” strategiyasi toʻgʻrisidagi Farmoni 2026-yil 14-avgust kuni qabul qilingan. Hujjatda sud tizimi ochiqligi, inson huquqlarini himoya qilish va sud nazoratini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Farmonning 9-bandida 2027-yil 1-iyuldan boshlab “asosli gumon” — Prima Facie xalqaro standarti asosida tergov sudyasiga protsessual majburlov choralarini qoʻllash haqidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov eʼlon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish vakolatini berish nazarda tutilgan. Shubha tugʻilsa, qoʻshimcha hujjatlar talab qilish imkoniyati ham belgilangan.

Eʼtiborlisi, Farmon 14-avgust kuni qabul qilingan, Xoʻjayevga nisbatan qamoqqa olish masalasi esa 15-avgust kuni sudda koʻrilgan. Albatta, Yunusobod tuman sudi aynan ushbu Farmonning 9-bandiga amal qilgan, deb aytishga hali erta. Chunki mazkur yangi mexanizm Farmonning oʻziga koʻra 2027-yil 1-iyuldan joriy etiladi.

Biroq vaqt jihatidan bu holat eʼtiborga molik: sudga qadar bosqichda shaxs huquqlarini himoya qilish va sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangi standart eʼlon qilinganidan bir kun oʻtib, sud prokuraturaning qamoq haqidagi iltimosnomasini rad etdi.

Prokuratura (Yahyo Abdurahmonov) endi nima qilmoqchi?

15-avgustdagi ajrim bilan ish yakunlangani yoʻq. Amaldagi protsessual tartibda qamoqqa olish masalasi boʻyicha sud ajrimi ustidan shikoyat yoki protest berish imkoniyati mavjud. Oliy sud Plenumining tushuntirishlarida bunday shikoyat yoki protest apellyatsiya instansiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Shuning uchun endilikda qiziq savol:

Yunusobod tuman prokuraturasi 15-avgustdagi ajrim ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protesti keltiradimi?

Agar keltirsa, Xoʻjayevni qamoqqa olish zaruratini qanday dalillar bilan asoslaydi?

Chunki hozirgi hujjatlar zanjirida quyidagi holatlar bir vaqtning oʻzida mavjud:

  • iqtisodiy sudda nizo koʻrilgan;

  • sud qarori qabul qilingan;

  • qaror bir nechta instansiyadan oʻtgan;

  • ijro varaqasi berilgan;

  • ijro harakatlari boshlangan, tugatilgan;

  • shu nizo asosida keyinchalik jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan;

  • jinoyat ishi nazorat tartibida oʻrganilib, JPKning 83-moddasi 2-bandi asosida tugatilgan;

  • qaror keyin bekor qilingan;

  • ijro harakatlari jinoyat ishi doirasida toʻxtatilgan;

  • Xoʻjayevga nisbatan qamoqqa olish soʻralgan;

  • ammo 15-avgust kuni sud qamoqqa olishni rad etgan.

Eng asosiy savol — nima uchun?

Bu ishda masala faqat bir tadbirkorlik subyekti va uning vakiliga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganida emas. Asosiy savol — iqtisodiy sudda hal etilgan va ijroga qaratilgan nizo qanday qilib jinoyat ishiga aylandi?

Agar tergov organlarida “BELROSSAVDO” mansabdor shaxslarining jinoiy harakatlarini tasdiqlovchi yetarli dalillar boʻlsa, ular iqtisodiy sudda koʻrilgan nizodan nimasi bilan farq qiladi?

Agar jinoyat ishi haqiqatan ham iqtisodiy sudga soxta maʼlumot taqdim etilgani bilan bogʻliq boʻlsa, qaysi maʼlumot soxta ekani va bu qaysi dalillar bilan isbotlangan?

Va eng muhimi — nega ishni tugatish haqida qaror qabul qilinganidan keyin ham prokuratura va tergov organlari bu ishda shunchalik qatʼiyat bilan harakat qilishda davom etmoqda, buning ortida qanday sir-asrorlar yotibdi? Qamoqqa olish toʻgʻrisidagi ishni sudga olib chiqishga rozilik bergan Yunusobod prokurori Yahyo Abdurahmonovning manfaatdor taraf “GLAVGIDROSPETS STROY” MCHJ vakillari bilan qanday yaqinligi yoki oilaviy rishtalari boʻlishi mumkin?

Effect.uz prokuratura va tergov organlarining ushbu savollarga rasmiy munosabatini olishga tayyor. Mazkur ish boʻyicha yangi sud hujjatlari va qarorlar qabul qilinsa, ularni ham oʻrganib, jamoatchilikka taqdim etamiz.

Share:

Related News

Iqtisodiy sud qarori ortidan paydo boʻlgan jinoyat ishi: Yunusobod prokuraturasi “BELROSSAVDO” vakilini qamoqqa tashlash ilinjida edi… | Effect.uz