⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jahon

Kapadokiya otlar festivaliga mezbonlik qiladi

Administrator1 soat oldin2 ko'rishlar
Kapadokiya otlar festivaliga mezbonlik qiladi

Turkiyaning mashhur sayyohlik maskanlaridan biri Kapadokiya o‘ziga xos qoyalari, g‘or mehmonxonalari, yerosti shaharlari va tong sahardagi havo shari parvozlari bilan xalqaro hamda mahalliy sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. 2025-yilning o‘zida hududga 4,5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich Kapadokiyaning Turkiyadagi yetakchi madaniy turizm yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.

Kapadokiya nafaqat tabiiy manzaralari, balki mahalliy an’analari va turizm bilan bog‘liq turli tajribalari bilan ham e’tibor qozonadi. Hududning vodiylari va o‘ziga xos tabiiy manzaralarini yaqindan his etishning eng ommalashgan usullaridan biri — ot sayridir.

Tarixda “go‘zal otlar o‘lkasi” deb atalgan Kapadokiyada otchilik madaniyati alohida o‘rin tutadi. Ana shu merosni targ‘ib etishga qaratilgan “II Kapadokiya ot va otchilik madaniyati” festivali 2026-yil 3–5-iyul kunlari Go‘reme festival maydonida bo‘lib o‘tadi. Uch kun davom etadigan festival dasturidan an’anaviy va zamonaviy ot tomoshalari, Turkiya hamda xorijiy mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar chiqishlari, ot ustida kamondan o‘q otish, otliq namoyishlar va an’anaviy poyga musobaqalari o‘rin olgan.

Festival dasturi otliq namoyishlar bilan cheklanib qolmaydi. Tadbir davomida ko‘rgazmalar, ma’ruzalar va panel muhokamalari tashkil etilib, ularda turli sivilizatsiyalarda otchilik madaniyatining shakllanishi va rivojlanish jarayonlari yoritiladi.

Festival mehmonlari tadbir davomida Nevshehir oshxonasining o‘ziga xos ta’mlari bilan ham tanishadi. Nevshehir gastronomiyasi Michelin GUIDE ro‘yxatiga kiritilgach, xalqaro miqyosda yanada keng tanila boshladi. Madaniyat, tarixiy meros, gastronomiya va betakror manzaralarni uyg‘unlashtirgan festival hududning asl ruhini yaqindan his etish imonini beradi.

Dasturdan bolalar uchun o‘yin hududlari, tashrif buyuruvchilar uchun yo‘riqnoma asosidagi ot sayrlari, jirit kabi an’anaviy otliq namoyishlar hamda otlar go‘zallik tanlovlari ham joy olgan. Kapadokiyaning o‘ziga xos tabiiy manzaralari fonida o‘tkaziladigan konsertlar va jonli chiqishlar festival muhitiga madaniy rang-baranglik bag‘ishlaydi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Kapadokiya otlar festivaliga mezbonlik qiladi | Effect.uz