Xorazmcha jumboq: 14 yoshli qizni kim zoʻrladi?
Effect.uz tahririyatiga Xorazm viloyatida yashovchi fuqaro Ixtiyor Nazarov murojaat qildi. U oʻgʻli Jumanazar Qurbonboyevga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini qayta koʻrib chiqishni soʻramoqda.
Birinchi instansiya hukmi
2024-yil 16-sentyabr kuni Jumanazar Qurbonboyev Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, Bogʻot tuman sudi tomonidan 3-yil ozodlikdan mahrum etilgan.
Apellyatsiyada jazo ogʻirlashdi
Apellyatsiya bosqichida prokuror tashabbusi bilan ayblov qayta kvalifikatsiya qilinib, 118-modda 4-qismi qoʻllanilgan va jazo 5-yil ozodlikdan mahrum qilish tariqasida belgilangan.
Himoya tomoni nima deydi?
Sudlanuvchining advokati O.Masharipovning taʼkidlashicha:
ekspertiza xulosalarida qatʼiy ifoda emas, ehtimoliy baho berilgan;
jabrlanuvchi koʻrsatmalarida vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishlar kuzatilgan;
aybni shubhasiz tasdiqlovchi dalillar yetarli emas.
Murojaatchining aytishicha, dastlabki koʻrsatmalarda boshqa shaxslar tilga olingan, biroq keyinchalik ish yuritish jarayonida sud hukmni oʻzgartirgan.
Oliy sud pozitsiyasi
Shikoyatlar Oliy sudgacha boʻlgan barcha bosqichlarda koʻrib chiqilgan. Oliy sud raisi oʻrinbosari Alisher Usmonov imzosi bilan yuborilgan javobda ishni Oliy sud majlisida qayta koʻrib chiqish uchun yetarli asoslar mavjud emasligi qayd etilgan. Javobda quyi instansiya qarorlari biologik ekspertiza xulosasi va ish materiallari bilan tasdiqlangani bildirilgan.
Biroq ushbu ishda jazo apellyatsiya bosqichida ogʻirlashtirilgani, ayblov qayta kvalifikatsiya qilingani hamda himoya tomoni dalillarni baholashda ziddiyatlar borligini koʻrsatgani inobatga olinsa, ishni Oliy sud majlisida muhokama qilish imkoniyati huquqiy jihatdan oʻrinli boʻlishi mumkin edi.
Maʼlumki, Oliy sud bosqichida ishni koʻrish — bu aybdorlikni avtomatik bekor qilish emas, balki protsessual va dalillarning qonuniy baholanganini tekshirish imkoniyatidir. Shu maʼnoda, ayrim huquqshunoslar bunday ishlarda qoʻshimcha ochiq muhokama jamoatchilik ishonchini mustahkamlashi mumkinligini taʼkidlamoqda.
Shu nuqtada savol tugʻiladi:
ish materiallarida bahsli jihatlar mavjud boʻlgan sharoitda, ishni Oliy sud majlisida koʻrish orqali huquqiy aniqlikka yana bir bor oydinlik kiritish imkoniyatidan foydalanish maqsadga muvofiq emasmidi?
Jabrlanuvchi pozitsiyasi
Ish materiallariga koʻra, zoʻravonlik qurboni sifatida tilga olinayotgan 14 yoshli qiz tergov jarayonida Qurbonboyevga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri ayblov bildirmagan. Dastlabki koʻrsatmalarida u oʻzini taʼqib qilib, “Tracker” rusumli avtomashinaga majburlab oʻtqazgan ikki nafar yigit tomonidan zoʻravonlikka uchraganini bayon qilgan.
Keyingi koʻrsatmalarda ham Qurbonboyev tomonidan zoʻravonlik sodir etilmagani qayd etilgan. Shu bilan birga, jabrlanuvchining onasi qizi oʻzini oʻzi hammomda jarohatlagan boʻlishi mumkinligini bildirgan.
Advokatning taʼkidlashicha, dastlab ish doirasida boshqa shaxslar qamoqqa olingan boʻlsada, keyinchalik vaziyat oʻzgarib, Qurbonboyev ayblanuvchi sifatida jalb etilgan va sud hukmi bilan 5-yil ozodlikdan mahrum etilgan. Mazkur holat yuzasidan huquqiy baholash masalasi himoya tomoni tomonidan bahsli deb hisoblanmoqda.
Shu bilan birga, himoya tomoni jabrlanuvchining turli bosqichlardagi koʻrsatmalari oʻrtasida tafovutlar mavjudligini taʼkidlamoqda. Advokatning bildirishicha, aynan ushbu tafovutlar ishni qoʻshimcha tekshirish yoki qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlishi mumkin.
Asosiy huquqiy masala
Jinoyat-protsessual qonunchilikka koʻra, aybni tan olish yoki koʻrsatma yakka holda hukm chiqarish uchun yetarli asos hisoblanmaydi. U boshqa mustaqil dalillar bilan mustahkamlanishi shart.
Shu nuqtada quyidagi savollar ochiq qolmoqda:
ekspertiza xulosasida noaniq ifodalar mavjud boʻlsa, ular qanday baholangan?
ayblovni qayta kvalifikatsiya qilishda qanday yangi dalillar asos boʻlgan?
jazoning ogʻirlashtirilishi qay darajada huquqiy asoslangan?
Tahririyat pozitsiyasi
Effect.uz aybdorlik yoki aybsizlik masalasida xulosa chiqarmaydi. Biroq har qanday jinoyat ishida dalillarning xolis, toʻliq va shubhasiz baholanishi qonun ustuvorligining asosiy tamoyili ekanini eslatadi.
Tahririyat mazkur holat yuzasidan rasmiy idoralarga soʻrov yuborgan. Qoʻshimcha maʼlumotlar olingani sari jamoatchilikka taqdim etiladi.
Share:
