Jurnalist eksperimenti degan uslub bor. Bunda muallif mavzuni oʻzi orqali, holatni oʻz tanasi orqali his qilib oʻrganadi.
Deylik, noqonuniy qurilishlar avj olgan, SHNK (shaharsozlik norma va qoidalari) talablari eng koʻp buzilayotgan, ayni vaqtda Samarqandning tarixiy hududi boʻlgan mahalladan ataylab uy sotib olsam-u, keyin ichkaridan kuzatuvlarim asosida tahlil qilsam, nima boʻlibdi?
Lekin, aslida, men uyimni maqola yozaman deb olmagandim, Tugʻilib oʻsgan joyim. Yaqinlarim yonimda boʻladigan mahallam. Yaxshi niyatlar bilan imorat koʻtargandik. Ochigʻi, bir kun kelib tadbirkor qoʻshni quradigan biznes obyekti hayotimni ostin-ustun qilib yuborishini xayolimga keltirmaganman.
...Toshkentdan Samarqandga hovliqib yetib kelgunimcha (oʻshanda Toshkentda ishlardim) tadbirkorga tegishli Shohi Zinda koʻchasi 85-(Rudakiy koʻchasi, 285), manzilda allaqachon uch metrdan chuqurroq kavlashibdi. Devorimizgacha qoldirilgan masofa bir qadam chiqmaydi.
Shu kuni 2021-yilning 8-noyabri edi. Manzil egalari qoʻlida qurilishga oid birorta hujjat yoʻq! Biznes obyekti qurilayotgan uy-joy nomida boʻlgan oltmishlardan oshgan Mavlud
a Poʻlatova, uning oʻgʻli, qurilayotgan noturar joyning haqiqiy egasi Olim “qazsak, oʻz hududimizni qaziyapmiz” deyishdi past kelmay. Qoʻllarida qurilishga oid birorta hujjat yoʻq! Samarqand viloyat qurilish boshqarmasidan Ozodjon Rahmatov va Samarqand shahar qurilish boʻlimi mutaxassisi Farrux Xalilov tadbirkorga qoʻshilib, aslida bu yerga aloqasi boʻlmagan qandaydir loyihaga ishontirishmoqchi boʻlishadi. Qogʻoz-qalam qilmadik, qoʻshnichilik dedik. Ular uyni 2016-yilda sotib olishgan boʻlsa-da, uy egalarini birinchi marta koʻrib turishim edi. Uyimizga zarar yetmasligi uchun jarlikni beton bilan tezroq mustahkamlashni soʻradik.
7-dekabrda yana Samarqandga qaytdim. Endi ulkan handaq, yana, qariyb 10 metrcha chuqur qilib kovlangan. Kamiga bu xandaq biz tomonga yanada kengaytirilgan, jarlikni yopish vaʼdasi ham bajarilmagan edi. “Bu yer YUNESKONING “AFROSIYOB” arxeologik qoʻriqxona hududi-ku”, deya oldim faqat. “Endi bu gal prokuraturaga murojaat qiling” dedi ish boshida turgan kishi. Olimning dadasi ekan.

Hartugul, uyimiz qulamadi. Chunki, u bir qavatli va baquvvat edi. Lekin, soch tolasidek ilk yoriqlar, qachon boʻlmasin, qanday darajada boʻlmasin, deformatsiyadan darak berardi. Xato ustiga xato, noqonuniylik ustiga yana norma buzish bilan biznes obyekti qurilishi davom etardi. Xavotirli holatlar paydo boʻlayotganda, birin-ketin turli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildim. Oʻnlab idoralar tadbirkorlik obyekti shaharsozlik normalari asosida qurilayotganini uqtirib javob yozishdi. Keyinroq esa sudga chiqishimni maslahat beradigan boʻlishdi.
MEN QOʻSHNI UYINI BUZDIRIB MAZA QILADIGAN ODAMMI?
120 kv. metr maydondagi imoratimiz devorlarida yoriqlar koʻpayib, kengayib borayotgani yetmagandek, fundamentda ham yorilishlar paydo boʻlgach sudga murojaat qildim. Fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudiga “SHNK normalari buzilgan holatda qoʻshniga zarar yetkazgan qurilishni buzdirish, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish boʻyicha” daʼvo ariza kiritdim.
Qoʻshni qurilishini buzdirish degan gap erish tuyuladi, albatta. Oʻzimga savol ham berib koʻrdim. Men qoʻshni uyini buzdirib maza qiladigan odammanmi? Yoʻq! Oilamning, boshqa qoʻshnilarimning (ehtimol, qurilgan savdo va maishiy xizmat koʻrsatish uyida boʻladiganlarning ham) hayoti xavf ostida ekan, SHNKda belgilangan oʻnga yaqin norma qoʻpol ravishda buzilgan va ularni tuzatish imkoni qoldirilmagan ekan, binoni buzdirish talabi oʻrinli deb bildim.
Xoʻsh, Samarqand shahridagi Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzildagi qurilishda SHNK (shaharsozlik norma va qoidalari)ning qaysi normalari buzilgan?
1.Qoʻshnilardan rozilik soʻrash borasida SHNK da ham, “Shaharsozlik kodeksi” 6-moddasida ham yozma ruxsatnoma olish muhimligi aytilgan. Lekin, atrofdagi besh qoʻshnidan ruxsat olinmadi.
2. SHNQ 2.01.02-04da “Binolar va inshootlarning yongʻin xavfsizligi” meʼyoriga koʻra, yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha ikkinchi kategoriyali binolar orasida kamida 6 metr masofa saqlanishi kerak. Amalda esa noturar va turarjoy oraligʻi 40 sm. Ikki qavatli (4,5 va 3,5 m balandlikdagi) ulkan yertoʻlada deraza va havo almashtirish tizimi yoʻq. Biznes obyektning uyim bilan ikki qarich masofadagi ushbu yertoʻlasida nima saqlanishi, qanday maqsadda foydalanishi ham aniq emas. 1-qavat savdo va maishiy xizmat uyi deb aytilayotgani hamda 2-qavatda qoʻshimcha yongʻin xavfsizlik chiqish yoʻlagi boʻlmagani manzarasida bunday bino bilan qoʻshni boʻlib yashash xavotirli.
