⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

Tinchlik, ma’rifat va global muloqot: Toshkentda Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi boshlandi

Administrator1 soat oldin1 ko'rishlar
Tinchlik, ma’rifat va global muloqot: Toshkentda Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi boshlandi

Toshkent xalqaro gumanitar diplomatiyaning muhim maydoniga aylanmoqda. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘z ishini boshlagan «I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini qayta anglash, uni zamonaviy taraqqiyot kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro hamkorlikning yangi modellarini shakllantirishga qaratilgan eng yirik xalqaro platformalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Yuzlab olimlar, diniy arboblar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va davlat delegatsiyalarini birlashtirgan forum O‘zbekistonning madaniy merosni saqlash siyosati bilan global gumanitar muloqotni bog‘lovchi yangi bosqichni boshlab bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan haqiqiy mohiyatini xalqaro miqyosda kengroq namoyon qilish, qo‘lyozmalar va madaniy merosni asrash, ularni raqamlashtirish hamda turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashdan iborat. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, bunday muloqot maydonlariga ehtiyoj so‘nggi yillarda dunyoda diniy murosasizlik, ekstremizm va islomofobiya bilan bog‘liq bahslar kuchaygan bir davrda yanada ortmoqda.

Forumda ICESCO Bosh direktori doktor Solim al-Molik, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso, Iordaniya shahzodasi Hasan bin Talol, Rossiya musulmonlari muftiysi Ravil Gaynutdin, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, IRSICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda va boshqa ko‘plab nufuzli mehmonlar ishtirok etmoqda. Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi. Murojaatda mamlakatda islom sivilizatsiyasi merosini tiklash, asrash, fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va xalqaro gumanitar hamkorlikni kengaytirish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, buyuk allomalar merosini kelajak avlodlarga yetkazish hamda islomning insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga xolis yetkazish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim vazifalaridan biri sifatida qayd etildi.

Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti rahbari Muzaffar Kamilov forumni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’rifiy islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholab, ishtirokchilarni jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti — qadimiy va mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida, shaxsan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazida qutlash katta sharaf ekanini bildirdi. O‘z navbatida, ICESCO Bosh direktori Solim al-Molik forumdagi nutqida O‘zbekistonning so‘nggi yillarda gumanitar sohada amalga oshirgan islohotlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, mamlakatda tarixiy merosni saqlash, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan siyosat nafaqat milliy, balki butun islom sivilizatsiyasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning fuqarolik jamiyati, ijtimoiy adolat, iqtisodiy taraqqiyot va tashqi siyosat sohalarida erishayotgan yutuqlari butun islom olami uchun katta iftixor manbaidir.

Ochilish marosimida, shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik maktubi ham o‘qib eshittirildi. Unda forum zamonaviy xalqaro munosabatlarda tinchlik, muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida baholanib, islomofobiya kuchayib borayotgan bugungi sharoitda islomning haqiqiy insonparvarlik mohiyatini xalqaro maydonda kengroq namoyon qilish umumiy tarixiy mas’uliyat ekani ta’kidlandi. Forumda so‘zga chiqqan notiqlar Movarounnahr sivilizatsiyasi insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissani alohida qayd etib, Samarqand, Buxoro, Termiz va Xiva kabi tarixiy shaharlarni global ilmiy va madaniy meros markazlari sifatida yanada keng targ‘ib qilish zarurligini bildirdilar. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, tarixiy merosni muhofaza qilish va akademik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat ilmiy anjuman, balki zamonaviy xalqaro munosabatlarda madaniy diplomatiya, ilm-fan va ma’rifat orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan strategik platforma sifatida shakllanmoqda. Toshkentda boshlangan mazkur muloqot O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro akademik maydon bilan bog‘lash, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni kengaytirish hamda islom sivilizatsiyasining insonparvarlik, ilm va bag‘rikenglikka asoslangan qadriyatlarini global darajada ilgari surishga xizmat qiladi. Forumning birinchi kunida ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning gumanitar diplomatiya sohasidagi roli ortib borayotganini hamda mamlakat Markaziy Osiyoda xalqaro intellektual hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda BMTning Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi qarorgohlarida, shuningdek, YUNЕSKOning Parijdagi ofisida islom sivilizatsiyasi va ajdodlarimiz merosiga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimotlar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblangan mazkur forum o‘z ishini 11 iyulga qadar davom ettiradi. Forum doirasida Samarqand va Termiz shaharlarida buk allomalar merosiga bag‘ishlangan to‘rtta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Tinchlik, ma’rifat va global muloqot: Toshkentda Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi boshlandi | Effect.uz