Siyosat

AQSH Davlat kotibi O‘zbekistonga nega keladi?

Administrator7 soat oldin41 ko'rishlar
AQSH Davlat kotibi O‘zbekistonga nega keladi?

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yaqin kunlarda O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

U o‘zi bilan 200 dan ortiq amerikalik biznes yetakchisini olib kelmoqda. Tashrifning tarixiy ahamiyatini birgina delegatsiya ko‘lami ham ko‘rsatib turibdi.

Bir qarashda bu shunchaki katta delegatsiya. Ammo O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining yaqin tarixiga qaralsa, bu raqam ancha katta o‘zgarishning belgisi ekani ko‘rinadi. Chunki Vashingtonning O‘zbekiston bilan muloqoti har doim ham bugungidek bo‘lmagan.

Bir paytlar O‘zbekiston haqida gap ketganda AQSH va G‘arb kun tartibida inson huquqlari, fundamental erkinliklar, majburiy va bolalar mehnati kabi muammolar birinchi qatorda turardi. Xalqaro tashkilotlar hisobot chiqarar, huquq himoyachilari savol qo‘yar, o‘zbek paxtasi yuzlab xalqaro brendlar boykoti ostida edi. Qisqasi, O‘zbekiston ko‘p hollarda imkoniyatlar emas, muammolar orqali tanilardi.

Bugun manzara boshqacha. Muzokaralar stolida investitsiya, muhim minerallar, energetika, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va infratuzilma kabi yo‘nalishlar turibdi.

Bu o‘zgarish bir tashrif yoki bir kelishuvning natijasi emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan ochiqlik va islohotlar siyosati O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan munosabatlarida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni birin-ketin kun tartibidan chiqarib tashladi.

Eng yorqin misol — majburiy mehnat. Bir paytlar O‘zbekistonning xalqaro imijiga eng katta bosimlardan biri bo‘lgan bu masala bo‘yicha tizim o‘zgartirildi. Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilgi paxta yig‘im-terimi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda paxta yetishtirishda tizimli bolalar va majburiy mehnatga barham berilganini qayd etdi. 2022-yilda esa 2011-yildan beri amal qilib kelgan o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilindi.

Shu bilan birga, tashqi siyosatning o‘zi ham o‘zgardi: O‘zbekiston yirik davlatlar o‘rtasida tanlov qiladigan emas, ularning har biri bilan o‘z manfaatlari asosida teng va ishonchli munosabat qura oladigan davlatga aylandi. AQSH bilan munosabatlar ham siyosiy muloqot doirasidan chiqib, tobora iqtisodiy mazmun bilan to‘ldirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iyun oyida AQSHning EXIM Bank va DFC rahbarlari, shuningdek, BlackRock, Boeing, Visa, JPMorgan, Meta, Air Products va boshqa yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. Muhim minerallar, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida aniq loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Bu yo‘nalishda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham faol ish olib bormoqda. Sentyabrning o‘zida Nyu-Yorkda DFC, BlackRock va Google rahbariyati bilan investitsiya, moliya, muhim minerallar va texnologiyalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Ya’ni siyosiy muloqot tobora aniq loyiha va iqtisodiy manfaatlarga aylantirilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan Marko Rubioning 200 dan ortiq biznes yetakchisi bilan Samarqandga kelishi alohida voqea emas. Bu — bir necha yildan beri qurilayotgan munosabatlarning navbatdagi natijasi.

Bir vaqtlar Vashingtondan O‘zbekistonga qarab ko‘proq “nimani o‘zgartirish kerak?” degan savol yangragan bo‘lsa, bugun “nimani birga qilamiz va qayerga sarmoya kiritamiz?” degan savol tobora ko‘proq eshitilyapti. Diplomatiyada bunday o‘zgarishlar tasodifan sodir bo‘lmaydi. Avval muammolarni hal qilish, keyin ishonchni tiklash, undan so‘ng siyosiy munosabatni iqtisodiy manfaatga aylantira olish kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatidagi ochiqlik, Saida Mirziyoyeva boshchiligida Prezident Administratsiyasining AQSH siyosiy va biznes doiralari bilan faol muloqoti hamda so‘nggi yillardagi amaliy kelishuvlar bir nuqtada tutashyapti: O‘zbekistonga endi muammolar ro‘yxati bilan emas, loyihalar portfeli bilan kelishyapti.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

AQSH Davlat kotibi O‘zbekistonga nega keladi? | Effect.uz