3. Biznes obyekt va kommunikatsiyalar oraligʻidagi masofa normaga muvofiq emas!

SHNQ 2.07.01-03 da: 7-bobida va tegishli bandlarda, maʼlum kommunikatsiya turi va obyekt oraligʻi kamida 1,5-2 metr boʻlishi kerak. Amalda, Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzilda bu koʻrsat-kiya 20 sm. ham chamasida. Kamiga bu yerda, gaz, suv va elektr tarmoqlari – hammasi bir yoʻnalishda yonma-yon joylashgan. Qishning izgʻirinli kunida ikki qavatli podval gazga toʻlib, podval orqali bizning va yana bir qoʻshnimiz Matluba Mamatovaning uyi is gaziga toʻlib ketgan kunni ham boshdan kechirdik. Qoʻshnining boylab qoʻygan kuchugi zaharlanganini hisoblamaganda, boshqalarni tasodif qutqardi, shekilli. 2025-yil 8-maydan 9-mayga oʻtar kechasi, Samarqandda 7 nafar insonning oʻlimiga sabab boʻlgan portlash aynan shu holat natijasi edi.
4.Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzildagi tadbirkorlik obyekti binosi bir necha holatda QMK (qurilish meʼyorlari va qoidalari) talabiga javob bermasligi yaqqol koʻrinadi. Bino oʻlchamlari standartlarga mos kelmaydi. Bino oʻyiq trapetsiya shaklida, tomonlar bir-biriga mutanosib boʻlmagan uzunlikda, asosidan olti burchakli tarzda qad koʻtargan. Samarqand 8-9 ballik seysmik hudud hisoblanadi.

5. Qurilish-osti maydoni qonunga zid ravishda kengaytirilgan. SHNQ 2.07.01-03*ning 7.1, 7.3–7.6-bandlariga muvofiq yer uchastkaning fakat bir qismida qurilish qilish mumkin. (Turarjoy uchastkaning 30 foizidan ortiq boʻlmagan qismida, noturar joylar 30-60 foizi atrofida)
Amalda, uchastkada yashil hudud, qoplamalar maydoni qoldirilmay, 320 kv.metr maydonlik uchastkaning 100 foiz yeri qurilish bilan band qilingan. Agar meʼyorga amal qilinganda, biz bilan tutashgan etak qismda qurilish boʻlmas edi.
6. Qoʻshni uchastkalari yaqqol koʻrinmasligi taʼminlanmagan. SHNQ 2.07.01-03 7.8–7.9-bandlarida turar joy binolarining yashash xonalari oynalari boshqa binolarning yashash xonalari oynalariga toʻgʻridan-toʻgʻri qarab turmasligi binolar orasidagi minimal masofalar orqali taʼminlanishi belgilangan.
40 sm.lik masofadagi biznes obyektning ikkinchi qavatida usti ochiq balkon-maydon, va u orqali 2-qavat binosiga kirib chiqiladigan darvoza oʻrnatib, oyna emas, toʻgʻridan-toʻgʻri hovlimizdagi, xonalarimizdagi har bir harakatni istagan paytda bemalol tomosha qilish imkoni yaratildi.

7.YUNESKO roʻyxatidagi hududda Madaniy meros agentligidan ruxsat olinmagan.
SHNQ 2.07.01‑03*da madaniy meros hududlarida qurilish bilan bogʻliq alohida band mavjud. Tegishli tashkilotlardan ruxsat olish kerak edi. Lekin, u tashkilotlar baribir 10 metrcha kavlashga ruxsat berarmidi? YUNESKONING UMUMJAHON MEROSI ROʻYXATIGA KIRITILGAN “AFROSIYOB” arxeologik qoʻriqxonasi hududidan ekskavatorning ulkan choʻmichlarida olib tashlangan qatlam-qatlam tuproqning har bir hovuchi aslida nafis choʻtkada taralib, oʻrganilishi kerakmasmidi-mi?
10 metrlik chuqurlik, ehtimol 10 asrlik qatlamdir. Qolaversa, bu joy “AFROSIYOB” qoʻriqxonasining Temuriylar davri qoʻriqxonasiga ayni tutashgan qismi ham. Obyekt Hazrati Xizr masjidi madaniy meros koridorida, undan bor-yoʻgʻi 500-600 metr masofada. Shohi Zinda va Bibixonim obidalari ham xuddi shunday yaqin.

8. Yer ostidagi gʻovak baribir oʻzini toʻldiradi.
Muammoning boshi boʻlgan eng katta xato asos — yertoʻla devori orqasi va kovlangandan hosil boʻlgan jarlik orasi shagʻal bilan toʻldirilmasdan va presslanmasdan boʻshliq holida qoldirilib, shu holatda usti yopib tashlangan. Aynan shu holat tufayli uyimiz ostidan tuproq uvalanishi 10 metrcha pastdan boshlangan va uvalanishda davom etyapti.

9. Yashirin hudud. Biznes obyekti ichkarisidan qoʻrilganda, bino, goʻyo qoʻshnilar bilan 1,5 metrcha masofa saqlab qurilgandek tasavvur paydo qilishi uchun qoʻshimcha devor koʻtarilgan. Ichki va tashqi devorlar oraligʻida, uzunchoq koridor shaklidagi yopiq hudud, tuynuk yoki havo kiradigan biror teshik boʻlmagan yashirin xona sanitar-epidimiologik holat uchun xavotirli.
