ANORBANK aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimovning kartochkasi Interpol saytida xalqaro qidiruvdagi shaxslarning ochiq ro‘yxatidan olib tashlandi. Ayni paytda uning nomi bo‘yicha Interpolning ochiq bazasidagi qidiruv natija bermayapti.
Bu orada ANORBANK'ning o‘zida ham muhim korporativ o‘zgarishlar ketmoqda. 2-oktyabr kuni Olimov bank Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish haqida ariza bergan. Masala 28-oktyabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, 5-oktyabr kuni ANORBANK aksiyadorlari 100 mlrd so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarish va yangi investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha qarorni ma’qulladi. Bank ayni paytda emissiyani joylashtirish va kapitalni amalga oshirish uchun zarur korporativ hamda qonunchilik jarayonlaridan o‘tmoqda.
Shu tariqa, aksiyador bilan bog‘liq vaziyat fonida ham bank boshqaruvi va kapitalizatsiyasi bo‘yicha jarayonlar alohida davom etmoqda. ANORBANK operatsion faoliyatini odatdagi rejimda olib bormoqda — depozit, kredit va to‘lov operatsiyalari uzluksiz amalga oshirilmoqda.
2026-yil 9 oylik yakunlari bo‘yicha bank ko‘rsatkichlari uning odatiy tartibda faoliyat yuritganini ko‘rsatmoqda: bank 9 oyda qariyb 105 mlrd sof foyda ko‘rgan, bank aktivlari 20,32 trillion so‘mni (chorak boshida — 18,74 trillion so‘m), kreditlar — 13,08 trillion so‘mni, o‘z kapitali — 1,51 trillion so‘mni, mijozlar depozitlari 15,23 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Ya’ni so‘nggi haftalardagi shov-shuvlar bankning kundalik faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Aksincha, ANORBANK kapitalni oshirish, korporativ boshqaruvni yangilash va yangi investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha amaliy qadamlarni davom ettirmoqda.




