Jamiyat

Doʻrmon yoʻlida halok boʻlgan YPX inspektori oilasi nega yordamsiz qoldi?

Administrator1 soat oldin5 ko'rishlar

Doʻrmon yoʻlida halok boʻlgan YPX inspektorining rafiqasi EFFECT.UZʼga murojaat qildi. Joriy yil 16-iyul kuni Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida YPX inspektorlari ishtirokida ogʻir YTH sodir boʻlgan. Hodisa oqibatida YPX inspektori voqea joyida, u bilan toʻqnashgan “Onix” haydovchisi esa bir necha kundan soʻng shifoxonada vafot etgan.

Marhum inspektorning rafiqasi tahririyatga murojaat qilib, oradan ikki oydan ortiq vaqt oʻtganiga qaramay, xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimning oilasiga qonunchilikda nazarda tutilgan ijtimoiy yordam va toʻlovlar hanuz amalga oshirilmaganini bildirdi.

Uning aytishicha, marhumdan ikki nafar voyaga yetmagan farzand qolgan. Biroq hozirga qadar ularga ijtimoiy nafaqa tayinlanmagan, oilaga bir martalik moddiy yordam yoki boshqa toʻlovlar ham berilmagan.

YTH qanday sodir boʻlgan?

16-iyul kuni soat taxminan 18:30 da uch nafar YPX inspektori Doʻrmon yoʻli koʻchasida patrullik mototsikllarida harakatlanayotgan vaqtda Gʻazalkent koʻchasidan chorrahaga kirib kelgan “Onix” rusumli avtomobil bilan toʻqnashgan.

Marhum inspektorning rafiqasi yuqori turuvchi organlarga murojaat qilib, oilaning qonunda belgilangan huquqlari taʼminlanishini soʻragan.

Murojaatda marhum xodimning oʻlimi bilan bogʻliq holatda uning harakatlariga huquqiy baho berish jarayoni ketayotgani va jinoyat ishi doirasida uning xatti-harakatlari tekshirilayotgani ham qayd etilgan.

IIV: avval huquqiy baho beriladi

EFFECT.UZ holatga oydinlik kiritish maqsadida IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov bilan bogʻlandi.

Uning bildirishicha, ijtimoiy masalalar YTHga huquqiy baho berilganidan keyin hal etiladi.

“Har qanday vaziyatda birinchi navbatda holatga huquqiy baho beriladi. Kelib chiqqan oqibatga asoslanib, keyingi ijtimoiy masalalar hal etiladi”, — dedi IIV matbuot kotibi.

Shuningdek, u tegishli tergov organining yozma munosabatini olishni tavsiya qilgan. Biroq tahririyatga maʼlum qilinishicha, tergov harakatlari davom etayotgani sababli vakolatli organ hozircha jarayon yuzasidan munosabat bildirishni maqbul deb hisoblamagan.

Kortej haqidagi xabarlar ham rad etilgan

YTHdan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda mototsiklda harakatlangan YPX inspektorlari Prezident kortejini kuzatib borayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻsha vaqtda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bu maʼlumotlarni rad etgan.

Hozirda YTH yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Shu sababli hodisaning kelib chiqish sabablari, ishtirokchilar harakatlariga beriladigan huquqiy baho hamda marhum xodim oilasiga tegishli ijtimoiy toʻlovlar masalasi boʻyicha yakuniy xulosa hozircha eʼlon qilinmagan.

EFFECT.UZ mazkur holatni kuzatib boradi va yangi maʼlumotlar olinsa, taqdim etadi.

Komila Qobilova

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Doʻrmon yoʻlida halok boʻlgan YPX inspektori oilasi nega yordamsiz qoldi? | Effect.uz