10. Yertoʻlaning gʻarb va shimol devorlari quyma(monolit) emas, bir yarim metrlik beton bloklar bilan koʻtarilgan (!)

SAMARQANDDA DAʼVOM NEGA RAD QILINDI?
Fuqarolik ishlari boʻyicha sud 2024-yilning iyunida boshlandi. Sudya Aziza Ismatova. Sudda, javobgarga tegishli, Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzildagi biznes obyekt qurilishi shaharsozlik normalari asosida qurilgani borasida qator hujjatlar ilova qilindi. 18.12.2021 sanadagi 1718401-26549-sonli “Obyektni rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma”da ham, 22.12.2021dagi 1718-1718401-34262-sonli “Arxitektura rejalashtirish topshirigʻida (ART) ham, 28.05.2022 dagi 45127-sonli Loyiha smetalarni kelishish boʻyicha “Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi xulosasi”da ham shuningdek, “Loyiha ekspertizasi xulosasi”da ham YUNESKO ning “Afrosiyob” arxeologik qoʻriqxonasi hududida taxminan 3000 m kub hajmdagi ULKAN YERTOʻLA QAZISH HAQIDA SOʻZ YOʻQ! Shu sabab, Loyihaning oʻzi noqonuniydir, degan gap sud jarayonida qayta-qayta aytildi.
Sudga materiallari va amaldagi holat oʻrtasidagi nomutanosiblikka sud qurilish ekspertizasi aniq javob topadi degan umidda edik.
Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini Samarqanddagi nodavlat “INVEST EXPERT PRO” MCHJ oʻtkazdi. 2024-yil 24-dekabrida uyimizga, Samarqand koʻcha, 11-manzilga kelib, koʻzdan kechirishdi, oʻlchashdi, lazer uskunasidan foydalanishdi. Ekspertizaning 2025-yil 3-yanvardagi xulosasi qoʻlimga tushganda esa hayratda qoldim...
Ekspertiza noxolis va shubhali edi. Xonalardagi 6-7 sm.li choʻkishlarni (bugunda qariyb ikki martaga pastlagan) goʻyoki koʻrishmagan va choʻkishlar perpendikulyar chiziq tortganda nega aynan javobgar obyektiga qarab pastlayotganiga ham javob berilmagan.
“Batafsil tekshirishlar natijasida nuqsonlar va deformatsiyalar aniqlanmadi” deb maʼlumot berilgan. Devordagi yoriqlarni “xonalarda isitish uskunalari oʻrnatilmagani sabab” deb izohlangan. Ekspertiza tashkiloti jamoasi uyimizga kelgan kunda, biznes obyektga ikki qarich masofadagi, eng koʻp zarar koʻrgan xonada ham, oʻrtadagi xonada ham pechka yoniq turgandi. Faqat oxirdagi katta mehmonxonada ehtiyoj yoʻqligi sabab isitish tizimi vaqtinchaga uzib qoʻyilgandi.
Namlik, ha aynan namlik, uyimiz choʻkishiga sabab boʻlayotgani bor gap! Lekin, ikki uchastka orasidagi devorimizda tadbirkor qurilishidan soʻng paydo boʻlgan, ayrim joylari odam boʻyi keladigan shilta namlik borasida ekspertiza xulosasida bir soʻz aytilmadi!

Hovli devorining tadbirkor qoʻshni bilan tutashgan qismining bunday holatga kelishi, shundoqqina devor ortida salkam 10 metrlik chuqurlikda yertoʻla qazilgani, u 90 graduslik burchakda qazilgani, jarlik devori betonlab mustahkamlanmagani, kamiga asos-devor va qazilishdan hosil boʻlgan “jarlik” oraligʻi shagʻal (beton yoki tuproq) bilan toʻldirilmasdan, presslanmasdan boʻsh, gʻovak qoldirilib usti yopib tashlangani sabab boʻlishi mumkinmi degan savolga javob berishmadi., Yoki bir necha xonadonning oqova suvlari oqib turgan ariq, aynan javobgar qurilishi jarayonida koʻmib tashlangani natijasida suv binolar ostiga ketyaptimi? Samarqand viloyat ekologiya boshqarmasi xulosasida 10 metr pastdan sizot suv chiqishi yozar ekan, ushbu namlik sizot suvlaridanmi degan savol ham paydo boʻldi. Afsuski, bu savollar ham ochiqligicha qoldi.
Shu devorning davomi xonalar ekanini hisobga olsak, beshta zina bilan chiqiladigan xonalarning pol osti qismida ham xuddi shu manzarani tasavvur qilavering. Shu yildan boshlab namlikning oʻziga xos hidi ham paydo boʻldi...
Ekspertiza xulosasida yorilish natijasida xom gʻishtlar orasi ochilib qolganini, (ustiga-ustak, ekspert six uzunligidagi uchli armaturaga oʻxshash uskuna bilan devorni oʻzi ham kavladi) “gʻishtlar orasi toʻldirilmasdan terilgan” deb taʼriflagan. Devorning yorilmagan joyini ham sekin ochib koʻrilganida edi, gʻishtlar aslida qanday terilganini koʻrishardi. “INVEST EXPERT PRO” ekspertiza xulosasida aynan fundament yoriqlari haqida aytilmadi! Lekin, xulosada “beton ishlari notoʻgʻri bajarilgan” degan jumla qoʻshilgan. Betondan namuna olmasdan, tarkibi oʻrganilmasdan beton ishlari notoʻgʻri bajarilgan yoki bajarilmaganini qanday bilish mumkin?
Xullas, ekspertiza uyimizni olti yarim mln soʻm bilan taʼminlasak yetarli degan hisob-kitob bilan ishni yopdi. Invest Pro MCHJ jamoasi javobgar binosiga qadam ham bosmadi. Biznes obyekt holatini tadqiq qilmay turib, bu qurilish qoʻshni binosiga taʼsir qilgan-qilmaganini aniqlash mumkinmi? Xulosada turarjoy va noturar joy oraligʻi 40 sm. ekanligi yozildi-yu, bu holat yongʻin xavfsizligi talabiga javob bermasligi qayd qilinmadi. Koʻrinib turgan yaqqol koʻrinmaslik talabi buzilgani holatini suratga olishdi, lekin xulosada koʻrsatishmadi...
