⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

ICT Week 2026: Toshkentda yirik startap va texnologiyalar haftaligi o‘tkaziladi

Administrator3 h ago9 views
ICT Week 2026: Toshkentda yirik startap va texnologiyalar haftaligi o‘tkaziladi

22–25-sentabr kunlari Toshkentdagi CAEx majmuasida ICT Week Uzbekistan 2026 bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi dasturda texnologik tadbirkorlik, venchur bozori va xalqaro miqyosda kengayishga alohida e’tibor qaratiladi. Bir maydonda mahalliy va xorijiy founderlar, venchur fondlari, biznes farishtalar, global texnologik kompaniyalar vakillari hamda soha ekspertlari jamlanadi.

Dastur bir nechta yo‘nalishdagi tadbirlarni birlashtiradi. Ularda startap jamoalari o‘z loyihalarini namoyish etishi, yangi imkoniyatlar va foydali aloqalarni topishi, investitsiya hamjamiyati esa istiqbolli yechimlar va potensial hamkorlar bilan tanishishi mumkin bo‘ladi. ICT Week barcha ishtirokchilar uchun netvorking va tajriba almashish maydoniga aylanadi.

Startup & Venture Summit — startap dasturining asosiy boshlanish nuqtasi

22-sentabr kuni Startup & Venture Summit bo‘lib o‘tadi. Tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan founderlar, investorlar va startap ekotizimi vakillarini bir joyga jamlaydi.

Dastur markazida mintaqadagi venchur bozorining keyingi rivojlanish bosqichi turadi: mahalliy startaplarning o‘sishi, kapital jalb qilish, xalqaro miqyosda kengayish hamda ekotizim rivojida davlat va xususiy investorlarning roli muhokama qilinadi. Sahnada texnologik kompaniyalar asoschilari, venchur fondlari vakillari va innovatsion biznes bilan ishlaydigan tashkilotlar rahbarlari qatnashadi.

Sammit ICT Week’ning butun startap dasturiga start beradi va keyingi kunlarda davom ettiriladigan asosiy mavzularni belgilab beradi.

Enterprise Uzbekistan Summit — xalqaro biznes uchun yangi texnologik yurisdiksiya

23-sentabr kuni O‘zbekistonni yangi texnologik yurisdiksiya sifatida rivojlantirishga bag‘ishlangan Enterprise Uzbekistan Summit bo‘lib o‘tadi. Asosiy e’tibor huquqiy aniqlik, institutsional infratuzilma hamda xalqaro texnologik kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlarga qaratiladi.

Dasturdan Enterprise Uzbekistan vakillarining chiqishlari, EY va BDO ekspertlarining keynote sessiyalari, IT Park Uzbekistan va Enterprise Uzbekistan ishtirokidagi fireside chat hamda “Rethinking Jurisdictions for the Global Technology Economy” panel muhokamasi o‘rin olgan.

Ishtirokchilar xalqaro kompaniyalar nima uchun biznes yuritish uchun O‘zbekistonni tanlayotgani, ekotizimning asosiy institutlari o‘rtasida vazifalar qanday taqsimlangani va texnologik iqtisodiyotning keyingi o‘sishi uchun qanday tartibga solish sharoitlari zarurligini muhokama qiladi.

Global Startup Ecosystem Awards by StartupBlink — eng yaxshi startap ekotizimlari taqdirlanadi

Shu kuni StartupBlink va IT Park Uzbekistan hamkorligidagi maxsus tadbir — Global Startup Ecosystem Awards ham bo‘lib o‘tadi.

Marosim doirasida StartupBlink global reytinglarida yuqori natijalarga erishgan shaharlar, mamlakatlar va hududlar taqdirlanadi. Taqdirlash marosimidan so‘ng “Best Practices in Startup Ecosystem Development” panel muhokamasi o‘tkaziladi. Unda yetakchi ekotizimlar vakillari o‘sish omillari, resurslarni taqsimlashdagi ustuvor yo‘nalishlar va rivojlanayotgan texnologik bozorlar qo‘llashi mumkin bo‘lgan tajribalarni muhokama qiladi.

Startup World Cup — Toshkentdan San Fransiskogacha

Haftaning asosiy voqealaridan biri 24-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan Startup World Cup mintaqaviy finali bo‘ladi.

Eng yaxshi startaplar xalqaro hakamlar hay’ati va venchur hamkorlari qarshisida jonli pitch bilan chiqish qiladi. Mintaqaviy bosqich g‘olibi San Fransiskoda o‘tkaziladigan global Startup World Cup’da ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. U yerda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan finalistlar $1 mln miqdoridagi investitsiya mukofoti uchun kurashadi.

