AQSH qoʻmondonligi Yaqin Sharqqa elita dengiz piyodalari boʻlinmasini joʻnatmoqda. Bu haqda The Telegraph gazetasi xabar qildi.
Nashr maʼlumotiga koʻra, 2,5 ming nafar dengiz piyodasidan iborat tezkor guruh Yaqin Sharqqa yoʻnaltiriladi. Bu boʻlinma desant, quruqlik va aviatsiya operatsiyalarini amalga oshirishga moslashtirilgan.
Ekspeditsion korpus tarkibida piyoda qoʻshinlari, bronetexnika va artilleriyaga ega quruqlik boʻlinmasi, vertolyot va qiruvchi samolyotlardan iborat aviatsiya guruhi, shuningdek logistika va qoʻmondonlik boʻlinmalari mavjud.
Gazetaga koʻra, AQSH bu missiyaning aniq maqsadini oshkor qilmagan. Biroq boʻlinmaga Ormuz boʻgʻozi ustidan nazoratni qayta tiklash vazifasi yuklanishi mumkin. Mazkur boʻgʻoz Fors koʻrfaziga kirishdagi yagona muhim yoʻl hisoblanadi.
Shuningdek, bu korpus dronlarga qarshi kurashish tajribasiga ham ega. Uning tarkibida radioelektron kurash vositalari bilan jihozlangan va qoʻriqlovchi kemalar bor.
New York Times nashriga intervyu bergan Pentagonning sobiq yuqori lavozimli amaldorlaridan biriga koʻra, bu korpusni joylashtirish AQSHga Ormuz boʻgʻozi yaqinidagi orollarda reydlar oʻtkazish imkonini berishi mumkin.