Hal qiluv qarorida daʼvom rad etilishida asosan Invest Pro MCHJ xulosasi asos deb qayd qilindi. Biz qurilish texnik ekspertizasi oʻtkazishi uchun "Invest Pro MCHJ" ga 8 500 000 soʻm toʻlaganmiz.
Nega "Invest" Pro" MCHJ ga murojaat qildim?
Hali yozda (20-avgustda) Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Samarqand viloyat boʻlimi qurilish-texnikaviy ekspertizasini oʻtkazishi uchun kadastr hujjatlarimni sudga topshirganman. Sud, rosa bir oydan soʻng — 20-sentyabrda, bu haqdagi ajrimni RSEM ning Samarqand boʻlimiga yuborgan. RSEM viloyat boʻlimi yana bir necha boshqa hujjatlarni ham taqdim qilish haqida iltimosnomani 23 sentyabrda yuborgan ekan.
Elektron pochta orqali joʻnatilgan ana shu xat sudda yoʻqoldi (!) RSEM Samarqand viloyat boʻlimi mudiri A.Djurayev bu haqda xat bilan chiqib “2024-yil 23-oktyabr kuniga qadar sud eskpertining yuqoridagi iltimosnomasi sud tomonidan toʻliq qanoatlantirilmadi” deb yozdi. (Sud taxlami, 87-bet) Shunga oʻxshash holatlar bilan oktyabr, noyabr oʻtib, dekabr ham oyoqlayotganda nodavlat ekspertizasi bilan ish tezkor boʻladi, deyishdi. Shu maslahatga bekor quloq solgan ekanman...
Boshlangʻich instansiya ishi butkul tugadi, deganda yana qizigʻi chiqib qoldi. Sud hal qiluv qarorini 2025-yilning 12-fevralida qabul qilgandan soʻng, raislik etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual Kodeksi normalarini buzgan holda javobgar vakili Sh.Shirinov tomonidan 2025-yil 26-fevralda taqdim qilgan “Fuqarolik ishi bayonnomasiga nisbatan kiritilgan FIKRNOMA” toʻgʻrisidagi arizani muhokama qilish uchun 2025-yil 5-mart, soat 12:30 boʻladigan sud majlisiga chaqiriq xati yubordi. Tabiiyki, bormadim. (Majlisdagi masala alohida mavzu).
Appelyatsiya instansiyasi
Appelyatsiya bosqichida sud tarkibi daʼvogar yoki javobgarning xohish-istagisiz, 3-marta oʻzgartirildi.
1-aprel kunida appelyatsiya bosqichining ilk majlisini N.Rahmonova raisligidagi tarkib (Gʻ.Vohidov, Sh.Toshpoʻlatov) boshqardi. Javobgar tomon kelmaganiga qaramay, mendan tafsilotlar soʻrashdi. Suratlar borasida aniqliklar kiritildi.
10-aprelda, kutilmaganda, yangi tarkib oʻzlarini tanishtirishdi: G.Esanova, F.Anarov, A.Asqarov. Javobgar tomon vakillari esa 1-apreldagi majlisdan bexabar ekanliklari va bundan taajjublarini bildirgan boʻlishdi. Shu kuniyoq sudga ikkita, “Qurilish-texnik, muhandislik sohalarida kompleks sud ekspertizasi tayinlash toʻgʻrisida” hamda “Mojaroli qurilish manzili YUNESKO ning Butunjahon roʻyxatiga kiritilgan qoʻriqxona yoki bufer (mudofaa) hududida ekanini aniqlashtirish toʻgʻrisida” ikkita iltimosnoma taqdim qildik. Lekin, bu iltimosnomalar asossiz inobatga olinmadi. Garchi sayyor majlisda (23-aprel) uyimizdagi choʻkishlar, yoriq va deformatsiyalarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishdi, hujjatlardagi noxolisliklarni uqtirganimizda tinglashdi. Lekin, guvoh boʻlganlari haqida biror hujjatda qayd etilmadi.
3-iyunda chaqiruvga binoan kelsak, yana yangi tarkib! Ishni qariyb 2 oy oʻrgangan boʻlgan Esanova uchligi 2-iyundan mehnat taʼtiliga chiqibdi. Sudya O.Temirov raisligidagi yangi tarkib shu majlisning oʻzidayoq, yarim soatga qoldirmay ajrimni chiqardi.
Oʻzi asosiy eʼtirozimiz dastlabki ekspertiza noxolis deb appelyatsiyaga murojaat qilganimiz holda, birinchi instansiya qaroriga asos boʻlgan xulosani ekspert A.Shirov yana qaytadan oʻqib berdi va sud materiallaridagi biror hujjat oʻrganilmagan holda, ekspert soʻzi asosida, sud shu joyning oʻzida uzil-kesil ajrim chiqardi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi FPKning 18-moddasida bir sudya yoki sud tarkibi tomonidan koʻrilishi boshlangan ish, shu sudya yoki sud tarkibi tomonidan koʻrib tugatilishi lozimligi, sudya yukligi tufayli ishni oʻz vaqtida koʻrishning imkoniyati boʻlmaganda, ...sudya almashtirilgandan soʻng ishni koʻrish boshidan boshlanishi taʼkidlab oʻtilgan.
Eng yomoni, muzokarada endigina soʻz boshlagan advokat opani siltab tashlab, ichkariga maslahatga kirib ketishdi.