Startaplar uchun mintaqaviy bosqich nafaqat global finalga chiqish, balki o‘z pitchini xalqaro ekspertlar oldida sinab ko‘rish, fikr-mulohazalar olish va mahsulotini venchur bozori vakillariga namoyish etish imkoniyati.

AI Native: Ideas to Innovation — AI-g‘oyadan biznes yechimigacha

Shuningdek, 24-sentabr kuni sun’iy intellekt bilan ishlayotgan jamoalar va mutaxassislar uchun AI Native: Ideas to Innovation dasturi bo‘lib o‘tadi.

Asosiy e’tibor AI-g‘oyalarni ishlaydigan texnologik va biznes mahsulotlarga aylantirishga qaratiladi. Dastur LLM, bulutli texnologiyalar, multilingual AI, robototexnika, AI-agentlar va biznesni avtomatlashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Yosh mutaxassislar uchun imkoniyatlar — AI-ta’lim, hakatonlar va karyera yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor beriladi.

AI-startaplar uchun bu qaysi texnologik yo‘nalishlar tajriba bosqichidan real mahsulotlar va tijoriy yechimlarga o‘tayotganini ko‘rish imkoniyati bo‘ladi.

AWS Community Day Uzbekistan — mahsulotlarni masshtablash uchun texnologiyalar

25-sentabr kuni AWS texnologiyalari, bulutli yechimlar va zamonaviy texnologik yo‘nalishlarga bag‘ishlangan AWS Community Day Uzbekistan bo‘lib o‘tadi.

Texnologik jamoalar uchun bu mavzular ayniqsa o‘sish bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Foydalanuvchilar soni ortishi bilan startaplar infratuzilma, unumdorlik, barqarorlik va mahsulotni masshtablash bilan bog‘liq masalalarni hal qilishi kerak bo‘ladi. Shu sababli AWS Community Day ICT Week’ning investitsiyaga bag‘ishlangan qismini kompaniyalar rivojiga texnik nuqtayi nazardan qarash bilan to‘ldiradi.

Ignyte AI Challenge — AI-startaplar pitchlari

25-sentabr kuni o‘tkaziladigan yana bir tadbir — Ignyte AI Challenge. ICT Week ishtirokchilari startap jamoalarining o‘z AI-yechimlarini xalqaro ekspertlarga taqdim etishini tomosha qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu — istiqbolli loyihalar bilan tanishish, bugun AI sohasida qanday mahsulotlar ishlab chiqilayotganini ko‘rish va founderlar o‘z yechimlarini professional auditoriyaga qanday taqdim etishini kuzatish imkoniyati.

TAQDIMOT — Startup Show & Pitch Battle

Startap dasturini 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan TAQDIMOT (Startup Show & Pitch Battle) yakunlab beradi.

Sahnada istiqbolli texnologik loyihalar qisqa taqdimotlar va pitch battle formatida namoyish etiladi. Startaplar uchun bu o‘z mahsulotini keng professional auditoriyaga ko‘rsatish va jamoa o‘z yechimining qiymatini qanchalik aniq tushuntira olishini sinab ko‘rish uchun yana bir imkoniyatdir.

TAQDIMOT ICT Week’ning to‘rt kunlik dasturidagi startaplarga oid so‘nggi tadbir bo‘ladi.

ICT Week 2026 doirasida yana nimalar bo‘ladi?

Startaplar va venchur investitsiyalari ICT Week dasturining faqat bir qismi. Umumiy dasturdan AI Forum, Fintech Forum, Tech & Service Outsourcing Conference, Uzbek–Japan Digital Community Forum, OTS Technology Forum, GameGap: GameDev Conference, Sabriya: Women in Digital Economy va Uzbekistan–Middle East Tech Summit ham o‘rin olgan.

Shu tariqa dastur nafaqat tadbirkorlik va investitsiyalarni, balki sun’iy intellekt, fintech, enterprise-texnologiyalar, bulutli infratuzilma, autsorsing, geymdev va xalqaro texnologik hamkorlik yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.

ICT Week Uzbekistan 2026 — yilning eng yirik texnologik haftaligiga qo‘shiling.

Ro‘yxatdan o‘tish allaqachon ochilgan.

Share:

Related News

ICT Week 2026: Toshkentda yirik startap va texnologiyalar haftaligi o‘tkaziladi | Effect.uz