⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Xorazmdagi jumboq: 3 sotix qayerga yoʻqoldi?

Administrator3 h ago19 views

Hokim qarorida — 13 sotix, kadastr hujjatida ham — 13 sotix. Ammo merosxoʻr yillar davomida soliq toʻlab kelgan yerning bir qismi bugun nega uning tasarrufida emas? Effect.uz Hazoraspda bir oilaning yillar davomida yechim topmayotgan yer mojarosi ortidagi hujjatlar, bahsli qurilish va masʼul idoralar faoliyatini oʻrganmoqda.

Xorazm viloyati azorasp tumani Sanoat mahallasida bir oilaning yer maydoni bilan bogʻliq holat qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Mavjud hujjatlarga koʻra, Hazorasp tumani hokimining 2017-yildagi qarori bilan marhum Ibodullayev Nasurulloga tegishli turar joy va yer uchastkasi boʻyicha huquqlar rasmiylashtirilgan.

Qarorda Fuqarolik ishlari boʻyicha Bogʻot tumanlararo sudining 2016-yil 8-sentyabrdagi 4213-sonli hal qiluv qarori ijro uchun qabul qilingan hamda 0,13 gektar yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan.

Keyinchalik rasmiylashtirilgan kadastr hujjatlarida ham yer maydoni 0,130 gektar, yaʼni 13 sotix sifatida qayd etilgan.

Biroq marhumning merosxoʻri bugun hujjatda koʻrsatilgan yer maydonidan toʻliq foydalana olmayotganini bildirmoqda. Uning daʼvosiga koʻra, yerning bir qismi qoʻshni hududdagi qurilish bilan bogʻliq.

Effect.uz xodimlari vaziyatni oʻrganishni boshlagach, Davlat kadastr palatasi mutaxassislari joyiga chiqib oʻlchov ishlarini ham oʻtkazgan. Tahririyatga berilgan sxemada 1117,2 kv.m “turar joy yeri”, yana 284,6 kv.m “uy oldi” sifatida ajratilgan. Ammo ushbu 284,6 kv.m maydonning huquqiy maqomi va 2017-yilda rasmiylashtirilgan 1300 kv.m yer bilan qanday bogʻliqligiga aniqlik kiritilishi lozim.

Masalani yana bir holat murakkablashtiradi. Merosxoʻrning bildirishicha, oila yillar davomida hujjatlarda qayd etilgan 13 sotix yer maydoni boʻyicha soliq toʻlab kelgan. Bu maʼlumot soliq organining rasmiy hisob-kitoblari bilan tekshirilishi kerak.

Shu oʻrinda asosiy savol paydo boʻladi: agar davlat fuqaroning 13 sotix yerga boʻlgan huquqini tan olgan, uni kadastrda qayd etgan va shu maydon asosida soliq hisoblagan boʻlsa, bugun mazkur 1300 kvadrat metr yerning aniq chegarasi qayerdan qayergacha?

Yana bir muhim masala — qoʻshniga tegishli eski binoning joylashuvi. Merosxoʻr ushbu qurilish otasiga rasmiylashtirilgan yerning bir qismiga kirgan boʻlishi mumkinligini aytmoqda. Biroq bu daʼvoni qatʼiy tasdiqlash uchun 2017-yilgi kadastr koordinatalari bilan bugungi geodezik oʻlchovlarni taqqoslash zarur.

Hokim qarorida mahalla fuqarolar yigʻini, arxitektura va qurilish boʻlimi, kadastr xizmati hamda qaror ijrosini nazorat qiluvchi mansabdorlarga tegishli vazifalar yuklatilgani ham eʼtiborga molik.

Shu sabab Effect.uz surishtiruv davomida masʼul idoralardan bir qator savollarga javob izlaydi:

2017-yilda davlat tomonidan tan olingan 13 sotix yerning bugungi koordinatalari qayerda? Qoʻshniga tegishli bino mazkur chegaraga kiradimi? 13 sotix uchun soliq hisoblangan boʻlsa, fuqaro ushbu yerning barcha qismidan amalda foydalana olganmi? Va eng muhimi — hokimning 2017-yildagi qarori toʻliq ijro etilganmi?

Tahririyat ushbu savollar yuzasidan Hazorasp tumani hokimligi, kadastr, arxitektura va qurilish, soliq organlari hamda boshqa masʼul idoralarning rasmiy munosabatini oʻrganadi. Qarshi tomonning pozitsiyasi ham tinglanadi.

Share:

Related News

Xorazmdagi jumboq: 3 sotix qayerga yoʻqoldi? | Effect.uz