Taftish bosqichi
Taftish instansiyasiga yana munozarali binolarni qaytadan davlat sud-qurilish kompleks ekspertizasidan oʻtkazish haqida iltimosnomani birlamchi masala oʻlaroq kiritdik. Taftish sudi majlisida javobgar tomon qayta ekspertizasiga qarshi ekanini aytganidan soʻng (!) hayʼat ekspertiza masalasini chetga surib, boshqa jihat, yana bir asossiz boʻlgan jihat bilan ajrim chiqardi.
Yaʼni, 2009-2011-yillarda oʻzimizga tegishli uchastkada qurilgan bir qavatli uy haqida “...qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan (Bu yerda va iqtibos davomida, taʼkid bizniki – M.T) yer uchastkalarida... qurilgan uy-joy... oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas” deb goʻyo daʼvo qilishga haqqim yoʻq deb uqtirilib, kamiga uyimiz sudning qarori bilan buzib tashlanishi lozim deb koʻrsatildi.
Taftish hayʼati, (Raislik qiluvchi T.Qurbonov, hayʼat aʼzolari F.Karimov va X.Abdiyev) oʻnlab yillar (ehtimol yuzlab) davomida odamlar yashab kelgan hovli-joyni “qurilish uchun ajratilmagan yer uchastkasi” deyish uchun dalil-isbot keltirmadi. Toʻgʻri, Kadastr hujjatlarimizda zarar koʻrayotgan binomiz qurilishi bitmagan bino sifatida qayd qilingan. Oʻzbekiston Qonunchilikda kadastr chala rasmiylashtirilgan holatida mulk egasi “oʻzining hududidagi bino borasida haq-huquqqa ega emas” degan joyi yoʻq. Egalik huquqim boʻlmagan taqdirda ashyolik huquqimni himoya qilishga haqliman.
Viloyat sudi taftish hayʼati “sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas” deb taʼkidlagan uy-joy ukamdan menga hadya qilingan va shu asosda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Sud taxlamida ana shu hujjat qayta-qayta ilova qilingan.
Daʼvo qilishga huquqim yoʻqligi borasidagi gap Kadastr agentligi Samarqand shahar boʻlimi boshligʻi Sh.Talimov bergan yolgʻon maʼlumotnomasi ortidan paydo boʻlgan ekan.
HUJJATLAR, HUJJATLAR...
Sudda hujjatlar koʻrsatmasi muhim. Javobgar tomon qurilishi bilan bogʻliq hujjatlar bir qarashda hammasi risoladagidek. Lekin...
Keling, boshidan boshlaylik. 2021-yil 18-dekabrda Mavluda Poʻlatova oʻziga tegishli boʻlgan Rudakiy koʻchasi, 285-uy-joyni buzib, oʻrniga savdo va va maishiy xizmat koʻrsatish hamda uy- joy binosi uchun “Obyektni rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma” berilganda, ulkan xandaq qazib boʻlingan edi. Ruxsatnomada “YUNESKO”ning arxeologik qoʻriqxonasi hududidagi ulkan yertoʻla haqida soʻz yoʻq.
Manzil toʻla-qonlicha buzib, qaytadan qurilar ekan rekonstruksiya atamasi qanchalik oʻrinli? Ruxsatnomada uchastka maydoni 421,27 m. kv. deb koʻrsatilgan. Lekin, keyingi texnik koʻriklardan maʼlum boʻlyaptiki, uchastka umumiy maydoni, 320-330 m. kv. atrofida. Bu qurilish ruxsatnomada uy-joy sifatida qayd qilingan.
2021-yil 22-dekabr sanasi bilan qayd qilingan Arxitektura Rejalashtirish Topshirigʻidagi matnida qoʻshnilardan ruxsat soʻrash, yongʻin xavfsizligi, uchastka maydonida yashil hudud yaratish, epidemiologik holat va h.k. haqida SHNK normalari eslatilgan. Ammo, hujjatda tirkalgan chizmada uchastka 100 foizga qurilish bilan band qilingan. Yaʼni, bitta daraxt ekishga ham imkon qoldirilmagan, yongʻin xavfsizligi talab qilgan masofa ham inobatga olinmagan holat chizmada aks ettirilgan. Chizma ostidagi muhrda 2021-yil 21-noyabrda kelishilgan degan yozuv bor. Hali ruxsatnoma olinmagan, (ruxsatnoma 18-dekabrda berilgan), ART tayyorlanmagan vaqtda nimani kelishishgan degan savol paydo boʻladi. Yana bir jihati, hujjatda buyurtmachi sifatida allaqachonlar oʻlib ketgan, manzilning avvalgi egasining ism-sharifi koʻrsatilgan. Lokatsiya esa madaniy obidadan ancha uzoqqa qilib notoʻgʻri koʻrsatilgan.

2022-yilning 28-mayida loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi berilganda inshoot allaqachonlar bitgan edi... Koʻryapsizmi, hujjat emas, qurilish oldinga ketayotgan edi. (Aytgancha, bu hujjatda ham 21.11. 2021. da kelishilgani koʻrsatilgan muhrli, yuqoridagi varaq tirkalgan)
Sud hujjatlarida Loyihaning ekspert xulosasi ikki marta 2022-yil 8-iyunda (06/06-2022 raqamli) va 2023-yil 5-mayda oʻtkazilgan deb qayd etilgan va sud materiallarida ikkita alohida hujjat sifatida taqdim qilingan. Shusiz ham, 2022-yilgi Loyiha ekspert xulosasi bino bitgandan keyin rasmiylashtirilgan edi. Bitgan inshoot loyihasini, bir yil oʻtib qaytadan ekspertizadan oʻtkazishdan (yoki oʻtkazildi deb yangi hujjat yaratishdan) maqsad nima? Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qurilish boʻyicha 200-qarori reglamentiga koʻra, loyiha ekspertizasi bir marta oʻtkaziladi.
Ayni vaqtda, my.gov.uz platformasida Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzilga tegishli bir nomdagi bu ikki hujjat aynan bir narsa deb koʻrsatilgan.
Bir nomdagi ikki hujjatning farqi nimada?
