Ichki ishlar vazirligi tizimida aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish va fuqarolar murojaatlarini samarali koʻrib chiqish maqsadida shaxsiy va sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.
24-sentyabr kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik – Ramazon Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi.

Unda 138 nafar fuqaroning 128 ta murojaati oʻrganildi. Murojaatlarning 68 tasi tergov va surishtiruv, 25 tasi tergovga qadar tekshiruv, 11 tasi xodimlarning xatti-harakatlari, 24 tasi esa ichki ishlar organlari faoliyatining boshqa yoʻnalishlariga oid boʻlgan.
Qabulning ayrimlari onlayn shaklda ham tashkil etilib, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi fuqarolar murojaatlari masofadan qabul qilindi.

“Bizga har doim murojaat qilinsa, javobimiz «labbay” boʻladi. Biroq, hatto departament rahbari sifatida tergovchi tomonidan qabul qilinayotgan qarorga aralashishga meni ham haqqim yoʻq. JKning 236-moddasida faqat nazorat qila olishim mumkinligi koʻrsatilgan, aralashish emas. Shuni bilish kerakki, javobgarlik muqarrarligi doim taʼminlanadi», deydi Ashrapov.

Murojaatlarning 32 tasi (25 foizi) shu joyning oʻzida ijobiy hal etilgan, 34 tasi (26 foizi) boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan 62 ta murojaat (49 foiz) ijroga yoʻnaltirilib, nazoratga olingan.

Vazirlik maʼlum qilishicha, aholi bilan ochiq va bevosita muloqotga qaratilgan shaxsiy hamda sayyor qabullar tizimli ravishda davom ettiriladi.




