⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Madaniyat

Munosabatga munosib munosabat. Kosonsoydagi teatr tanlovi mojaroga sabab boʻldi

Abror Eshonxonov13-mart, 2026, 02:4074 ko'rishlar
Munosabatga munosib munosabat. Kosonsoydagi teatr tanlovi mojaroga sabab boʻldi

Munosabatda qayd etilishicha, joriy yilning 6-mart kuni tumandagi 4-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Turon” teatr tanlovining tuman bosqichi oʻtkazilgan.

Tanlovda jami 12 ta umumtaʼlim maktablari jamoalari ishtirok etgan.

Tanlov yakunlariga koʻra:

10-sonli maktab jamoasi — 1-oʻrin,

43-sonli maktab jamoasi — 2-oʻrin,

22-sonli maktab jamoasi — 3-oʻrinni egallagan.

“Hakamlar hayʼati tarkibiga soha mutaxassislari jalb etilgan boʻlib, tanlovning tuman bosqichi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2026-yil 10-fevraldagi 02-14-04 va 08-q/q-sonli qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida tashkil etilgan.

Shuningdek, tanlov boshlanishidan avval barcha ishtirokchilar nizom bilan tanishtirilgan. Har bir shart boʻyicha jamoalarning chiqishlari, yutuq va kamchiliklari hakamlar hayʼati tomonidan joyida izohlab berilgan.

Shu oʻrinda eslatib oʻtamizki, ijtimoiy tarmoqlarda asoslanmagan yoki yolgʻon maʼlumotlarni tarqatish uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjud”, — deyiladi munosabatda.

Munosabatga qarshi munosabat

Kosonsoy tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan eʼlon qilingan munosabat shosha-pisha yozilgani va yetarlicha faktlar bilan asoslanmagani ushbu tadbir koʻr-koʻrona oʻtkazilganidan dalolatdir.

Dastavval “Turon” teatr tanloviga jalb qilingan hakamlar hayʼati guruhi bilan sizlarni tanishtirsak:

1. Ahmadjon Oʻgʻlonov — tuman MMTB maʼnaviy- maʼrifiy ishlar boʻyicha bosh mutaxassis.

2. Dilshod Isakov — Respublika maʼnaviyat markazi tuman boʻlimi rahbari.

3. Manzuraxon Mallayeva — tuman “Barkamol avlod” markazi rahbari.

4. Amirxon Usmonov — kosonsoylik komik-aktyor, bloger (Instagram tarmogʻida 3 mingdan ziyod obunachisi bor).

Quyida aytib oʻtilgan hakamlar hayʼati “Yulduzli tunlar” asaridan tayyorlangan sahna koʻrinishini tarbiyaviy ahamiyatga ega emas deya baholashgan.

“Yulduzli Tunlar” asari oʻzbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub tarixiy roman. Qodirov mazkur roman ustida oʻn yil (1969—1978-yilgacha) davomida ish olib borgan.

Asarda Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligi, davlatchilik uchun kurashi va shaxsiy hayoti badiiy tarzda tasvirlangan. Ushbu asar orqali insonning irodasi, adolatga intilishi, bilimga hurmati oshadi.

Eng qizigʻi bu asar maktab hamda oliy taʼlim muassasalarida adabiy-tarixiy asar sifatida oʻqitilib keladi. Agarda tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlmaganida muallif 10-yil umrini ketkazgan boʻlarmidi? Hakamlarning bu qaroridan keyin marhum yozuvchining arvohi chirqiraganligi aniq.

Murojaatchining maʼlum qilishicha, tanlov gʻolibi boʻlgan 10-maktab “zam” direktori Ahmadjon Oʻgʻlonov bilan qarindoshchilik aloqasi bor.

Nizomga koʻra, “Turon” maktab teatri tanlovlarida hakamlar hayʼati tarkibiga soha mutaxassislari jalb qilinishi va ular ishtirokchi jamoalarga aloqador boʻlmasligi lozimligi qayd etilgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda madaniyat vazirligining “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida shunday deyilgan:

“Turon” maktab teatri tanloviga viloyat musiqali drama teatri hamda qoʻgʻirchoq teatridan hakamlar hayʼati tarkibi uchun aktyor va aktrisalar hamda rejissyorlarni jalb qilinsin”

Siz roʻkach qilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomning 4-bandida esa bunday yozilgan:

Hakamlar hayʼati tarkibiga ishtirok etadigan jamoalarga aloqasi boʻlmagan vakillar kiritilishi lozim. Shuningdek, viloyatlardagi teatr aktyorlari va sanʼat maktabi oʻqituvchi-pedagoglarini jalb qilish tavsiya etiladi.

Ana endi Kosonsoy tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga savollarimiz bor:

1. Qoʻshma qarorda “Turon” maktab teatri tanlovi uchun hakamlar hayʼati tarkibiga viloyat musiqali drama teatri yoki qoʻgʻirchoq teatridan aktyorlar, aktrisalar va rejissyorlar jalb qilinishi belgilangan. Kosonsoy tumanidagi tanlovda esa bunday mutaxassislar nega ishtirok etmagan? Kosonsoyda yoki Namangan viloyatida aktyor yoki aktrisalar topilmadimi yoki ularni jalb qilishga urinish boʻlmaganmi?

2. Tuman MMTB mutaxassisi, maʼnaviyat markazi rahbari yoki bloger tanlovning badiiy va rejissyorlik jihatlarini baholash uchun professional kompetensiyaga egami? Tanlov qatnashchilariga ballar, protokollar yoki rasmiy baholash varaqalari taqdim etilganmi?

3. Hakamlar hayʼati tarkibi toʻgʻrisida ishtirokchi maktablarga oldindan rasmiy maʼlumot berilganmi? Agar berilgan boʻlsa, maktab jamoalari bu tarkibga nisbatan eʼtiroz bildirish imkoniyatiga ega boʻlganmi?

Xulosa

Kosonsoy tumanidagi “Turon” teatr tanlovi rasmiy munosabatda qonun va nizom talablari asosida oʻtkazilgani aytilsa-da, hakamlar hayʼati tarkibi va baholash jarayonida professional standartlar saqlanmagani koʻzga tashlanadi.

Ayniqsa, mahalliy mutaxassislar va blogerlar asarning tarbiyaviy ahamiyatini baholashda toʻliq kompetent emasligi tanlovning shaffof oʻtkazilmaganidan dalolat beradi.

Shu bois, badiiy va akademik mezonlardan kelib chiqqan holda tanlovning haqqoniyligini taʼminlash uchun Madaniyat vazirligidan ushbu holatga eʼtibor qaratishini soʻraymiz.

Ulashish:

Munosabatga munosib munosabat. Kosonsoydagi teatr tanlovi mojaroga sabab boʻldi | Effect.uz