⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

Navoiy logistika va sanoat xabiga aylanmoqda: Dehliga aviaqatnov va Eron bilan yirik sanoat kelishuvlari

Administrator15 ч назад11 просмотров
Navoiy logistika va sanoat xabiga aylanmoqda: Dehliga aviaqatnov va Eron bilan yirik sanoat kelishuvlari

Uchrashuvlar doirasida Navoiy viloyati hokimi “Sun Aviation Pvt. Ltd.” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ravi Nayar bilan Navoiy–Dehli–Navoiy yo‘nalishida muntazam kargo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha dastlabki sinov partiyasi sifatida quruq meva mahsulotlari Hindistonga jo‘natilgan. Kelishuvga ko‘ra, dastlabki bosqichda haftasiga 7 ta havo kemasida yuk tashuvlari amalga oshiriladi, keyinchalik esa reys sonini kuniga 4 tagacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu aviayo‘lak Hindiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasida eksport-import mahsulotlarini manzilli taqsimlash tizimini yaratadi.

Shu bilan birga, aeroport hududidagi kargo xab negizida oziq-ovqat logistika klasteri tashkil etilib, go‘sht va boshqa mahsulotlarni saqlash, saralash hamda qadoqlash infratuzilmasi yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulotlar sifatini saqlash maqsadida maxsus refrijeratorlar yordamida uzluksiz “sovuq logistika zanjiri” ta’minlanadi. Bundan tashqari, Hindistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalarini viloyatga jalb etish va hamkorlikda dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Navoiy–Dehli–Navoiy kargo yo‘lagining rasmiy ochilish marosimi 20 avgust kuni o‘tkaziladi.

Kecha, shuningdek, Navoiy shahridagi "Ma’naviyat va ma’rifat" markazida Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati gubernatori Mehdi Zandiye Vakili va Eronning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Ali Iskandariy boshchiligidagi keng qamrovli delegatsiya ishtirokida hududlararo biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, metallurgiya, konchilik, neft-gaz, kimyo va avtomobilsozlik kabi sohalarning 50 dan ortiq vakillari o‘rin oldi.

Muzokaralar davomida Navoiy viloyatining xomashyo bazasini Markaziy viloyatning yuqori sanoat va injiniring salohiyati bilan birlashtirishga qaratilgan 3 ta asosiy yo‘nalish ilgari surildi:

● Kimyo va neft-kimyo klasteri: «Navoiyazot» AJda ishlab chiqarilayotgan PVX, karbamid, metanol va kaustik soda bazasida PVX quvurlari, kabellar, smola va suv tozalash reagentlarini mahalliylashtirish. Eronning Save va Kave sanoat hududlari tajribasi asosida maishiy kimyo hamda yuvish-tozalash vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

● Og‘ir mashinasozlik va sanoat servisi: NKMK, «Navoiyuran» va «Qizilqumsement» kabi sanoat gigantlarining kon va texnologik uskunalarga bo‘lgan ehtiyojini joyning o‘zida qondirish uchun servis klasterini shakllantirish.

● Energetika va elektrotexnika: «Navoiy» EIZ hududida transformatorlar, taqsimlash qurilmalari hamda qayta tiklanuvchi energetika uskunalarini mahalliy yig‘ish bazasini yaratish.

Forum doirasida mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, B2B va G2B muzokaralari o‘tkazildi, eronlik mutaxassislar 5 ta sohaviy guruhga bo‘lingan holda viloyatdagi yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdilar. Tadbir yakunida ikki hudud hokimliklari hamda Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Navoiy xalqaro aeroporti va «porto-franko» erkin bojxona zonasi imkoniyatlaridan foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Поделиться:

Похожие новости

Navoiy logistika va sanoat xabiga aylanmoqda: Dehliga aviaqatnov va Eron bilan yirik sanoat kelishuvlari | Effect.uz