⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

Surxondaryo sudlarida yoʻqolgan mantiq…

Administrator10 ч назад54 просмотров

Pul toʻlandi, ekspertiza tayinlandi, lekin oʻtkazilmadi — va fuqaro suddan norozi.

Ekspertiza tayinlanib, uning xarajatlari toʻlangan boʻlsa-da, amalda oʻtkazilmagani va shu asosda daʼvoning rad etilishi sud amaliyotida jiddiy savollar borligini koʻrsatmoqda.

Effect.uzʻga kelib tushgan murojaatga koʻra, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida yashovchi fuqaro Ulugʻbek Moʻminov 2025-yil 20-yanvar kuni fuqarolik ishlari boʻyicha Termiz tumanlararo sudiga “otalikka eʼtiroz bildirish” talabi bilan daʼvo arizasi kiritgan.

2025-yil 24-fevral kuni sud ajrimi bilan ish boʻyicha DNK ekspertizasi tayinlangan. Murojaatchining bildirishicha, u 2025-yil 4-aprel kuni ekspertiza xarajatlari uchun 3 037 500 soʻm mablagʻni toʻlagan va buni tasdiqlovchi hujjatlarni tegishli idoralarga taqdim etgan.

Shundan soʻng sud tomonidan ekspertiza muddati 12-aprelga qadar uzaytirilgan. Biroq, daʼvogar taʼkidlashicha, javobgar tomon bolani ekspertizaga olib kelishdan bir necha bor bosh tortgan.

Shu holatlarga qaramasdan, 2025-yil 14-aprel kuni ekspertiza muassasasi tomonidan “toʻlov amalga oshirilmagan” degan asos bilan ekspertiza oʻtkazilmasdan ish qaytarilgan. Vaholanki, toʻlov qilinganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud ekani aytilmoqda.

Oradan ikki hafta oʻtib, 2025-yil 28-aprel kuni sud ish boʻyicha hal qiluv qaror qabul qilib, daʼvoni rad etgan.

Murojaatda aytilishicha, qaror qabul qilish jarayonida javobgar nomidan soʻnggi kunda taqdim etilgan iltimosnoma inobatga olingan. Daʼvogar esa ushbu hujjatdagi imzo soxtalashtirilgan boʻlishi mumkinligini bildirmoqda.

Ish materiallariga koʻra:

  • javobgar ekspertizada ishtirok etmagan;

  • ekspertiza ajrimi ustidan shikoyat berilmagan;

  • daʼvogar xarajatlarni oʻz vaqtida toʻlagan;

  • ammo ekspertiza oʻtkazilmagan.

Bu holatlar ish jarayonidagi muhim bosqichlar qanday baholangani masalasini ochiq qoldirmoqda. Shu bilan birga, murojaatda yana bir masala — aliment undirish jarayonidagi ziddiyatlar ham koʻtarilgan. Daʼvogarning bildirishicha, sud qarorlariga qaramasdan, Majburiy ijro byurosi tomonidan aliment hisob-kitobi boshqacha tartibda amalga oshirilmoqda.

Uning taʼkidlashicha, amalda sudda belgilangan 3/10 qismi oʻrniga boshqa hisoblash usuli qoʻllanilgan va natijada asossiz qarzdorlik yuzaga kelgan. Murojaatda keltirilishicha, u aliment toʻlovlarini muntazam amalga oshirib kelgan va hatto ortiqcha toʻlov ham shakllangan.

Ushbu holatlar nafaqat bir ish doirasida, balki:

  • ekspertiza tayinlash va oʻtkazish tartibi,

  • dalillarni baholash amaliyoti,

  • sud qarorlari va ijro jarayoni oʻrtasidagi muvofiqlik kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatmoqda.

Effect.uz tahririyati mazkur holat yuzasidan masʼul idoralardan rasmiy munosabat kutadi.

Поделиться:

Похожие новости

Surxondaryo sudlarida yoʻqolgan mantiq… | Effect.uz