So‘nggi yillarda davlatning iqtisodiyotdagi ustun o‘rnini qisqartirish hamda xususiy kapital uchun qulay sharoit yaratish yo‘lida tizimli choralar ko‘rildi. Xususan, 2023–2024-yillarda “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida” hamda “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi soha uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.
Tushumlar 55 baravarga oshdi va yirik bitimlar amalga oshirildi
2020-yilgacha bo‘lgan 10 yillik davrda xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar atigi 1,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020–2025-yillarda ushbu ko‘rsatkich 77,6 trln so‘mga yetdi. “Sot yoki tushuntir” tamoyili asosida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61 foizga qisqartirildi.
Xalqaro investorlarni jalb etish bo‘yicha bir qator yirik bitimlar imzolandi:
■ Coca-Cola Uzbekistan — 252 mln AQSh dollari
■ Ipoteka bank — 324 mln AQSh dollari
■ Samarqand avtomobil zavodi (75,2% davlat ulushi) — 80 mln AQSh dollari.
Bozor mexanizmlari: Rieltorlik va Yer bozori
2026-yilda qabul qilingan “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi yangi Qonunga muvofiq, Yagona reyestr va multilisting tizimi (MLS) joriy etilmoqda. Bu rieltorlik xizmatlarini “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatish va shaffof raqamli modelga o‘tish imkonini beradi.
Shuningdek, yer uchastkalarini auksionlar orqali realizatsiya qilish hajmi 2022–2025-yillarda qariyb 4 baravarga oshdi. Birgina 2026-yilning birinchi yarmida 1,8 ming gektar yer uchastkasi sotilib, 2022-yildagi yillik ko‘rsatkichdan o‘zib ketdi. Jismoniy va yuridik shaxslarning nodavlat yerlarini xususiylashtirish bo‘yicha murojaatlari esa 5 baravarga ko‘paygan.
“E-auksion” va 2030-yilgacha mo‘ljallangan rejalari
Raqamli texnologiyalarni joriy etish natijasida “E-auksion” platformasi orqali bugungi kunga qadar 1,5 mln ga yaqin obyekt savdoga chiqarilib, ularning 1,2 mln dan ortig‘i realizatsiya qilindi. Tadbirkorlarga to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash hamda bo‘lajak xarid huquqi bilan uzoq muddatli ijaraga olish imkoniyatlari yaratildi.
Islohotlarning navbatdagi bosqichida — 2030-yilga qadar iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar sonini yana 6 baravarga qisqartirish maqsad qilingan.
Davlat mulkidan xususiy kapitalga: O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tub transformatsiya natijalari
Administrator34 daq oldin1 ko'rishlar

Ulashish:


