O‘zbekistonda daxlsizlik va immunitet huquqiga ega shaxslar doirasi hamda ularga nisbatan ish yuritish tartibiga aniqlik kiritildi.
Yangi qonunda daxlsizlik va immunitet huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangan. O‘zbekiston prezidenti 14-oktyabr kuni imzolagan qonun bilan, daxlsizlik va immunitetga ega shaxslarga nisbatan ish yuritishning o‘ziga xos tartibi belgilandi.
Daxlsizlikka ega shaxslar
Quyidagilar daxlsizlikka ega shaxslar hisoblanadi: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari; inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman); bolalar huquqlari bo‘yicha vakil; sudyalar; prokurorlar, tergovchilar va surishtiruvchilar; advokatlar; Markaziy saylov komissiyasi a’zolari; Prezidentlikka nomzodlar (nomzodlik maqomida bo‘lgan davrda) va boshqalar.
Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari esa ishdan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida — Prezident Administratsiyasida o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakati yoki harakatsizligi uchun daxlsizlikka ega bo‘ladi.
Immunitetga ega shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti; Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolari immunitetga ega shaxslar hisoblanadi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari — Prezident Administratsiyasida o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq holda qabul qilgan qarori, sodir etgan harakati yoki harakatsizligi yuzasidan immunitetga ega. Parlament a’zolari esa ovoz berish va fikr bildirish uchun immunitetga ega.
Ushlab turish
Daxlsizlikka ega shaxsni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelish mumkin emas, JPK 221-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan asoslar (shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa) bo‘yicha uch soatgacha ushlab turish hollari mustasno.
Jinoiy javobgarlik
Daxlsizlikka ega shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli palata, Prezident yoki boshqa vakolatli organning roziligi talab etiladi. Masalan, deputatlar uchun — tegishli palataning, Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimlari uchun — Bosh prokurorning taqdimnomasi asosida Prezidentning yozma roziligi.
Dalillar
Daxlsizlik va immunitet talablari buzilgan holda olingan dalillar nomaqbul deb topiladi va ish materiallaridan chiqarib tashlanadi.
Ma’muriy javobgarlik
Daxlsizlikka ega shaxslarni sud tartibida ma’muriy javobgarlikka tortish faqat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi XXIII³ bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Immunitetga ega shaxslarga nisbatan sud tartibida ma’muriy jazo qo‘llash mumkin emas.
Telefon so‘zlashuvlarini eshitish
Daxlsizlikka ega shaxslarga nisbatan telefon so‘zlashuvlarini eshitish va xat-xabarlarni kuzatish faqat sud qarori yoki Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Daxlsizlik va immunitet huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik
Konstitutsiya yoki qonunga muvofiq daxlsizlikka ega shaxsni bilib turib qonunga xilof ravishda ushlab turish, majburiy keltirish yoki unga nisbatan tergov harakatlarini amalga oshirish, shuningdek bunday harakatlarga buyruq yoki topshiriq berish:
– muayyan huquqdan mahrum etib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shu qilmish takroran, guruh bir tilga kelib, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, dalillarni soxtalashtirib yoxud qamoqqa olish yoki jinoiy javobgarlikka tortish orqali sodir etilsa — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Zararni qoplash
Prezident Administratsiyasi mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rni Davlat budjeti hisobidan qoplanadi, ularga nisbatan regress huquqi qo‘llanilmaydi.




