Jahon

Buyuk Britaniya Qirg‘izistonning uchta kompaniyasiga sanksiya joriy etdi

Administrator1 soat oldin72 ko'rishlar
Buyuk Britaniya Qirg‘izistonning uchta kompaniyasiga sanksiya joriy etdi

Buyuk Britaniya 8-oktyabr kuni Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan uchta kompaniya va ulardan birining rahbari Ulan Bukabayevga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Cheklovlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida kiritilgan. Bu haqda “Economist.kg” xabar berdi.

Sanksiyalar “Protsessing KeyDji” aksiyadorlik jamiyati, “TokenSpot” yopiq aksiyadorlik jamiyati, “Sunami Peyments” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Protsessing KeyDji” rahbari Ulan Bukabayevga nisbatan qo‘llanilgan.

Cheklovlar kompaniyalar aktivlarini muzlatish, ular bilan bog‘liq ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish va muayyan xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutadi. Shuningdek, Britaniya banklariga ushbu tuzilmalar bilan vakillik munosabatlarini o‘rnatish, moliyaviy tashkilotlarga esa ularning manziliga, ulardan yoki ular orqali to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlangan.

Britaniya tomoni ushbu kompaniyalar faoliyati Rossiya rasmiylariga naf keltirishi yoki ularni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, deb hisoblaydi. Sanksiyalar ro‘yxatidagi asosiy kompaniyalardan biri — “Protsessing KeyDji”. Britaniya rasmiylari Qirg‘iziston Moliya vazirligini mazkur kompaniyaning bosh tashkiloti sifatida ko‘rsatgan. “Economist.kg” ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil iyul oyida vazirlik kompaniyaning yagona aksiyadoriga aylangan.

“Protsessing KeyDji” Qirg‘iziston hukumati tomonidan ta’minlangan veksellar asosida xalqaro savdo operatsiyalariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan VexPay to‘lov platformasini rivojlantirmoqda. Kompaniya ushbu veksellarni chiqarish, o‘tkazish va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. 2025-yil yozida Ulan Bukabayev yangi protsessing markazi savdo va moliyaviy operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishini, shuningdek, xalqaro moliyaviy xabarlar almashinuvi tizimi — SWIFT'ga muqobil bo‘lishini aytgan.

Avvalroq “Financial Times” nashri Rossiyaning A7 to‘lov tarmog‘i vakillari 2025-yil aprel oyida VexPay platformasini Qirg‘iziston rasmiylariga SWIFT'ning muqobili sifatida taqdim etgani haqida xabar bergan. Biroq Qirg‘iziston Moliya vazirligi va “Protsessing KeyDji” platforma tashqi tomondan nazorat qilinayotgani haqidagi da’volarni rad etgan. Ulan Bukabayevga nisbatan shaxsiy cheklovlar ham joriy qilingan. Jumladan, uning Britaniyaga kirishi taqiqlangan va rahbarlik lavozimlarini egallash imkoniyati cheklangan.

Sanksiyaga uchragan yana bir kompaniya — “TokenSpot” Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan kriptovalyuta birjasi bo‘lib, asosan Rossiya va boshqa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan. Platforma orqali kriptovalyutalarni rubl va boshqa valyutalarga sotib olish va sotish, mablag‘larni bank orqali kiritish va yechib olish, shuningdek, spot hamda fyuchers bozorlarida savdo qilish mumkin.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Buyuk Britaniya Qirg‘izistonning uchta kompaniyasiga sanksiya joriy etdi | Effect.uz