2023-yil Loyiha ekspert Xulosasida avvaligida aytilmagan ikki qavatli yertoʻla tilga olingan. Uning hajmi 3000 kub m. atrofida ekani va nimaga moʻljallangani yozilmagan boʻlsa-da, birinchi marta “2 qavat yertoʻla va 2 qavatdan iborat” deb qayd qilindi. Bir qator tashkilotlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va kommunal vaziri oʻrinbosari D.Adilovning 2023-yil noyabr oyidagi javob xatida, shu yili may oyida oʻtkazilgan deb aytilayotgan takroriy loyiha ekspertizasi haqida soʻz yoʻq.
2023-yil mayida qurilish allaqachonlar bitgan bir paytda, obyekt Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan roʻyxatga olingan, deb aytilayotgan bir paytda, D.Adilov yuqoridagi xatida roʻyxatga olinganligini yozmaydi va “fuqaro Poʻlatova Mavluda tomonidan amalga oshirilgan qurilish obyekti belgilangan tartibda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtmasdan, qurilish montaj ishlarini olib borayotgani sababli inspeksiya tomonidan ogohlantirish va qurilish montaj ishlarini toʻxtatish boʻyicha yozma koʻrsatma berilgan...” deb taʼkidlaydi.
2023-yildagi loyiha ekspertizasi borasida Samarqand shahar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Shuhrat Jumayev ayni bir xil soʻrovdagi ikki maʼlumotnomaning birida u boʻlmagandek javob beradi: 2024-yil 19-iyundagi maʼlumotnomadan: “ Tasdiqlangan loyiha smeta hujjatlari boʻyicha 2022-yil 8-iyun kuni ekspertiza xulosasi olingan”. Biroq, hal qiluv qarori chiqarilishiga bir hafta qolganda, 2025-yil, 4-fevraldagi maʼlumotnomasida “Shaharsozlik loyiha ekspertizasi” MCHJ tomonidan 2023-yil 5-mayda №06/06-2022 ekspertiza xulosasi olingan deb yozilgan.
2023-yil Loyiha ekspert Xulosasida yana bir hujjat, avval hech aytilmagan va boshqa hujjatlarda uchramagan, «OʻZGAZGASHKLITI» DUK Samarqand filiali laboratoriyasi oʻtkazgan geologiya xulosasi ham tilga olingan.
Jumayev imzolagan yuqorida aytilgan ikki maʼlumotnomaning avvalgisida boʻlmagan «OʻZGAZGASHKLITI» DUK Samarqand filiali laboratoriyasi oʻtkazgan geologiya xulosasi ham toʻsatdan keyingisida paydo boʻlgan.
Sud materiallari orasida «OʻZGAZGASHKLITI» DUK Samarqand filiali laboratoriyasida oʻtkazilgan deb aytilgan 10 betli hujjatga sana va muhr qoʻyilmagan. Geologiya ekspertizasida yer ustida 3 qavatli bino haqida gap boru, biroq ikki qavatli yertoʻla yozilmagan (!). Yertoʻla qazilmasa, geologiya xulosasi nega kerak? Qazuv ishlari boshlanmay oʻtkaziladigan geologiya tekshiruvi hujjatlarida qazishdan qariyb 2 oy oʻtgach tayyorlangan qurilish chizmasi qanday paydo boʻldi? “Shohi Zinda” koʻchasi, 85-manzilda tadqiqot oʻtkazishda ishlatilgan deb aytilgan URB-2,5 uskunasi ancha katta hajmda. Bir necha xonadon yashaydigan hududga kirish yoʻli aynan tadbirkorlar tomonidan toraytirilgani sabab, bu koʻchadan URB-2,5 uskunani ichkariga kirishi imkonsiz. Namuna olingan deb koʻrsatilgan nuqtalarda qoʻshnilar yashaydi va ular bunday tadqiqot uchun uylariga kimdir kelganini rad qilishadi. «OʻZGAZGASHKLITI» DUK Samarqand filiali laboratoriyasida oʻtkazilgan deb aytilgan tadqiqot aslida oʻtkazilmagan, sud jarayonida geologiya ekspertizasi borasida savollar berilgani ortidan paydo boʻlgan.
Xuddi shu «OʻZGAZGASHKLITI» DUK Samarqand filiali laboratoriyasida oʻtkazilgan deb aytilgan “hujjat”ni sud Hal qiluv qarori, qurilish texnik ekspertiza oʻtkazgan Invest Pro MCHJ ham oʻz xulosasida asos qilib olgan.
Sud materiallari orasida yana bir necha hujjatda sana qoʻyilmagan. Jumladan, loyihani tayyorlagan, biznes obyekt qurilishida, shundan kelib chiqib, sud jarayoni holatlarida yetakchi qiyofa hisoblangan “ARMAS” MCHJ direktori Gʻayrat Xodjayev imzosi bilan tasdiqlangan 2020-yildagi (!) hujjat asos qilib olingan Xulosada (77-bet), Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassisi Sh.Oʻktamov imzo qoʻygan maʼlumotnomada (188-bet), shu tashkilotdan Sattarov imzolagan hujjatda, Yahyo Gʻulomov nomidagi Arxeologiya instituti kichik ilmiy xodimi S.Xoʻjamov tasdiqlagan Xulosada sana mavjud emas. Majburiy rekvizitlardan biri — sana qoʻyilmagani hujjatning daliliy ahamiyati haqida asosli savollar tugʻdiradi.
Ayrim hujjatlarda sanasi boʻla turib ham, yolgʻon maʼlumot va raqamlar ishlatilgan.
