Shaxmat boʻyicha Oʻzbekistonning birinchi jahon chempioni Rustam Qosimjonov bilan yangi avtomobildagi suhbatda zamonaviy shaxmat, yosh avlodning kuchayishi, Oʻzbekiston shaxmatchilari va davlat mukofotlari haqida gaplashildi.
Qosimjonovning taʼkidlashicha, bugun shaxmat bilan shugʻullanish uchun imkoniyatlar ancha koʻpaygan. Internet, kompyuter va elektron bazalar yosh shaxmatchilarga dunyodagi partiyalarni oʻrganish va tayyorgarlik koʻrish imkonini bermoqda.
“Balki kelajakda bundan hamoshroq chempionlar paydo boʻlishi mumkin”, — dedi Qosimjonov.
U soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda shaxmatga eʼtibor va musobaqalar soni sezilarli oshganini qayd etdi.
“Meni endi koʻproq koʻrasizlar”
Jurnalist Rustam Qosimjonovning maʼlum bir davrda ommaviy axborot vositalarida kamroq koʻringani haqida soʻraganda, u doimo ish bilan band boʻlganini aytdi.
“Men har doim ish qilib yurgan edim, har doim band edim. Lekin hozir Oʻzbekistonda ishimiz koʻproq. Musobaqalar juda koʻp, rejalar koʻp, eʼtibor juda katta. Mening ham tajribam foyda berayapti. Shuning uchun, Xudo xohlasa, meni endi koʻproq koʻrasizlar”, — dedi u.
Qosimjonov hozir asosiy eʼtiborini xorijlik shaxmatchilarga emas, Oʻzbekiston vakillariga qaratayotganini bildirdi.
“Bizning bolalar yaxshi oʻynasa, boshqalar qanday oʻynayotgani menga, ochigʻini aytsam, unchalik qiziq emas. Olimpiadada ham boshqa natijalarga uncha qaramadim”, — dedi u.
Uning fikricha, bugungi kunda Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovdan kuchliroq shaxmatchilar yoʻq.
“Bizning bolalarimiz haqiqiy chempion boʻlishiga ishonaman. Javohir ham noyabr–dekabr oylarida rasmiy tarzda jahon chempioni boʻlib qaytishiga ishonaman”, — dedi Qosimjonov.
“Bizning ishimiz hali koʻp”
Prezident bilan uchrashuv vaqtida qanday gaplashgani haqida soʻralganda, Qosimjonov Prezident unga: “Bizning ishimiz hali koʻp”, deganini aytdi.
“Men buni yaxshi tushunaman. Prezidentning gʻoyalari koʻp, niyatlari koʻp. Biz bor kuchimizni beramiz”, — dedi u.
Suhbat davomida Qosimjonov davlat tomonidan sportchilarga berilayotgan mukofotlar haqida ham gapirdi.
Uning aytishicha, avvalgi yillarda bugungidek katta mukofotlar boʻlmagan. Biroq shaxmatchi davlat va xalq mehrini doimo his qilgan.
“2000-yilda Olimpiadada medal olganimda menga Tiko berishgandi”, — dedi Qosimjonov.
U oʻsha paytda Tikoni ham xursand boʻlib haydaganini esladi.
“Hozir esa, koʻrib turibmiz, davr oʻzgardi, davlatimizning imkoniyatlari oʻzgardi. Mamlakatdagi imkoniyatlar oshdi. Mashina ham, koʻrib turibsiz, kattaroq boʻlib qoldi”, — dedi u.
Jurnalistning “Yutuqqa yarasha-da endi”, degan gapiga Qosimjonov qisqa javob berdi:
“Yutuqqa yarasha”.


