Nufuzli Forbes nashri Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazini Yevroosiyodagi yangi madaniy va geosiyosiy markaz sifatida baholadi.
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi munosabati bilan xalqaro nashr Forbes tahliliy maqola eʼlon qildi.

Maqolada Oʻzbekiston loyihasi “Yevroosiyodagi yangi markaz” sifatida baholanib, uning madaniy-diplomatik va geostrategik ahamiyati alohida taʼkidlangan.
Material muallifi, geosiyosiy tahlilchi Kamran Boxari, markaz tashkil etilishini Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bogʻlaydi. Uning fikricha, mamlakat mintaqaviy oʻyinchidan global xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniy hamkorlikda faol ishtirokchiga aylanmoqda.
Nashrda qayd etilishicha, mazkur markaz Yevroosiyo makonida islomiy intellektual va madaniy anʼanalarni namoyon etuvchi muhim tashabbus hisoblanadi.
Shuningdek, Forbes markazni faqat madaniy obyekt sifatida emas, balki “madaniy kuchning strategik platformasi” sifatida baholaydi. U global beqarorlik va gʻoyalar raqobati sharoitida konstruktiv muloqot uchun muhim maydon boʻlishi mumkinligi taʼkidlangan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosatga ham eʼtibor qaratilgan. U islomning insonparvarlik mohiyatini ilgari surish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirishga qaratilgani qayd etilgan.

Muallif fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekistonning Yevroosiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi madaniy va diplomatik koʻprik sifatidagi rolini mustahkamlovchi muhim omilga aylanmoqda.
Nashr shuningdek, mazkur tashabbus Oʻzbekistonning oʻz tarixiy merosini zamonaviy taʼsir vositalari bilan uygʻunlashtira oladigan davlat sifatidagi pozitsiyasini kuchaytirishini taʼkidlaydi.
Forbes markaz ochilishini nafaqat milliy, balki keng qamrovli geoiqtisodiy va geosiyosiy strategiyaning bir qismi sifatida baholab, Toshkent Yevroosiyoda muhim nuqtaga aylanayotganini qayd etgan.