Kadastr agentligi Samarqand shahar boʻlimi boshligʻi Sh.Talimovning Hal Qiluv Qarori chiqarilishidan bir necha kun oldin bergan maʼlumotnomasida daʼvogar qurilishi “bugungi kunda mazkur uy-joy binosi toʻliq buzib qayta qurilganligi maʼlum boʻldi” deyilgan. Kelib chiqadigan maʼno, zarar koʻrgan deb aytayotganimiz — 2011-yilda bitgan bino boshqa-yu, 2021-yilgacha uni buzib xuddi shu oʻlchamdagi, xuddi shu shakldagi binoni boshqatdan qurgan ekanmiz. Talimovning maʼlumotnomasi zarar koʻrgan bino borasida daʼvo qilishga haqqimiz yoʻq deb maʼno bergan. Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat taftish hayʼati, sudga hovlimga nisbatan egalik huquqim va qurilishi tugallanmagan bino sifatidagi kadastrim borligiga qaramay, daʼvomni rad etdi.
Talimov maʼlumotnomada javobgar tomon mulki borasida Poʻlatova foydasiga qator raqamlar ham oʻzgartirilgan. Javobgarning 2016-yilda sotib olingan uy-joyi haqida “oldi-sotdi shartnomasiga asosan qurilish osti maydoni 182, 63 metr kv.” deb koʻrsatilgan. Bu fikrni toʻldirish maqsadida chizmaga qoʻshimcha xonalar “qoʻshilgan”. Vaholanki, javobgarning oldi-sotdi shartnomasida ham, kadastr pasportida ham 182,63 raqami yoʻq.
182,63 m.kv. – BU ASLIDA BIZNES OBYEKTI REKONSTRUTSIYASI RUXSATNOMASIDA KOʻRSATILGAN QURILISH MAYDONI!
Sud zalida biznes obyekt maydoni aslida 182, 63 m.kv boʻlishi kerakligi, agar ruxsatnomada koʻrsatilganidek, biznes obyekt qurilish-osti maydoni 182,63 m.kv. boʻlganida, tadbirkor binosi bizning uyimiz chegarasigacha yetib kelmas edi koʻp marotaba taʼkidlangandi... Javobgarning binosi uchastkaning qaysi qismida boʻlishi kerakligi koʻrsatilgan kadastr hujjati va chizmasi esa sudga taqdim qilinmadi.
Sudning viloyat taftish bosqichi oʻtgach, Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi rahbariyati nomiga Talimov maʼlumotnomasi haqida ariza berdim. Arizamga biror kishi eʼtiroz bildirolmadi. Lekin arizam oʻrganish uchun Talimovning oʻziga oʻtkazilibdi (!) U sudning, koʻrsatilgan manzillardagi kadastr maʼlumotlarini aniqlash Kadastr agentligi emas, Kadastr Palatasi boʻlimi vakolatiga kirishini yozibdi. Unda nega Ismatova xonim iltimosnomani aynan agentlikka yubordi? Vakolati yoʻq ekan, Talimov, xatni bitta binoda ishlayotgan Kadastr Palatasi shahar boʻlimiga nega oʻtkazmadi? Yangi qurilayotgan binoga tegishli 182, 63 raqamini u qayerdan oldi va nega aralashtirdi?
Sud hujjatlarda Yongʻin xavfsizligi boshqarmasining xulosasi yoʻq! “Shaharsozlik loyiha ekspertizasining 2023-yildagi Xulosasi” deb aytilayotgan sahifalarda “Loyiha hududiy yongʻinga qarshi nazorat xizmati bilan kelishilgan” deyilgan, ammo, bunday kelishuv taqdim qilishmagan. Xuddi shu hujjatning 3.5 bandi yongʻin xavfsizligiga bagʻishlangan. Unda yozilishicha,
- Yoʻl qoplamasi beton boʻlib, oʻt oʻchirish mashinalari uchun mos keladi.
- Loyihada qoʻriqlash va yongʻin xavfida xabar berish tizimi koʻzda tutilgan.
SHNK ning tegishli bandida 2-toifali binolar orasida kamida 6 metr masofa saqlanishi shartligi talabi esa yodga olinmagan. Qolaversa, koʻrsatmasin-u, mabodo yongʻin chiqadigan (buning ortidan portlash yoki boshqa holatlar) boʻlganda binoning orqa qismiga yongʻin xavfsizligi mashinasi ham kirolmaydi (tadbirkorlar koʻcha tomondan yerni oʻzlashtirib, yoʻlni toraytirib qoʻygani sabab), yertoʻlada oddiy havo almashish tizimi oʻrnatilmagan joyda qoʻriqlash, xabar berish tizimi qayda boʻlsin?

{Foto: 2022 yilda olingan surat}
Samarqand viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi 2023-yil 21-fevraldagi “...binoni texnik holati boʻyicha” 33-2023 sonli xulosada 2.4- bandida “QMQ talablariga mosligi va konstruksiyalarning texnik holatini baholash” (QMQ — qurilish meʼyorlari va qoidalari) binoning seysmik mustahkamligi bogʻliq masalada notoʻgʻri maʼlumot berilgan. Yaʼni, bino oʻlchami 25, 35mx14,8m , toʻgʻri burchakli deb koʻrsatilgan. Aslida fasad qismi boʻlgan eni 14,8m va etak qismi 7,5 m. Orada oʻyiq borligi sabab bino olti burchakli shaklda qad koʻtarilgan.
Yertoʻla devorlari gʻarb va janub tomondan quyma emas, beton bloklar bilan terilgani hech bir manbada aytilmagan.
Loyihagacha 10 dan ortiq tashkilot-idoralar qurilajak inshoot, maʼlum sohaga muvofiqligi boʻyicha Xulosa (ruxsat) berishi shart boʻlgan holda, shulardan faqatgina Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, u ham boʻlsa, qurilish bitgandan keyin shunday hujjatni taqdim qilgan.
Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2023-yil 15-maydagi “Davlat ekologiya ekspertiza Xulosasi”da uchastka belgilangan normaga zid ravishda toʻlasicha bino bilan band qilingani sababli yashil hudud uchun (1 ta daraxt ekish uchun ham) uchun joy qoldirilmagani aytilmagan. Bir necha bandda maishiy chiqindilarni chiqarish borasida yozilgan, xolos.
