⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
World

Antaliyada madaniy meros turizmi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Administrator2 h ago2 views
Antaliyada madaniy meros turizmi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Madaniy meros turizmiga bo‘lgan global qiziqish yildan yilga ortib bormoqda. 2025-yilda madaniy meros yo‘nalishidagi turlar umumiy turizm bozorining 55,6 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich tarix, merosni asrash va madaniyatni ulug‘laydigan mazmunli sayohatga talab kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu yo‘nalish kelgusi yillarda ham jadal rivojlanishda davom etadi. Prognozlarga ko‘ra, madaniy meros turizmi bozori 2026-yildagi 647,5 milliard AQSh dollaridan 2033-yilga borib 937 milliard AQSh dollarigacha yetishi mumkin. Bu davrda sohaning yillik o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda Turkiya insoniyatning mushtarak tarixini kashf etishda yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qozonmoqda. Bu yurtda dunyodagi eng qadimiy inson qo‘li bilan yaratilgan monumental majmualardan biri — Go‘beklitepadan tortib, G‘arb sivilizatsiyasining buyuk afsonalariga ilhom bergan Troya shahrigacha bo‘lgan noyob tarixiy meros bilan yaqindan tanishish mumkin.

Turkiya bugun o‘z madaniy boyliklarini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bilan birga, sayyohlar uchun yanada mazmunli va taassurotlarga boy tajriba yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda mamlakat bo‘ylab restavratsiya va konservatsiya loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. So‘nggi tashabbuslar orasida Andriake arxeologik yodgorligi va Likiya sivilizatsiyalari muzeyida olib borilgan tiklash ishlari, shuningdek, Syedra tashrif buyuruvchilar markazining ochilishi alohida o‘rin tutadi.

Keng ko‘lamli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlaridan so‘ng Antaliyaning Demre tumanida, Turk Rivierasining yuragida joylashgan Andriake hamda Likiya sivilizatsiyalari muzeyi yana tashrif buyuruvchilar uchun ochildi. Ayni paytda Antaliyaning eng mashhur dam olish maskanlaridan biri — Alaniyada joylashgan Syedra ham yangi tashrif buyuruvchilar markazi orqali mehmonlarni qabul qila boshladi.

Andriake va Likiya sivilizatsiyalari muzeyi qadimgi Likiyaga yangicha nigoh bilan qarash imkonini beradi

Andriake ellinistik, Rim va Sharqiy Rim davrlarida ham mintaqaning asosiy portlaridan biri sifatida o‘z mavqeini saqlab qolgan. Bugun Andriake tashrif buyuruvchilarga qadimgi Likiyaning boy tarixi va dengizchilik madaniyatini yaqindan his qilish imkonini beradi. Qadimiy bandargohning janubiy qismida joylashgan yaxshi saqlangan xarobalar majmuaning tarixiy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Bu yerda bir vaqtlar shaharga toza suv yetkazib bergan akveduk, Rim davriga oid mahobatli favvora — nimfey, Bandargoh ko‘chasi, ko‘cha bo‘ylab qisman saqlanib qolgan kema boshpanalari hamda Plakoma nomi bilan mashhur agora alohida e’tibor tortadi. Ushbu obidalar Andriakening nafaqat savdo va dengizchilik markazi, balki qadimgi Likiya hayotining muhim madaniy makonlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.

Andriake, shuningdek, Turkiyaning ilk uzoq masofali piyoda yo‘li Likiya bo‘ylab joylashgani bilan ham ahamiyatlidir. Ushbu yo‘nalish Time Out kabi yetakchi xalqaro nashrlar tomonidan dunyoning eng go‘zal piyoda marshrutlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Yaqinda esa The Telegraph nashrining “Yevropadagi eng yaxshi 15 piyoda sayohat yo‘nalishi” ro‘yxatidan ham joy oldi.

Tiklash va obodonlashtirish ishlari doirasida arxeologik hududning tarixiy qiyofasini saqlagan holda, yog‘och to‘sinlar va maydalangan granit toshlardan ekologik toza piyoda yo‘laklari barpo etildi. Bu yo‘laklar tashrif buyuruvchilarga majmuani yanada qulay tomosha qilish, qadimgi Likiya dengizchilik merosini esa chuqurroq his etish imkonini beradi.

Piyoda yo‘lak yakunida, arxeologik hudud ichida joylashgan qadimiy don ombori — Granarium binosida Likiya sivilizatsiyalari muzeyi tashrif buyuruvchilarni kutib oladi. Restavratsiya qilingan ushbu tarixiy inshoot so‘nggi yangilanishlardan so‘ng zamonaviy ko‘rgazma maydonlariga ega muzey sifatida yangi qiyofa kasb etdi.

Muzey ekspozitsiyasida qadimgi Likiya shaharlarida olib borilgan qazishmalar davomida aniqlangan osori-atiqalar namoyish etilmoqda. Haykallar, sarkofaglar, bitiklar, tangalar va boshqa noyob topilmalar zamonaviy ko‘rgazma zallarida joylashtirilib, tashrif buyuruvchilarga Likiya hayoti, madaniyati va san’ati haqida keng tasavvur beradi.

Muzeyning so‘nggi yillardagi eng e’tiborli eksponatlari orasida 2024-yilda Andriakeda topilgan shisha panellar va rozetkalar alohida o‘rin tutadi. Millefiori, ya’ni “ming gul” texnikasi bilan bezatilgan ushbu topilmalar qadimgi Onado‘lida shishasozlik san’ati yuksak darajada rivojlanganidan darak beradi.

Syedrada yangi tashrif buyuruvchilar markazi ish boshladi.

Syedra mahalliy aholi orasida Asartepe nomi bilan tanilgan tepalik cho‘qqisida barpo etilgan bo‘lib, u yerdan O‘rta yer dengizining betakror manzaralari namoyon bo‘ladi. Arxeologik qazishmalar shahar tarixi miloddan avvalgi IX asrga borib taqalishini ko‘rsatadi. Syedraning eng ravnaq topgan davrlari esa Rim va Sharqiy Rim hukmronligi yillariga to‘g‘ri keladi. Bugungi kungacha saqlanib qolgan ko‘plab tarixiy inshootlar ham aynan shu davrlar merosi hisoblanadi.

Ustunli ko‘cha, Katta hammom, Majlis binosi va Suvga cho‘qintirish g‘ori kabi yodgorliklar Syedraning tarixiy qiyofasini ochib beradi. Shu bilan birga, shahar o‘zining hayratlanarli tabiiy manzaralari bilan ham o‘ziga jalb etadi.

Katta hammomdan topilgan mashhur Syedra mozaikasi qadimgi mozaika san’atining noyob namunalaridan biri sanaladi. Unda Geraklning barcha mehnatlari bitta panelda tasvirlangani ushbu topilmaning ilmiy va badiiy ahamiyatini yanada oshiradi.

“Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida Syedrada olib borilgan qazishma va restavratsiya ishlari bilan bir qatorda hududda obodonlashtirish tadbirlari ham amalga oshirildi. Natijada majmua yangi tashrif buyuruvchilar markaziga ega bo‘ldi. Yangilangan qiyofasi bilan Syedra endilikda har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha mehmonlarni qabul qiladi.

Share:

Related News

Antaliyada madaniy meros turizmi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda | Effect.uz