⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Society

“Real Sanjik” adashining kasriga qoldi(mi?)

Administrator2 h ago116 views
“Real Sanjik” adashining kasriga qoldi(mi?)

Bugun, 14-sentyabr kuni Sanjar Karimovning apellyatsiya instansiya sudining navbatdagi sud taftishi boʻlib oʻtdi. “Real Sanjik”ning himoyachilari AQSHdan keltirilgan stenogrammani (yozib olingan audio) taqdim etdi. Bu haqda EFFECT.UZ jurnalisti maʼlum qildi.

Sud jarayoni qoʻshimcha dalillarni koʻrib chiqish bilan boshlandi. Mazkur majlisga maxsus IT mutaxassisi ham jalb qilindi. 2025-yil 23-noyabr kungi audio qaydni eshitish jarayonida, ayblanuvchi Sanjar Karimov va jabrlanuvchi maqomidagi Feruza Rahmatullayevaning oʻzaro suhbati aks etgan.

Ovozli qaydda keltirilishicha, Feruza Rahmatullayevaga Sanjar Karimov emas, balki oʻzining oilaviy doʻsti boʻlgan Sanjar Alimov tahdid qilgan va Rahmatullayeva bu haqda aytganida keng omma Sanjar Alimovni Sanjar Karimov deb tushungan.

Sud jarayonida Feruza Rahmatullayevaning ham soʻzi tinglandi. U stenogrammada keltirilgan faktlar yolgʻon ekanligini, faqatgina bosim ostidagina Karimovga yaxshi gapirganini qayd etdi.

Sanjar Alimov Kim?

Tahririyatga kelib tushgan maʼlumotlarga koʻra, Shahzod Rismatovning yaqin tanishi, tutingan akasi Sanjar Alimov Sodiqjonovich IIBning nafaqadagi xodimi. U 2023-yilda Toshkent shahar Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi jinoyatlarni aniqlash yoʻnalishidagi boʻlinmalar korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi oʻta muhim ishlar boʻyicha tezkor vakili podpolkovnik. Hozirda nafaqaga chiqqan. Keyingi sud majlisiga ushbu sobiq IIB xodimi ham chaqirilishi kutilmoqda.

Voqea qanday boʻlgandi?

“Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor va bloger Sanjar Karimov joriy yilning may oyida Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) hamda 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarda)nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mazkur hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati asosida joriy yilning 29-iyun kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudida Sanjar Karimovga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida koʻrish boshlandi. Mazkur sud ishida Karimovni 10 nafar advokat oʻz himoyasiga olgan. Sud majlisi raislik qiluvchi sudya Abdullajon Muhiddinov, maʼruzachi sudya Umidbek Musayev hamda sudlov hayʼati aʼzosi Anvar Dusmurodov tarkibida oʻtmoqda.

Sudya Abdullajon Muhiddinov raisligidagi sudlov hayʼati keyingi sud jarayoni joriy yilning 18-sentyabrga qoldirdi. “Real Sanjik”ning sud jarayonlarini batafsil EFFECT.UZʼda kuzatib boring.

Share:

Related News

“Real Sanjik” adashining kasriga qoldi(mi?) | Effect.uz