Qurilish hujjatlarida lokatsiya notoʻgʻri koʻrsatilgani sabab Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi xodimlari biznes obyekt manzilini YUNESKO ning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan “Afrosiyob” qoʻriqxona hududida emas, balki qoʻriqxona bufer (tegra) hududida deb maʼlumot bergan. Bu ikki toifadagi qurilishlarga talab farq qiladi.
Sud materiallari orasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati Madaniy Meros boshqarmasi boshligʻi Sh. Qilichevning soʻrovimizga javoban yozgan xati ham bor. Iqtibos: “2021-yil 2-martdagi 1-sonli oʻtkazilgan yigʻilish bayoni bilan … tarixiy-bufer hududlarni 20 ta LOTga (LOT tarkibila Rudakiy koʻchasi kiradi) ajratib, mavjud barcha turar va noturar joy binolari boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalarni koʻrib chiqib maʼqullaganligini maʼlum qilamiz”
Madaniy meros bilan bogʻliq qonunchiligimizga koʻra, tarixiy obidalar qoʻriqxona va muhofaza hududlaridagi qurilishlarga avvalo Turizm va Madaniyat vazirligi qoshidagi ilmiy Kengash ruxsat berishi kerak. Shundan soʻnggina masala shaharsozlik kengashida koʻriladi. Respublika ilmiy kengashi Samarqandda ruxsat bergan qurilishlar roʻyxatida Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzil ham, LOT iborasi ham yoʻq. Qolaversa, javobgar qurilishi, taʼkidlangan yigʻilishdan qariyb bir yil oʻtib boshlangan. Bu vaqtda, hamma amallarni risoladagidek bajarish imkoni bor edi...
Sud hujjatlarida biznes obyektiga aloqador, ayni bir holat boʻyicha turli raqamlar qayd qilingan. Turli hujjatlarda uchastkaning umumiy maydonidan tortib, qurilish-osti maydoni, binoning oʻlchamlari katta farq bilan yozilgan.
ANDISHALI GAP
Samarqand azal-azaldan madaniyat markazi boʻlgan, mehmonlaru sayyohlar doimo gavjum boʻlgan. Ular poyqadami bilan keladigan ezguliklar mahalliy xalqni hamisha quvontirgan. Qurilishni ataylab tadbirga bir necha oy qolgandagina boshlab, keyin istagancha qurilish normalarini buzish mumkin degan xayol juda notoʻgʻri. Vaholanki, tadbir ishtirokchilar eski shahar koʻchalaridan mashinada bir oʻtib ketar ekanlar, faqat fasad qismida devor koʻtarib, qolgan ishlarni keyinroq bafurja, bexato bajargan tadbirkorlar, oddiy odamlar kam edimi? Qolaversa, sud hujjatlari orasida Shohi Zinda koʻchasi, 85-manzildagi qurilishga oid 2020-yildagi hujjatni asos qilgani bor.
Eng muhimi, bu yerda gap inson umri bilan bogʻliq, sunʼiy ravishda paydo qilingan xatarlar haqida bormoqda. Hozir bitta biznes obyekti yoki bir qoʻshnining oddiy uyi haqidagi gap mayda koʻrinsa-da, biror hodisa roʻy bergandan keyin har qanday obyektda belgilangan norma-talablar muhimligini aytishdan foyda yoʻq. Samarqand 8-9 seysmik hudud hisoblanadi. Tabiat esa inson bilan maslahatlashmaydi.
AYTMASAM BOʻLMAYDIGAN GAPLAR...
Rosa ikki yil deganda ish Oliy Sudga oʻtdi. Birinchi majlisda sudya, “nega kadastringiz boʻla turib, sizni kadastrga ega emas” deb aytishgan, deya savol berdi. “Men ham hayronman” dedim. Yuzim yorishdi. Kadastringiz bor dedi! Shu bilan qarshi tomon advokatining har gal “Noqonuniy qurilishingiz” degan iborasidan qutuldim.
Birinchi instansiya ishiga ariza berish oldidan, tanlagan advokatim, “Ishingiz sudga tortmaydi, arizani qabul qilishmaydi” deganda, oʻzim ariza yozib sudga taqdim qilganman. Appelyatsiyagacha advokatsiz ishlashga toʻgʻri keldi. Har gal chiqishimda qurilish normalari, qoidalaridagi chekinishlar, noqonuniyliklar haqida gapirar ekanman, qarshi tomon himoyasi, mening kasbim nima ekanini soʻraydi. “Jurnalistman!” deyman. Keyingi majlisda “Jurnalistman, deya tahdid qildi” degan holatlar boʻldi.
Mana, yozyapman. Tahdid qilish uchun emas, xatolar takrorlanmasligi uchun. Javobgar tomonga ham rahmim kelyapti. Chunki, ular xatolari vaqtida tushuntirilmagan, toʻxtatilmagan. Boshqa tadbirkorlar ulardek adashmasligi uchun yozyapman.
Ogʻayotgan uy. Bu uyda na taʼmir qila olasan, na bir mehmon kuta olasan. Shiftda har gal yogʻoch “gʻirq” etib ovoz chiqarganda otilib tashqariga chiqasan...
Hozirda Oliy sudda ish toʻxtatilgan. Kompleks ekspertiza uchun iltimosnoma kiritganmiz. Bu safar ekspertiza qanday Xulosa beradi? Sutdan ogʻzi kuygan qatiqni puflab ichibdi, degan gap bor. Viloyat miqyosidagi sud voqealari boshqa shakllarda davom etmaydimi, ishqilib? Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-jon kommunal xoʻjaligi, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr Agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi mutaxassislaridan savollarimizga javob olish imkoni boʻladimi? Ish yana qanchaga choʻziladi?
Mustahkam Tangriyorova,
jurnalist




