⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

Toshkentda yirik jinoiy “toʻda” ustidan sud boshlandi

Administrator20 soat oldin39 ko'rishlar

Bugun, 13-aprel kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Shayhontohur tumani sudida sudya Sirojiddin Xasanov raisligida firibgarlik va tovlamachilik bilan bogʻliq jinoyat ishi doirasida bir guruh shaxslar ustidan sud jarayoni boshlandi.

Sudlanuvchilar fuqarolarga qarz berish bahonasida koʻchmas mulklarni garov sifatida rasmiylashtirish orqali ularni oʻz nomlariga oʻtkazgani aytiladi. Qarz oʻz vaqtida qaytarilmagan holatlarda esa fuqarolarni uyidan chiqarish va mulkni olib qoʻyish holatlari kuzatilgani taʼkidlanmoqda. Shu bilan birga, garovga qoʻyilgan mulk qiymati berilgan qarzdan 3–4 barobar yuqori boʻlgani qayd etilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur ish doirasida 1989-yilda tugʻilgan Sardor Rominov, 1990-yilda tugʻilgan Baxtiyor Yoʻldashev va 1993-yilda tugʻilgan Timur Xusanov 2024-yil 11-sentyabr kuni qoʻlga olingan. Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, keyinchalik sudga oshirilgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, 43 nafar fuqaro ushbu holatdan jabrlangan.

13-aprel kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Shayhontohur tumani sudida sudya Sirojiddin Xasanov raisligida mazkur ish boʻyicha sud jarayoni boshlandi. Ushbu ish doirasida jami 9 nafar shaxs firibgarlik, tovlamachilik, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati va litsenziyasiz faoliyat yuritish bilan bogʻliq moddalar boʻyicha ayblanmoqda.

Ayblanuvchilar qatorida Timur Xusanov, Sardor Rominov, Baxtiyor Yoʻldashev bilan birga Guljan Musayeva, Oleg Ni, Izzatulla Sunnatullayev, Lazizxodja Narxodjayev, Yuriy An va Akmaljon Rasulov ham bor.

Tergov versiyasiga koʻra, gumonlanuvchilar fuqarolar bilan shartnoma tuzganidan soʻng, kelishilgan mablagʻning toʻliq qismini bermagan holatlar ham kuzatilgan. Xususan, ayrim holatlarda 100 ming dollar qarz rasmiylashtirilgan boʻlsa-da, amalda 65–70 ming dollar berilgani, qolgan qismi esa turli xizmat haqlari sifatida ushlab qolingani aytilmoqda.

Mazkur ish boʻyicha jabrlangan fuqarolar Effect.uz tahririyatiga murojaat qilib, sud jarayonini yoritishda amaliy yordam soʻragan.

Shuningdek, jabrlanuvchilarning taʼkidlashicha, ular oʻzlarini interpol xodimi sifatida koʻrsatib, soxta guvohnomalar koʻrsatgan holda, odamlarni yashayotgan xonadonidan qoʻrqitib, haydab chiqargan.

Ayni paytda ayblanuvchilar yoki ularning himoya tomonining rasmiy pozitsiyasi hozircha maʼlum qilinmagan. Effect.uz tez orada mazkur ish boʻyicha jurnalistik surishtiruvni eʼlon qiladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Toshkentda yirik jinoiy “toʻda” ustidan sud boshlandi | Effect.uz