Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi. Marosimga hududlardagi studiyalar orqali nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillari ulandi.
Shuningdek, turli millat va diniy konfessiyalar aʼzolari, diplomatik korpus namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi. Bundan tashqari tadbirga oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov ham tashrif buyurdi.
Tadbir avvalida davlati rahbari butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbdan tabrikladi. Shu ulugʻ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sogʻ-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukronalar aytildi.
Prezident hozirgi gʻoyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmatligini, 38 milliondan ziyod aholimiz yagona xalq, ahil bir oila boʻlib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etish zarurligini taʼkidladi.
“Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari roʻyobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-maʼrifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.
Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi boʻlgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin! – dedi Prezident.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda rivojlangan davlat va erkin jamiyat poydevorini barpo etish uchun “Eng avvalo, ilm va taʼlim” degan oliy maqsad hayotga joriy etilmoqda. Zero, muqaddas islom dini ham insonni doimo ilmu maʼrifatga daʼvat etadi.
Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulugʻbek darvozasi peshtoqiga Qurʼoni karimning “Iqro!” – “Oʻqi!” degan muborak oyati muhrlab qoʻyilgani ramziy va teran maʼnoga ega ekani aytildi.
Markazni barpo etish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida eʼlon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.
Loyiha shoshilinch emas, chuqur oʻylangan, ilmiy tadqiqot va izlanishlar bilan uygʻun holda amalga oshirildi. Natijada Hazrati Imom majmuasi yonida betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega boʻlgan sharqona shaharcha qad rostladi.
Markazda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini yagona maʼrifiy makonda koʻrish, shu asosda xalqning intellektual va madaniy salohiyatini yanada teran anglash mumkin.

“Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, oʻzining qanday ulugʻ meros egasi ekanini his etib, qalbi gʻurur va iftixorga toʻladi”, – dedi Prezident.
Nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun mintaqaning maʼnaviy mulki boʻlgan bebaho boylikni chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi degan nom ostida birlashtirishga qaror qilingani aytildi.
Xalqaro ekspertlar eʼtirof etganidek, bugun Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha oʻziga xos katta ilmiy maktab shakllanayotgani, mamlakatimiz oʻzining qanchalik katta intellektual salohiyati borligini dunyoga namoyon eta olgani taʼkidlandi.
Prezident markazning koʻlami va imkoniyatlari haqida toʻxtalib, ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgani, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etishini qayd etdi.
Bu yerda “Oʻzbekiston zaminida islomgacha boʻlgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilib, oʻtgan yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari Oʻzbekistonga keltirilgani taʼkidlandi.

Markazning asosiy zali – muqaddas Qurʼon zalida dunyodagi eng qadimiy oltita Qurʼoni karimdan biri boʻlgan moʻtabar Usmon Musʼhafi oʻzining yuksak maqomiga munosib sharafli oʻrin topgan. Shuningdek, turli davrlarga oid nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham shu yerda jamlangan.
Qayd etilganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi 2025-yilning oʻzidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ular orasida qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazirlar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari bor.
Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar ishtirok etdi.
Davlat rahbari ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qoʻshgan loyihachi va quruvchilar, muhandislar, olimu ulamolar, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati aʼzolariga, barcha fidoyi insonlarga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, mazkur yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini koʻrsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytildi.

“Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida boʻlmasin, tariximizga tegishli bir varaq qoʻlyozma boʻlsa ham, bitta eksponat boʻlsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani oʻrtaga qoʻygan edim. Ming shukrki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz”, – dedi davlat rahbari.
Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalarni aniqlash va oʻrganish uchun yangi xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi taʼkidlandi. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlar keng jalb etiladi.
Shuningdek, Markaz faoliyatini keng koʻlamda yoʻlga qoʻyish maqsadida bu yerda ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ofislar tashkil etilgani qayd etildi. Endi ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi belgilandi.
Markazda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ham oʻzining yangi qarorgohiga ega boʻlgani, bu yerda islom merosini chuqur oʻrganish, diniy xodimlar va imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Yaqin kelajakda BMT qarorgohida ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining taqdimotlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Prezident markaz maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyat uchun fundamental baza boʻlishini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarda shu yerda oʻqishi, oʻqituvchi-domlalar esa oʻz bilimi va malakasini oshirishi nazarda tutilgan.
Eng muhimi, markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulugʻbeklar, fargʻoniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerakligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari olim va tadqiqotchilar, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlar, ijodkor yoshlarga murojaat qildi:
“Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va koʻrsatuvlar uch ming yillik tarix va madaniyatning soʻnmas ovozi boʻlib dunyoga taralsin! Yangi Oʻzbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va maʼrifat diyori sifatida olamga tarannum etsin! Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy gʻurur maktabiga aylansin!” – dedi Prezident.

Soʻzining yakunida davlat rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimiz va jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qiladigan tinchlik, ezgulik, bilim va maʼrifat maydoni boʻlib qolishiga ishonch bildirdi.
Iftorlik marosimida Qurʼoni karimdan tilovat qilindi. Muqaddas Ramazon oyida tutilayotgan roʻzalar, qilinayotgan ibodatlar qabul boʻlishi, Yaratgan Parvardigor xalqimizni va Oʻzbekistonni oʻz panohida asrashini soʻrab, duolar qilindi.




