⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Society

O’zbekistonda tadbirkorlarga kichik GES qurish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etildi

Administrator1 h ago13 views
O’zbekistonda tadbirkorlarga kichik GES qurish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etildi

Kichik va mikro GES qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga loyiha, uskuna, qurilish va moliyalashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha amaliy ko‘mak taklif etilmoqda.

Bugun, 11-avgust kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “UzHydroPower” zavodida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Islom Abdurahmonov ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda gidroenergetika sohasini rivojlantirish, kichik va mikro GESlar qurilishini kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi “Gidroproyekt” AJ, “Turonbank” mutasaddilari hamda 20 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etgan. Tadbir davomida tadbirkorlarga kichik va mikro GESlar uchun hududlarni tanlash, loyihalashtirish, texnik yechimlarni ishlab chiqish, gidroagregat, turbina va generatorlarni tanlash hamda yetkazib berish, qurilish-montaj ishlarini tashkil etish va obyektni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlar tushuntirildi.

Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, texnik talablar, uskunalarni tanlash va moliyalashtirish masalalari bo‘yicha tadbirkorlarning savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

“Turonbank” vakillari esa imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyatlari, moliyalashtirish shartlari va zarur tartib-taomillar haqida ma’lumot berdi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ xususiy sektor vakillarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni boshlang‘ich bosqichdan to‘liq ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonda tashkiliy, texnik va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot doirasida “UzHydroPower” zavodining ishlab chiqarish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada quvvati 1 kVtdan 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar, turbinalar, generatorlar, suv nasos agregatlari hamda suv omborlari uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi.

Mazkur ishlab chiqarish quvvati kichik va mikro GES loyihalarini mahalliylashtirilgan zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi. Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning taklif va murojaatlari ko‘rib chiqilib, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha amaliy yechimlar belgilandi va mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatilgan.

Share:

Related News

O’zbekistonda tadbirkorlarga kichik GES qurish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etildi | Effect.uz