AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri amalga oshirilganini bildirdi.
Uning aytishicha, AQSH Markaziy qoʻmondonligi Fors koʻrfazida joylashgan Xark orolidagi barcha harbiy obyektlarga kuchli zarbalar bergan. Mazkur orol Eron neft mahsulotlarining taxminan 90 foizi eksport qilinadigan strategik port hisoblanadi.
“Qurollarimiz dunyoda mavjud boʻlgan eng kuchli va mukammal qurollardir. Biroq men odob-axloq nuqtayi nazaridan oroldagi neft infratuzilmasini yoʻq qilmaslikka qaror qildim.
Agar Eron yoki boshqa biror davlat Ormuz boʻgʻozi orqali kemalarning erkin va xavfsiz harakatiga toʻsqinlik qilsa, men bu qarorni darhol qayta koʻrib chiqaman”, — dedi Tramp.
Uning taʼkidlashicha, Eron oʻz hududidagi obyektlarni himoya qilishga qodir emas.
“Eron biz nishonga olmoqchi boʻlgan obyektlarni himoya qila olmaydi — ular buning oldini olishga qodir emas. Eron hech qachon yadroviy qurolga ega boʻlmaydi. Eron armiyasi va ushbu rejimga aloqador barcha shaxslar uchun qurolni tashlab, mamlakatda qolgan narsalarni saqlab qolish oqilona qaror boʻlardi”, — dedi u.




