Ma’lum bo‘lishicha, hududdagi aholi punktlari Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 sentyabrdagi tegishli qarori asosida renovatsiya dasturiga kiritilgan. Loyihaga ko‘ra, shahardagi 1963 yilda qurilgan, ma’nan va jismonan eskirgan 33 ta uy o‘rniga 2500 dan ortiq xonadonni o‘z ichiga olgan zamonaviy 5 va 10 qavatli turar joy binolari qurilishi rejalashtirilgan.

Biroq eski uylarning buzilishi va kompensatsiya to‘lanishi jarayonida quruvchi va mulk egalari o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Nizoning asosiy sabablaridan biri — ayrim fuqarolar tomonidan keragidan ortiqcha talablar qo‘yilgani bo‘ldi. Masalan, amalda 67 kvadrat metr joy berilishi kerak bo‘lgan holatda, «yana ustiga 67 kvadrat metr qo‘shib berasan» yoki «ikki baravar ko‘p joy berasan» qabilidagi talablar o‘rtadagi bahsni kuchaytirgan.

Vaholanki, «Kesh New House» kompaniyasi dastlab mulkka teng mulk berish, boshqa joylardan uy ajratish bo‘yicha ko‘plab takliflar bergan. Hattoki: «Sizga 67 kv.m emas, balki 80 yoki 90 kvadrat metr joy beraman, ammo undan ortig‘ini qo‘shib berolmayman» degan takliflar bilan ham chiqqan. Ammo muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgach, 250 ta xonadondan 246 tasi bilan quruvchi tashkilot o‘zaro til topishib, ularga ortiqcha kvadrat metrlar, boshqa hududlardan uylar yoki hozirgi kundagi bozor narxida hisoblab, naqd pul va karta orqali kompensatsiyalarni to‘lab bergan. Qolgan bir nechta xonadon egalari bilan esa masala majburiy tartibda hisob-kitob qilish uchun sud darajasigacha yetib borgan.

Vaziyatni joyida o‘rganish uchun yetib borgan jurnalistlar bir kun davomida keng qamrovli jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi. Ushbu jarayonda viloyat prokuraturasi va viloyat hokimligi mas’ullari, viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari — Qurilish boshqarmasi boshlig‘i, viloyat qurilish inspeksiyasi rahbari, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (GASN) rahbariyati, Shahrisabz shahar hokimligi va shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari hamda nizoli tomon hisoblangan «Kesh New House» qurilish kompaniyasi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilindi.

Ushbu jiddiy o‘rganishdan so‘ng, ertasi kuniyoq Toshkentdan qayta chaqirtirilgan ijodiy jamoa va aholi vakillari ishtirokida murojaatlar to‘liq ko‘rib chiqildi. Sud qarori mavjud bo‘lishiga va unda ancha arzimagan mablag‘ hisoblangan bo‘lishiga qaramasdan, viloyat rahbariyati va prokuraturasining qat’iy aralashuvi hamda quruvchi tashkilotning bag‘rikengligi bilan aholi foydasiga uzil-kesil qaror qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasi qarori talablariga muvofiq, sud qarori chiqqan bo‘lsa-da, fuqarolarning manfaatlari to‘liq himoya qilindi. Xususan, ikkala fuqaroga o‘z kvadrat metridan tashqari, yana 10 kvadrat metrdan qo‘shimcha maydoni bo‘lgan yangi uylar ajratildi. Yana bir fuqaroga ham qo‘shimcha kvadratli uy va moliyaviy mablag‘ taqdim etildi. Eng muhimi, yangi uylar bitgunga qadar aholining yashab turishi uchun «Kesh New House» kompaniyasi tomonidan fuqarolarga 20 million so‘mdan 40 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda naqd ijara pullari to‘lab berildi.

Muammosi ijobiy hal bo‘lgan shahrisabzliklar bunday tez va kutilmagan natijadan hayratda ekanliklarini yashirishmadi. Ular o‘zlari tug‘ilib o‘sgan eski uylaridan ajralish avvaliga qiyin bo‘lganini, biroq hozirgi yangi uylar barcha kommunikatsiyalarga ega va juda shinam ekanini ta’kidlashdi.

Qonuniy huquqlari himoya qilingan aholi vakillari muammoga adolatli yondashgan Effect.uz ijodiy jamoasiga hamda viloyat rahbariyatiga o‘z minnatdorliklarini bildirdi.


Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, bugungi kunda aksariyat qurilish kompaniyalari tomonidan aholini aldash, mablag‘larni o‘zlashtirish yoki firibgarlik yo‘li bilan ko‘chada qoldirish holatlari tez-tez quloqqa chalinayotgan bir paytda, «Kesh New House» kompaniyasining bunday odilona va bag‘rikenglik bilan tashlagan qadami tahsinga sazovordir. Sud qarori mavjud bo‘lsa-da, fuqarolar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yib, ularni to‘liq rozi qilgan holda muammoga nuqta qo‘yilishi — mahalliy quruvchilar uchun haqiqiy shaffoflik va mas’uliyat namunasi bo‘la oladi.
Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz




